17:15 / 02.08.2018
6 196

Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (25-qism)

Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (25-qism)
— Mayli, men eski lattalarni titishni yomon ko‘raman. Sen ilgari nima ishlar qilgansan, qancha pul topgansan. Buyog‘iminan ishim yo‘q. Hozirgisidan gapira qolaman. Xullas, shu kecha… Yo‘q, ikki soat ichida yuz ming so‘m topib kelib mana shu stol ustiga tashlaysan.

— Nima?.. M-menda buncha pul yo‘q…

— Yo‘g‘-e, «Volga» mingan yigitning gulida yuz ming bo‘lmaydimi?..

— Ishoning, aka, hamma pullarim «oborot»da, axir! Nega ishonmaysiz?..

Ko‘rdimki, bosim o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmayapti. Semenning peshonasini ter bosib, ko‘zlaridan yosh sizib chiqa boshladi.

“Pul bunaqalarning joniday gap-da! — o‘yladim o‘zimcha. — O‘sha jonini sug‘urib olish esa shu tobda mening gardanimda. Bir boyvachcha haromxo‘rdan pul undira olmasam, Tolyanning oldida nima degan odam bo‘laman?..”

— Mayli, — davom etdim bosiqlik bilan. — O‘zingda bo‘lmasa, manavi qiz o‘rtoqlaringdan olarsan! Yo qiz o‘rtoqlaring senga qarz berishmaydimi?

— Bular endi-endi ish boshlashyapti. — dedi Semen qaqshab. — Unaqangi katta pul yo‘q bizlarda! Iltimos, aka, bizga ruxsat bering, ketaylik! Roziman, ikkala uyingizniyam ming so‘mdanga sotib olaman.

— O‘, himmating zo‘r-ku! — kuldim Davidga qarab. — Endi bizga sening ming so‘ming kerakmas. O‘sha pulingga-chi, bir joyingni artgin! Bizga aytilgan pullarni keltirib ber!

— Yo‘q uncha pul menda. — qaysarlik bilan eski gapini takrorladi Semen.

— Yo‘q degin?.. Agar shu ahvolda o‘tiraversang, bo‘yningga tag‘in otning kallasiday qo‘shimcha qarzni ilib qo‘yaman.

Semen javob bermadi. Titragan qo‘llari bilan cho‘ntagidan sigaret chiqarib tutatdi-da, cho‘zib-cho‘zib tortdi.

— Eshitdingmi gaplarini, David? — hamrohimga o‘girilib so‘radim.

— Menga ruxsat ber, og‘ayni, — xirillab Semen tomon talpinib qo‘ydi David. — Bir urib abjag‘ini chiqaray bu kalondimog‘ning!

— David, abjag‘ini chiqarishga ulgurasan. — dedim shishadagi qo‘lbola aroqdan piyolaga to‘ldirib quyib. — Undan ko‘ra, menga ayt, bu bolaning ayol qarindoshlari bormi?

— E, ketvorgan xotini bor. — dedi David jonlanib. — Bir-ikki ko‘rganman. Qomati vo!.. Bratvalarning ko‘zi tushsa bormi… Singlisiyam o‘n oltiga to‘ldi adashmasam.

— Juda bop bo‘pti! — dedim kerishib. So‘ngra piyoladagi aroqni ichib, gazagiga qariya bo‘laklab qo‘ygan quyon go‘shtidan og‘zimga soldim. — Lekin… Bu yigitning guliyam yomon emasga o‘xshaydi. — dedim Davidga yuzlanib. — Qara, do‘mboqqina yigit. Bratvalarga aytsak, avval o‘zini «tramvay»ga qo‘yishardi.

Bu gapim hammasidan o‘tib tushdi. Xojasining nomusini astoydil himoya qilishga otlangan ikki yigit xezlangancha menga yaqinlashishdi. David esa shay turgandi. Epchillik bilan yigitlar qarshisida paydo bo‘lib, birining boshiga to‘pponcha, ikkinchisining tomog‘iga pichoq tiradi.

— O‘tminan o‘ynashmalaring! — ularni ogohlantirdim hech narsa bo‘lmagandek quyon go‘shtini kavshab. — Kuyib qolasanlar! Kuysang, yuzingda bir umr dog‘ qoladi. Ayollar sendan yuz o‘girib ketishadi.

— Hozir bularni… — David lablari asabiy titrab chapdagisining tomog‘iga tig‘ni mahkamroq qadadi. — Oyog‘ini osmondan qilib, chotini yirib tashlash kerak!..

