06:30 / 20.08.2018
9 728

Halovat va xotirjamlik – halollikda

Halovat va xotirjamlik – halollikda
Turmush obod bo‘lishining asosiy shartlaridan biri halol kasb bilan shug‘ullanishdir. Barchamizga yaxshi ma’lumki, Islom dini dangasalik, tanballik va boqimandalikni qoralaydi. Turli-tuman qonunan taqiqlangan, shar’an esa harom qilingan egri yo‘llar bilan dunyo orttirishdan qaytaradi. Dinimiz insonni halol kasb-kor qilishga targ‘ib etadi. Dinimiz ta’limotlari kishilarni o‘z shaxsiga, oilasiga, atrof-muhitga va qolaversa, jamiyatga manfaatlar yetkazadigan ziroat, tijorat, sanoat va boshqa xil foydali kasb va mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishga, yerga ishlov berib, zaminni obod qilishga, sanoat, ijodkorlik, fan va texnika sohasida peshqadam bo‘lib, insoniyat tamaddunining rivojiga hissa qo‘shishga chorlaydi. Hatto halol kasb bilan shug‘ullanishni farz darajasiga ko‘taradi. Yoshi ulug‘larimizdan ko‘p eshitganmiz. O‘tgan asrning qirqinchi, elliginchi yillarida xalqning boshiga chunonam qiyinchiliklar tushgan, eshitgan odam “Oh!” deb yuboradi. Lekin o‘sha vaqtlar ham odamlar halol yashashgan. Umumiy, ommaviy sabr-qanoat bo‘lgan. Ocharchilik, qahatchilik, har xil ofatlar tez-tez bo‘lib turgan, ochlik, kasalchilikdan qancha-qancha odamlar o‘lib ketishgan, biroq yalpi talon-toroj bo‘lmagan. Nimaga? Chunki odamlarning insofi, imoni bo‘lgan, qorni och bo‘lsada, ko‘zi to‘q bo‘lgan.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari yozadilar: “Ibodat faqat namozu ro‘zadan iborat emas”. Demak, bir musulmon kishi gazeta ko‘tarib, sotib yuradimi, farrosh bo‘lib ishlaydimi, mol boqadimi, biror yuqori idorada, zavodda ishlaydimi, harbiy va boshqa xizmatlar bilan mashg‘ulmi, mashinasi bilan kirakashlik qiladimi, baribir, niyati to‘g‘ri bo‘lsa, u ibodat qilayotgan bo‘ladi. Xuddi minglab rakat nafl namoz o‘qigan, rosa issiq yoki o‘ta sovuq kunda nafl ro‘za tutgan kishilar qanchalik savob topsa, o‘shanchalik savob topishi ham mumkin bo‘ladi. Mo‘min banda kasb qilib charchasa, farz ibodatini ado etib, uxlab qolsa, uyqusi ham ibodat bo‘lib yozilaveradi. Chunki u ham diniy, ham dunyoviy ibodat bilan band edi.

Inson o‘z yaqin-atrofida tirikchilik qilish imkoni bo‘la turib, notinch joylarga borib yurishi, o‘z Vatanida tijoratmi yo boshqa biror kasb bilanmi shug‘ullanib yashash imkonini tashlab, fahshu zino vabosiga g‘arq bo‘lgan boshqa davlatga ketishi hech durust emas. Ibodatli odam o‘zining, bola-chaqasining rizqini ta’minlashga intilib charchasa, bu qiyinchiligu og‘irchiliklar jannat rohatiga yetishish uchun to‘lov bo‘lib yuzaga chiqadi.

Alloh taolo Qur’oni Karimda mo‘min-musulmon bandalarini halol rizq yeyishga qayta-qayta amr qilgandir. Alloh taolo Baqara surasida marhamat qiladi:

“Ey odamlar! Yer yuzidagi narsalardan halol-poklarini yenglar. Va shaytonning izidan ergashmanglar, chunki u sizlarga ochiq-oydin dushmandir” (168-oyat).

