14:22 / 05.09.2018
7 635

Nomahram... (8-qism)

Nomahram... (8-qism)
Matnazar bolalar uyi darvozasidan ichkariga qadam qoʻydi-yu, hovlida yakka oʻzi oʻynab yurgan Mardonga koʻzi tushib qoʻrqib ketdi. Uning kiyimlari anchagina kirlangan, oyogʻidagi shippagi yirtilgan. Ranglari sargʻayib qolgandi.

— Senga nima boʻldi, ukajon? — ukasini bagʻriga bosarkan, sal boʻlmasa yigʻlab yuborayozdi Matnazar. — Kim seni bu ahvolga soldi? Men emasmi? Oʻsha qanjiqning gapiga kirib seni xor qilib qoʻydimmi?.. Ayt, bu yerdagilar yaxshi qarashmas ekanmi-a? Nega indamaysan? Gapirsang-chi!

— Meni olib keting, aka! — ohista pichirladi Mardon yotoqxona tomonga qoʻrqa-pisa qarab olgach. — Bu yer yomon ekan. Olib keting!..

— Albatta, olib ketaman. Qoʻrqma, shu bugunoq olib ketaman seni!.. Qani, tarbiyachilaringga uchrashaylik-chi!..

Matnazar ukasini yetaklab ichkariga kirdi. Kiraverishda semizdan kelgan bir ayol skanvord yechib oʻtirgan ekan. Birpas indamay turdi. Ayol hadeganda boshini koʻtarvermagach, asta yoʻtalib qoʻydi.

— Keling, xizmat?! — nihoyat qoʻlidagi ruchkani bir chekkaga qoʻyib oʻrnidan qoʻzgʻaldi ayol. — Mardonning akasisiz-a, adashmasam?

— Ha, men uni olib ketmoqchiman, — dedi Matnazar jahldan zoʻrgʻa oʻzini tiyib.

— Butunlaymi?

— Ha.

— Bu mumkin emas. Siz bolani bizning qoʻlimizga topshirgansiz. Endi maktabni tugatib balogʻat yoshiga yetmaguncha hech qayerga olib ketolmaysiz.

— Maktabni bitirguncha oʻlib qoladi bu bola. Qarang, rangini!..

— Bu yerdagi bolalarning hammasi shunaqa. Ota-onalarini, yaqinlarini sogʻinishadi. Ukangiz ham koʻnikib ketadi. Xavotir olmang!..

— Yoʻq, bunaqasi ketmaydi. Men uni olib ketaman dedimmi, olib ketaman.

— Unda direktorimizga uchrashing! Oʻsha kishi hal qiladi…

Matnazar bolalar uyida kech shomga qadar qolib ketdi. Shunga yarasha direktorni koʻndirdi. Mardon u bilan ketadigan boʻldi…

Chiqib ketishayotganda oynadan moʻltiragancha qarab turgan Marhamatning oʻgʻliga koʻzi tushdi. Toʻxtadi. Bir muddat termulib turdi. Nimadir demoqchi ham boʻldi. Ammo… Bolaga yaqin borib battar alam oʻtida yonmaslik uchun tez-tez yurib koʻchaga, avtobus bekatiga yoʻl oldi…

* * *

Qulmatning ogʻzi qulogʻida edi. Marhamat ochiqchasiga oʻziniki boʻlganini eslagani sayin kulgisi qistar, Matnazarning ahmoqligini koʻz oldiga keltirib mazza qilardi.

— “Bu hali kam, — oʻylardi u Hamida yashayotgan hovli tomon yaqinlashib. Bunaqangi lattalarni ezib, suvini chiqarvorish kerak. Oʻshanda koʻzi ochilib, oq-qorani taniydi, pul topishni oʻrganadi. Qaynotasi toʻgʻri gapni aytdi. Ezaverish, ezaverish kerak. Ammo oʻsha qari tulkiyam ja haddidan oshyapti. Shuncha ishni qilib berdim. Vaʼda qilgan yuz dollarini bergisi yoʻq, shekilli? Bunaqasi ketmaydi. Qulmat bilan hazillashmasin. Kuyovini boshi berk koʻchaga olib kirib berdimmi, soʻzimning ustidan chiqdimmi, choʻzib qoʻysin…”

U Matnazarning hovlisiga yetganda, koʻchaning ikki tomoniga qarab oldi-da, ichkariga qadam qoʻydi.