— Endi xotining va singlingga kelsak, — Semenga o‘girilib chala qolgan gapimni davom ettirdim. — Ularniyam bratvalarning qo‘yniga tiqamiz. Ishonaver, o‘sha kuniyoq sen bilan ajrashadi xotining. Negaki, bratvalar senga o‘xshagan hezimkash emas. Singlingni bo‘lsa, xizmatkor qilib olishadi. Har holda ko‘pchilikning ko‘nglini ovlash ham savob, yigitning guli!

— Haqoratning ham chegarasi bo‘ladi-da! — Semenning ovozi battar titrab chiqdi. — Undan ko‘ra, o‘ldirib yubora qolinglar!

— O‘ldirish qochmaydi, yigitning guli! — dedim unga. — Sen o‘lib ketsang, xotining, singling, boshqa qarindoshlaring-chi! Ularni qayerga ko‘mamiz? Go‘riston ham cho‘zma emaski, istagancha joy topaversak.

— Sherigingizga ayting, bizni tinch qo‘ysin! — kutilmaganda boshiga to‘pponcha tiralgan yigit shang‘illadi. — Yo otib tashlasin!

— Sen bola, juda mahmadona ekansan-ku! — dast o‘rnimdan turdim-da, to‘pponchani nari surib yigitning sochini changalladim. — Bu gaping uchun shaxsan sen va manavi mishiqi hamtovog‘ing yigirma ming so‘mdan naqd qo‘limga topshirasanlar.

— Ahmog‘ingiz yo‘q. — bo‘sh kelmadi yigit. — Bizam ko‘cha ko‘rgan bolalarmiz. Xarif emasmiz.

— O‘, shunaqami?

Darhol Davidga ko‘z bilan imo qildim. U qo‘lidagi qurollarni cho‘ntakka joyladi-da, orqasidan kelib yigitlarni bo‘yni aralash tushirdi. Ular oldinma-ketin ihragancha enkayib qolishdi. Ikkinchisi — tepki yigitlarning orqasiga borib tushdi. Ikkovi ham og‘riq zarbiga dosh bera olmay xonani engashgan ko‘yi aylana boshladi.

— Xo‘sh, gapimga endi tushundilaringmi, qariqizlar? — masxarali ohangda savol tashladim yigitlarga. — Senlardan so‘rayapman!

Yigitlar baravariga bosh irg‘ashdi.

— Bu boshqa gap. Ana endi, Semen, sen gapir! Shartim tushunarli bo‘ldimi yoki boshqatdan boshlaymi?

— Meniyam bitta shartim bor. — sal dadillashib tilga kirdi Semen.

— Nima? — bu gapni eshitgan David bir sakrab uning tepasida hozir bo‘ldi. — Qanjiq! Kimga shart qo‘yayotganingni bilasanmi?

— Qo‘y, sharti bo‘lsa, aytsin! — dedim Davidga. — Ayt, yigitning guli! Nima sharting bor?

— Sheriklarimdan pul olmaysiz.

— Nega?

— Ular endi oyoqqa turishyapti.

— Buning menga qizig‘i yo‘q. «Razbor»ga tushgandan keyin orqaga yo‘l qolmaydi. Qolaversa, bular mahmadonalik qilib qo‘yishdi. Mahmadonalarni jinim suymaydi.

— Iltimos, ulardan pul olmang! Mayli, men aytganingizni olib kelaman. Faqat yigitlarni tinch qo‘ying!

— Ular ham aytilgan pullarni olib kelishadi. Kelgusida uchchovingam shaxsan menga ulush berib turasan. Evaziga senlarni begonalardan himoya qilaman. Qani, bo‘l tez! Uyingga qo‘ng‘iroq qil! Xotining aytilgan pullarni olib kelsin! Senlar ham bo‘la qollaring! Mamed og‘a, uyingizda telefon bormi?

— Xotinim pullar qaydaligini bilmaydi. — dedi Semen. — O‘zim borib yarim soat ichida olib kelaman.

— Sen bilan birga David ham boradi.

— Yo‘q, o‘zim borib kelaman. Sheriklarim uchun ham o‘zim pul olib kelaman.

— Sen juda mehribon ustoz ekansan unda. — dedim Semenning yelkasiga qoqib. — Haqiqiy yigitning guli shunday bo‘lishi kerak. To‘g‘rimi, David?..

— Men baribir og‘rinib beraman! — to‘ng‘illab asta o‘rnidan qo‘zg‘aldi Semen.

— Nega endi? — bu gapidan jahlim battar qo‘zg‘ab uning yo‘lini to‘sdim. — Akalaringga-ya?

— Chunki bu pullarni menga Xudo bergan.

— Xudo beradi-yam, oladi-yam! Shuni bilmasmiding?

