Zaharli ilonlar malikasi: xitoylik qiz 60 mingdan ziyod ilon boqmoqda

Xitoyda 29 yoshli qiz 60 mingdan ziyod zaharli ilon parvarishlab, yiliga 147 000 dollar daromad qilmoqda. Bu haqda South China Morning Post maʼlum qildi.
Maʼlumotlarga koʻra, Sin 1995 yilda Guansining Guilin shahrida tugʻilgan. U oliy taʼlimni tugatganidan ikki yil oʻtib, otasiga ilon parvarishlashda koʻmaklashish uchun oʻz qishlogʻiga qaytgan.
Ayni vaqtda u 60 mingdan ortiq sudralib yuruvchi jonivorni parvarish qilmoqda. Ularning 50 mingdan koʻprogʻi oʻta zaharli qalqonboshlilar turiga mansub “besh qadamli” ilonlar boʻlsa, qariyb 10 mingtasi kobralardir. Sinning taʼkidlashicha, otasi bu mashgʻulotni xavfli deb hisoblab, avval qizining ushbu sohaga kirishiga qarshi boʻlgan. Biroq ferma kengaygach va otasi yakka oʻzi uddalay olmaganidan soʻng, qiz yordam berishga qaror qilgan.
“Besh qadamli” ilonlarga tayyor ozuqa beriladi, ammo ular bilan bevosita muloqot qilish hamon katta xavf tugʻdiradi. “Bunday ilonlardan juda qoʻrqmayman. Otam men tugʻilmasimdan avval ham ularni parvarish qilgan”, deydi Sin.
Sinning tushuntirishicha, quritilgan ilon, ilon oʻti va ilon yogʻi anʼanaviy tabobatda keng qoʻllaniladi. Ulardan olinadigan zahar esa tibbiy izlanishlarda ishlatiladi. Hozirda har bir “besh qadamli” ilondan oyiga ikki marta zahar olish imkoni bor.

Zaharning bir grammi sifatiga qarab 40 yuandan 200 yuangacha (6–30 dollar) sotiladi. Ilon goʻshtining har biri 200–300 yuan atrofida boʻlsa, yiriklari 1000 yuandan (taxminan 150 dollar) yuqori baholanadi.
Ishchi kuchi va boshqa xarajatlar chiqarib tashlansa, ushbu biznes yiliga bir million yuandan ortiq foyda keltirishi mumkin. Sin oʻz tajribasi va ilon parvarishi boʻyicha maslahatlarini “Ilon zahri yigʻuvchi qiz” nomi ostida ijtimoiy tarmoqlarda boʻlishib keladi. Uning sahifasini 22 mingdan ziyod foydalanuvchi kuzatadi.
“Agar ilon boquvchi sizga chaqishdan qoʻrqmasligini aytsa, buning yagona sababi bor: uni hech qachon ilon chaqmagan. Ayniqsa, ‘besh qadamli’ ilon chaqqanida kuchli ogʻriq paydo boʻladi. Bir marta buni his qilsangiz, uni uzoq vaqt, hatto umr boʻyi eslab yurasiz. Ilon qoʻlingizni chaqsa, faqat shu joy ogʻriydi deb oʻylash mumkin, ammo aslida bilak, yelka va hatto tananing yarmigacha ogʻriq tarqalishi mumkin”, deydi Sin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!