Hovlida Botir doʻkondor nevarasini oʻynatish bilan band, Hamida oʻchoq boshida kuymalanardi…

Qulmat Hamidani ilgari koʻp koʻrgan. Biroq hozirgi koʻrinishi…

Toʻlishibdi.

— “Choʻloq boʻlsayam, yaxshigina boʻp qopti-ku, — xayolidan oʻtkazdi u. — Qomatini qara!.. Obbo, Matnazar tushmagur-yey, shunday xotining boʻla turib, qayoqdagi suyuqoyoqqa ilakishib yursang!.. Mana koʻrasan, shu choʻlogʻing ham mening nogʻoramga oʻynaydi hali. Boʻsh-bayov erkakning ahvoli shu. Borini boy berib yuraveradi”.

— E, keling, mulla Qulmat! — nevarasini soʻriga yotqizib, unga peshvoz chiqdi Botir doʻkondor. — Hozir oʻylab turgandim-a! Qani, oʻtiring!

— Siz ham eson-omon bormisiz? — piching aralash gap boshladi Qulmat. — Sira topolmasam kerak, deb oʻylagandim.

— Nimalar deyapsiz? Biz qochib ketadiganlardan emasmiz. Vaʼda berdikmi, bajaramiz. Qizim, choy-poy opkelgin mehmonga!..

Qulmat qoʻlida choynak bilan kelib salom bergan Hamidaga yer ostidan tikilib qaradi. Shu tobda uning nogiron oyoq-qoʻllari koʻziga koʻrinmas, faqat boʻliqqina gavdasiga, shoyi koʻylagini turtib turgan siynalariga suq bilan tikilardi.

— Xush kepsiz! — uning xayolini boʻldi Hamida. — Yaxshi keldingizmi?

— Rahmat… Siz ham yaxshi oʻtiribsizmi?.. Qiyinchiliklar boʻlsa, aytavering, biz xizmatda.

— Yoʻq, dadasi xabar olib turibdi.

— Oʻshani tilingga olma! — qizini jerkib berdi Botir doʻkondor. — Oʻshanaqa xotinbozga sendaqalar hayf!.. Oti oʻchsin!.. Mana, men Qulmatjonni atayin yollaganman. Xudo xohlasa, u yaramasni shunday balolarga yoʻliqtirsinki, bir kun kelib oyoqlaringni oʻpib kechirim soʻrasin. Dadasi emish! He oʻrgildim, unaqa dadalardan!..

Qulmatning qulogʻiga bu gaplar umuman kirmadi. Doʻkondordan pulni oldi-yu, ortga qaytdi. Shu kecha, albatta, Hamidaning yoniga kirishi, koʻngliga qoʻl solib koʻrishi shart edi.

* * *

— Hamidaxo-on!.. — Qulmat dala tarafdan hovliga kirib kelib, chirogʻi oʻchirilgan xona derazasidan ichkariga moʻraladi. — “Bu ayol bir oʻzi yotishga qoʻrqmasmikan? Yo mening kelishimni oʻziyam kutib yotibdimikan? Boshqa kunlari chirogʻi yoniq turardi. Yonida kimdir sherik boʻlib yotardi. Bugun negadir chirogʻini oʻchirib olibdi”, — koʻnglidan oʻtkazdi Qulmat. — Hov, Hamidaxon, uxlamadingizmi?..

Ikkinchi marta chaqirganidan keyin ham chiroq yonmadi, lekin eshik zulfi sugʻurilganday boʻldi. — “Oh, — kaftlarini bir-biriga ishqalab qoʻydi Qulmat. — Xudo beraman desa, shu-da!.. Bugun endi choʻloqxon bilan bir maishat qilish yozilgan ekan. Ishqilib, omadim kelaversin!.. Nasib boʻlsa, bu oyimchani bir dodlatay!..”

Qulmat xayolini yigʻishtirib ulgurmadi. Boshini koʻtarib ne koʻz bilan koʻrsinki, roʻparasida Matnazar turardi.

— Ha, erkak, Hamidada nima ishing bor? — soʻradi u sir boy bermaslikka harakat qilib. — Yo Marhamat kamlik qilib qoldimi?..

Qulmat tezda oʻzini oʻnglab, Matnazarga yaqinroq bordi.

— Sekinroq, oshna, devorniyam qulogʻi bor!..

— Qulogʻi boʻlsa menga nima? Mening odamlardan yashiradigan sirim yoʻq. Xoʻsh, nega kelding? Nima ishing bor?