— Nima, siz Xudomidingiz?

— Yo‘q, albatta. Men o‘sha Xudo bergan pullaringni shilib, bir me’yorga keltirib turadigan odamman. Bor endi gapni ko‘paytirmay! Bilginki, shu bugundan e’tiboran bizning panohimizdasan. Shunisiga shukr qilsang-chi, ahmoq! Xullas, yarim soat kutaman. Pul o‘z oyog‘i bilan kelmasa, boyagi gaplarim esingda bo‘lsin! Faqat mentlarga sotaman deb ovora bo‘lma. O‘zingga jabr qilasan!

— Tushunarli. — dedi Semen chiqib ketayotib. — Menam erkakman!..

* * *
— Erkakmish, — ijirg‘anib kuldi David uning sheriklari jo‘nab ketishgach. — G‘irt xunasaga o‘xshaydi-yu, erkakman deb ko‘kragiga urgani-chi!..

— Boylar shunaqa bo‘lishadi. — uqtirdim Davidga «Xo‘sh, razborni bopladimmi?» deganday kerilib. — Ular kechayu-kunduz tahlika ichida yashashadi. Kechalari uyqusi qochadi. Tushidayam pul o‘g‘irlatib chiqadi. Uni qo‘y, buni qo‘y, endi nima qilamiz?

David mamnunligidan terisiga sig‘may o‘tirgan Mamed og‘aga bir qarab qo‘ygach, soatiga ko‘z tashladi.

— Lekin… Boplading. — yelkamga qo‘l tashladi David javob o‘rniga. — Kutmagan edim… O‘lay agar, bunaqangi ketvorgan razborni yaqin orada ko‘rmagandim. Ishtonini almashtiradi-yov ularing!..

— Shuning uchun ham o‘g‘rimiz, — maqtanib qo‘ydim ko‘ksimga urib. — Bitta boyning yuragini ololmasak nima qilib yuribmiz? Hali shoshma, nasib qilsa, sen bilan bundanam zo‘r ishlarni qilamiz. Baxtimizga Tolyan omon bo‘lsa bas!.. Qo‘y, undan ko‘ra, ayt, nima qilamiz? Qayerga boramiz? Yelenani ko‘rishga olib borasanmi-yo‘qmi?

— Nastyadagi pullarniyam olgandan keyin to‘ppa-to‘g‘ri turmaga jo‘naymiz. — dedi David.

— Nima?.. Men, axir, Yelenani ko‘rib o‘tishim zarur. Uni ko‘rmasam bo‘lmaydi.

— Kerak bo‘lsa, Yelenangning o‘zi turmaga boradi. — David piyoladagi oxirgi chefirni sipqorib o‘rnidan qo‘zg‘aldi. — Bu ishing uchun hali Tolyan seni mukofotlaydi, og‘ayni. Shunday ekan, tezroq ishlarni bitiraylik-da, quyon bo‘laylik!

— Vaqt ham tongga yaqinlashib qoldi-yov! — gapga aralashdi Mamed og‘a. — Kelinglar, ertalabgacha o‘tirib kayf qilinglar! Ketish bo‘lsa qochmas!

— E, qariya, — deya Mamed boboning yelkasiga qoqdi David. — Hali ko‘p kelamiz siznikiga. Turmada nimalar bo‘layotganini faqat Burgut tasavvur qilyapti. Hali biz mentlarga chap berib Nastyanikigayam kirib o‘tishimiz lozim bo‘ladi. O‘zingiz ayting, xursandmisiz?

— Terimga sig‘may ketyapman, bolam. — dedi Mamed bobo ko‘zlariga yosh olib. — Qariganimda qayoqdagi itfe’l boylarga oyoqosti bo‘larmikanman deb o‘ylovdim. Sizlarni Xudoning o‘zi yetkazdi.

Uyoq-buyoqdan gaplashib turginimizcha, Semen kelib aytilgan pullarni qo‘limga topshirdi.

Shundan keyingina biz mashinaga o‘tirdik.

Nastya masalasini hal etib turmaga yetib olishimiz uchun taxminan uch soatcha vaqt zarur edi.

* * *
Mashina serqatnov yo‘l bo‘ylab o‘qdek uchib borardi. Orqa o‘rindiqda o‘tiribman-u, ko‘nglimga qil sig‘maydi. Bir yoqdan Yelenani qidirib topmaganim alam qilar, ikkinchi tarafdan bugun boshimdan kechishi muqarrar bo‘lgan ishlarni o‘ylab ich-etimni yerdim.

Qalbimning tubidan otilib chiqishga chog‘lanayotgan noma’lum hayqiriq esa vujudimni chirmab, asab tomirlarimni zirillatardi.