Ushbu oyati Karimada Alloh taolo faqat mo‘minlarni emas, balki barcha odamlarni halol-pok narsalarni yeyishga da’vat qilyapti. Alloh taolo yer yuzidagi bandalari uchun yaratgan noz-ne’matlarining halol-poklaridan yeyishga umumiy ruxsat bermoqda.

Oyati Karimada shaytonning izidan ergashish halol-pok rizqlarni yeyishga zid qilib qo‘yilmoqda. Ya’ni bu “Shaytonning yo‘lida yurganlargina halol-pok yemaydilar”, deganidir. Shayton insonlarga halol yedirmaslik bilan ularni Allohning itoatidan chiqaradi. Shaytonning yetoviga tushib qolgan nodon inson esa halol-haromni farqlamay, naqadar ulkan gunoh qilayotganini o‘zi bilmaydi, hatto his etmaydigan darajaga tushadi. Unga haromni yemaslikni nasihat qilsangiz, “Yesam nima bo‘pti?” deydi.

Musulmon kishi uchun haromdan hazar qilish farzdir. Alloh taolo mo‘min-musulmonlarni harom yo‘l bilan birovning molini yeyishdan qat’iy ravishda qaytargan.

Birovning mol-mulkini harom yo‘l bilan yeyish bu dunyoda turli balo-ofatlarga, oxiratda do‘zax azoblariga sabab bo‘ladi.

Harom narsalarni yegan, ulardan foydalangan kimsalar bu dunyoda sog‘liqlari buzilishi, turli balo-ofatlarga giriftor bo‘lishlari hamda oxiratda ularga o‘ziga yarasha og‘ir jazolar tayin qilinishi muqarrar.

Harom yo‘ldan mol topganlarga ham balo-ofatlarga yo‘liqish, ibodati va duosi qabul bo‘lmasligi kabi ruhiy-ma’naviy jazolar bor.

Halol nima ekanini bilib olib, doimo halolga yetishish uchun harakat qilishimiz kerak. Harom nima ekanini yaxshilab bilib olib, doimo undan hazar qilishimiz lozim.

Bitta mustaqil yurtga birlashgan, Islom ne’matiga musharraf bo‘lgan xalq o‘laroq, har birimiz shu Vatanni obod, farovon qilishda bir-birimizga Alloh yo‘lida to‘g‘ri yordam berishimiz kerak.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Harom bilan o‘sgan jasad do‘zaxga loyiqdir” deganlar. Farzand boqish burchimiz ekan, deb ko‘chadan har ne topganimizni olib kelib yediraversak, halolmi, harommi, birovning haqqimi, farqlamasak, unday farzandlardan yaxshi oqibat kutishimiz ushalmas orzu bo‘lib qolaveradi.

Birovnining haqqini noxaq yeyishga sabab bo‘ladigan holatlar quyidagilardir:

1. Savdoda yolg‘on gapirish. Ro‘zg‘or kamchiliklarini butlash uchun bozorga bordim. Ro‘yxatdagi narsalarni xarid qilayotib, rastaga terib qo‘yilgan bir xil kattalikdagi yirik donali anorlar e’tiborimni tortdi. Yaqinlashganimni ko‘rgan sotuvchi kishi molini maqtashga tushdi: “Oling, uka, juda shirin, dehqonchilik, o‘zimiz yetishtiramiz, bari tuyatish (yirik donali demoqchi) anorlar, ichida bitta ham mayda donaligi yo‘q, biror yeri zahalanmagan”. Men sotuvchi uzatgan anor bilan terib qo‘yganlarini solishtirar ekanman, gapiga ishonganday bo‘ldim.

– Qayerning anori bu, aka?

– Kosonsoyniki, birodar, oling, sifati-yu mazasiga gap yo‘q. Bilsangiz kerak, bizning Kosonsoyda lafz qadrli sanaladi.