— Ha, endi… Sen uyda yoʻq ekansan… Shunga… Qaynotang bulardan birrov xabar olib qoʻyarsiz, deb tayinlagandi.

— Shunaqami? Qaynotam bilan ham til topishib oldingmi? Obbo, sen-yey!.. Qaynotamning qoʻshmachiligini bilmagan ekanman.

— Ogʻzingga qarab gapir! — kutilmaganda Matnazarning yoqasidan oldi Qulmat. — Sening choʻloq xotiningga zor emasman. Undan koʻra…

— Nima?.. — Matnazar bir zarb bilan Qulmatning qoʻllarini yoqasidan olib tashladi va ikki qulogʻini mahkam changallab oldi. — Qani, yur, qimorxonaga boramiz! Qarshilik qilsang, sharmandangni chiqaraman.

— Meni qimorxonada qiladigan ishim yoʻq.

— Mening ishim bor. Ikkalamiz hisob-kitob qilib olishimiz kerak, yur, xunasa!..

* * *

Shu kecha qimorxona melisa bosgani sabab yopilgan, ichkarida faqat uy egasigina qolgan edi.

Matnazar Qulmatni itara-itara hovliga olib kirdi-da, darvozani ichidan tambaladi.

— Xoʻsh, nima deysan? — qoʻrqqan oldin musht koʻtarar, deganlaridek, birinchi boʻlib Qulmat boʻynini choʻzdi. — Erkak boʻlib biror ish qoʻlingdan keladimi oʻzi?

— Koʻrsatib qoʻyaymi? — qoʻllarini musht qildi Matnazar. — Mana, senga boʻlmasa!..

Kutilmaganda basharasiga kelib tushgan mushtdan Qulmat bir qalqib ketdi.

— Shumi bor kuching? — sovuq tirjaydi u urishga xezlanib. — Endi menikiniyam bir koʻr-chi!..

Matnazar koʻrdiki, u choʻntagidan pichoq chiqardi. Agar oldini olmasa, tushirib qolishi tayin. Shu sababli kuch bilan qorniga tepib yubordi. Engashib qolgan Qulmatning qoʻllarini qayirib qoʻlidagi pichogʻini tortib oldi va… tomogʻiga sanchdi.

— Mana bu Marhamat uchun!.. Mana bunisi sotqinliging uchun!..

Tigʻ bir necha oʻn marta badaniga sanchilgach, Qulmat xirillashgagina ulgurdi.

Uy egasi esa bir burchakka biqinib olgancha dir-dir titrardi…

* * *

— Matnazar oʻrtogʻini pichoqlab qoʻyibdi!..

Hamida oqsoqolning oʻgʻlidan bu gaplarni eshitdi-yu, turgan yerida tosh qotdi. Na qimirlashni, na bigʻillab yigʻlayotgan qizchasini qoʻliga olishni bildi. Oradan qanchadir vaqt oʻtib, Botir doʻkondor hovliga chopib kelmagunicha shu koʻyi turaverdi.

— Oʻzingni qoʻlga ol! — baqirdi doʻkondor uni siltab. — Mana… Hozir… Suv olib kelay… Ma, ichib ol-chi!.. Yaxshi… Menga qara, baqir-chaqir qilma!.. Ovozingni chiqarma!.. Koʻrdingmi, eringning qanaqaligini?.. Endi mening gaplarimga ishongandirsan?.. Qanaqaligi endi bilinib qoldi-ku!.. Yur, men senlarni opketmasam boʻlmaydi! Hali zamon melisa bosadi bu kasofat uyni, yura qol! Qizingni qoʻlingga ol, boʻl tez!..

— Men hech qayoqqa ketmayman, — dedi Hamida devorga suyangan koʻyi boshini orqaga tashlab. — Peshanamga yozilganini koʻraman. Agar oʻlish yozilgan boʻlsa, ungayam roziman. Ammo bu uyni tashlab ketmayman.

— Ahmoq qiz, butunlay tashlab ket deyayotganim yoʻq-ku!.. Ering odam oʻldirgan. Sal bosdi-bosdi boʻlguncha oʻzimizning uyda turasan. Sud tugasin, qaytib kelaverasan!

Ota haq edi. Hamida bir oʻzi yolgʻiz qolishi mumkin emas. Qolaversa, Qulmatga oʻxshaganlar ozmi qishloqda…

Hamida birpas oʻylanib turgach, qoʻliga bolasini oldi — yu, otasining ortidan ergashdi…
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nomahram... (8-qism)