“Mayli, — derdim xayolan o‘zimni o‘zim tinchlantirib. — Bu dunyoda faqat peshonaga yozilgani bo‘ladi. Buni Xudoyimning o‘zi necha marta menga bildirib qo‘ydi. Kechroq bo‘lsa-da, bu haqiqatni anglaganday bo‘lyapman. Anglamasam, Nastyaga bo‘ri kabi tashlanib, qaytadan nahs botqog‘iga botardim. Nafsimni yenga oldim-ku! O‘zimni ko‘ziga qon to‘lgan buqadek tutmadim-ku!.. Shukr!.. Turmada kutib turgan tahqirlashlar buning oldida nima bo‘pti? Eng asosiysi, tartibli ariston degan nomga xiyonat qilmadim. Tolyandek nomdor o‘g‘rining ishonchini yana bir karra oqlay bildim…

Biroq hayotda so‘zimni berib qo‘yishim ham mumkinmas. Ayniqsa, hozir meni kutib oladigan turma xodimlari qarshisida qaddimni egmasligim shart. Aks holda shuncha qilgan ishlarim bir pulga arzimay qoladi. Mayli, ularning paytavasiga qurt tushsa tushaversin. Chidayman!.. Har qanday azobga toqatim yetadi…”

David meni turma yaqinida qoldirdi-da, shu zahoti ortga qaytdi.

Ana, turmaning «qora yo‘lagi». Ketishim ham shu yo‘lak orqali kechgandi.

Sekin bordim-u, eshikni itardim. Ochildi. Ichkariga qadam qo‘ydim. Bino oldidagi kichik hovlichadan o‘tib asosiy eshikka yaqinlashdim. Eshik lang ochiq edi. Yo‘lakda qo‘lida supurgi, latta, chelak ko‘tarib yurgan ballandadagi aristonlarni ko‘rdim. Xo‘sh, qanday kiray?.. Hoynahoy, asosiy darvoza oldida ofitserlar «qilichini qayrab» turgandir. Nega bu yerni bo‘sh qoldirishdi? Nahotki, aynan shu eshik orqali kirishimga aqllari yetmagan bo‘lsa?..

Yo‘q, uch-to‘rt qadam bosib ulgurmasimdan narigi tarafdan kelayotgan baland bo‘yli, taqa mo‘ylov kapitanga ko‘zim tushdi. Turmaga kelganimdan beri bu kapitanni uch-to‘rt ko‘rganim bor. Hamisha yonida kelishgan, do‘mboqqina mallasoch ayol bo‘lardi. Keyinchalik bildim. Ayol kapitanning xotini ekan…

Kapitanning yonida qo‘lida charm tayoq o‘ynatgancha turma nazoratchilaridan biri ham kelardi.

Ular meni ko‘rishlari bilan taqqa to‘xtashdi.

— Joyingdan jilma, Sharipov!.. — baqirdi kapitan. Turma nazoratchisi esa shu zahoti navbatchilik qismi tomon chopib ketdi.

Men buyruqni so‘zsiz ado etdim. Ikki qo‘limni orqaga qilgancha jim turaverdim.

Kapitan dadil yurib kelib qo‘limni kishanladi. Bu tabiiy hol edi. Lekin bir narsaga tushunmasdim. Odatda mening tutib qo‘ygan ishim hazilakam emas. Turmadan qochgan mahbusni o‘nlab askarlar qo‘llarida qurol bilan «qarshi» olishlari, mahbus turli qiynoqlarga giriftor etilishi, bundan tashqari, muddatiga yana qo‘shib berilishi lozim edi. Nega meni faqat kapitangina qo‘lga oldi? Yo‘q, adashibman. Hali nafas rostlab ulgurmasimdan yo‘lak askar, ofitserlarga to‘ldi. Qandaydir qorindor mayorning buyrug‘i bilan askarlar ikki qo‘ltig‘imdan mahkam qisib iyagimni polga tekkizishdi. Boshqalari tepa-tepa ikki oyog‘imni ikki yonga surib tashlashdi.

Tepamga qo‘limni kishanlagan kapitan kelib sovuq tirjaydi.

— Ha, qahramon, qo‘lga tushdingmi? — baqirdi u go‘yo o‘zini namoyish qilmoqchidek. — Turma enangni uyiday keng bo‘lib qolibdi-da-a senga? Yo bizni izquvar itga yo‘ymoqchi bo‘ldingmi?

— It bo‘lmay kimsan? — askarlarning bosimi ostida xirilladim. — Itdan battarsan!
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (25-qism)