Kosonsoyliklar haqiqatan ham diyonatli va halol odamlar ekanini bilganim uchun tasdiqlab bosh irg‘adim-da, “Ikki kilo torting”, dedim. U bo‘lsa: “Uka, hammasini ola qoling, o‘zi uch yarim kilogina qolgan, arzon qilib beraman, puli o‘zingiz bilan ketadi”, deya sannashga tushdi. “Mayli, ko‘proq olsam olibman-da, uydagilar bilan bir anorxo‘rlik qilarkanmiz”, degan o‘y bilan rozi bo‘ldim.

Uyga borgach, anor solingan xaltani ochib, ko‘zlarim katta ochilib ketdi: shuncha anor ichidan atigi ikki donasi yirik donali, qolganlari esa yarmi yeyishga yaroqsiz, buning ustiga mayda donali bo‘lib chiqdi. Aldanganimni tushunib shunday jahlim chiqdiki, bir ko‘nglim ertasigayoq o‘sha sotuvchining oldiga borib janjallashgim keldi. Miyamda esa: “Odamlar qachondan beri bunday bo‘lib qoldi, nega savdoga yolg‘on aralashtiradigan bo‘ldi, nega haromdan hazar qilmay qo‘ydi, nega ko‘pchilik birovning haqqidan tekinmaydigan bo‘lib ketyapti, buning javobidan qo‘rqishmaydimi?” – kabi savollar aylanardi. Shu asnoda birdan haligi anor sotgan odamga achinib ketdim. To‘g‘rida, oilasi, bola-chaqasiga rizq topish g‘amida ne mashaqqat bilan yetishtirgan mahsulotini shuncha yo‘ldan poytaxtga olib kelib, musofirchilikda qiynalib sotsa-yu, uyiga harom aralashgan pul va bir dunyo gunoh orqalab qaytsa. Luqmasiga harom aralashgan farzandlari ulg‘ayganda kim bo‘ladi?!

O‘zi orzu qilgandek odam bo‘lishadimi? Yo‘q, albatta! Ular ham nari borsa birovning haqqidan qo‘rqmaydigan va eng yomoni, ota-ona roziligini topishga rag‘bat qilmaydigan kimsalar bo‘ladi. Chunki Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): “Harom yeb o‘sgan vujud jannatga kirmaydi”, deganlar. Balki bu hadisda harom yeganlarning solih amallar qila olmasligi nazarda tutilgandir? Xalqimizda ham bunday odamlar haqida “zuvalasi chatoq” degan ibora yuradi. Unda… bu ketishda bizdan Buxoriylar, Marg‘inoniylar, Kosoniylar, Farg‘oniylar yana qachon yetishib chiqadi?! Odamga eng alam qiladigani ham ana shu, aslida.

To‘g‘ri, besh qo‘l barobar emas, oramizda birovning haqqidan hazar qiladigan halol insonlar bor va ular haligiday qing‘ir qiliqlilardan ko‘ra ko‘pchilikni tashkil qiladi. Biroq birniki mingga, mingniki tumanga degan gaplar ham yo‘q emas. Xullas, ana shular haqida o‘ylar ekanman, Xoja Ahmad Yassaviyning bayti yodimga tushadi: “Kishi molini yema, sirot uzra tutaro!”

2. Sudxo‘rlik. Islom dini molni tijorat yo‘li bilan ko‘paytirishga ijozat beradi. Ammo molni sudxo‘rlik yo‘li bilan ko‘paytirmokchi bo‘lganlarni qattiq qoraladi va sudxo‘rlikning ozini ham, ko‘pini ham harom qildi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ham sudxo‘rga urush e’lon qildilar va dedilar: «Biror qishlokda sudxo‘rlik va zinokorlik avj olsa, o‘zlariga Allohning azobini halol qilgan bo‘ladilar” (Hokim rivoyati).

Islomda sudxo‘rlikning harom qilinishiga bir necha sabab ko‘rsatiladi:

1. Sudxo‘rlikka ishonib qolish boshqa kasb bilan shug‘ullanishga beparvo qilib qo‘yadi. maishat uchun pul topish yo‘llarini qidirish, ilm-hunar orqali halol mehnat kilib, elga manfaat yetkazish fikridan qaytaradi. Holbuki, olamning go‘zalligi tijorat, kasb-hunar, ishlab chiqarish va kurilish bilandir. Sudxo‘r bularning birortasiga ham e’tibor bermaydi va tekinxo‘rlikka odatlanadi.

2. Sudxo‘rlik sababli qarz berish, kishi ehtiyojini qondirish, ehson va sadaqalar berish, ya’ni insonlarning bir-birlariga xolis yaxshilik qilishidek amallar to‘xtaydi, yaxshilikdan manfaat ustun ko‘yiladi.

3. Odatda, qarz beruvchi boy, qarz oluvchi qambag‘al bo‘ladi. Sudxo‘r kambag‘alga rahm-shafqat ko‘rsatish o‘rniga, bergan qarzi bilan birga uning o‘zi muhtoj bo‘lib turgan ortiqcha molini ham tortib oladi. Ko‘rinib turibdiki, sudxo‘rlikda boyning boyligi ortadi, kambag‘al boridan ayriladi, natijada, insonlar o‘rtasida adovat paydo bo‘ladi. Bundan buzg‘unchilik, tajovuzkorlik, o‘g‘rilik va xunrezlik kelib chiqadi.

4. Poraxo‘rlik. Pora muomalasi deyarli barcha davlatlarda jinoyat hisoblanib, korrupsiya degan umumiy nom bilan yuritiladi. Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) poradan qattiq qaytarganlar: “Pora beruvchi ham, oluvchi ham, o‘rtada turuvchi ham, jahannamga tashlanadi”.

Pora savdosida qatnashadiganlarning hammasi bola-chaqasini shuning evaziga boqadi: poradan qornini to‘yg‘izadi, poradan kiyim kiyadi, porani biror joyiga yashirib ko‘tarib yuradi, lekin bu ko‘tarib yurgani do‘zaxga chipta bo‘lishini o‘ylab ham ko‘rmaydi.

Islom dini musulmonlarga porani bekorga harom qilmagan, pora olishda ishtirok qiladiganlarga bekorga jazo tayin qilinmagan. Zero, poraxo‘rlik natijasida fasod va zulmkorlik avj oladi, nohaq hukmlar qilinadi, haqiqatga hukm qilish to‘xtaydi, keyinroq bo‘lishi kerak narsa oldinga o‘tadi, oldinroq bo‘lishi kerak narsa keyinroqqa suriladi, ya’ni bo‘lishi kerak bo‘lgan vojib to‘xtab, manfaat ustun qo‘yiladi.

Farzandlarimizni halol yedirib, halol o‘stiraylik. Ularning qalbiga Vatan, millat sevgisini joylab, ongiga ota-bobolarimiz amal qilgan dinimiz qadriyatlarini singdirib borishimiz ustuvor vazifamizdir. Farzandlarimiz halol kasb qiladigan, qanoatli, noshukrlikdan yiroq, ajdodlar yuzini doim yorug‘ qiladigan, hech kimdan kam bo‘lmaydigan olijanob farzandlar bo‘lib yetishuvlari to‘g‘risida qayg‘uraylik. Shaqiq ibn Ibrohim (rahmatullohi alayh) quyidagi fikrlarni bayon qilganlar: “Agar banda mo‘min bo‘lib, hayoti tinchlikda ekan, unda dunyo va oxiratning katta ne’matlari jam bo‘libdi. Chunki dunyoning eng katta ne’mati tinchlik bo‘lsa, oxiratniki Islomdir”.
Odiljon Narzullayev
Zangiota tumani “Imomi A’zam”
jome masjidi imom-xatibi

Manba: Fitrat.uz


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Halovat va xotirjamlik – halollikda