23:37 / 07.09.2018
7 649

Nomahram... (13-qism)

Nomahram... (13-qism)
Matnazar erta tongda hech gap boʻlmaganday qimorxonaga keldi-da, oʻzini karavotga tashladi. Haqiqatan charchagandi. Yostiqqa bosh qoʻyishi bilan koʻzi ilinibdi. Hovlidan kelayotgan ayol kishining ovozi uni uygʻotib yubordi. Ovoz egasi negadir tanishdek tuyulib, ohista derazadan qaradi. Qaradi-yu, tishlari gʻijirlab, koʻzlari qisildi. Hovlida Marhamat turar, Sariboy unga nimalarnidir berilib tushuntirardi.

— Sariboy, ayolga ayt, kirsin! — deya qichqirdi Matnazar derazaning bir qanotini ochib.

Unga koʻzi tushgan Marhamat Sariboyga ham quloq tutib oʻtirmay, ichkariga qarab chopdi.

— Xoʻsh, nega kelding? — sovuqqonlik bilan soʻradi Matnazar qarshisidagi yoshi ancha ulgʻaygan, sochlari oqarib ketgan, yuzlarini xiyol ajin bosgan Marhamatga qaramaslikka intilib.

— Sizni qidirib keldim..

— Nimaga? Sen bilan oramiz ochiq edi, shekilli?

— Toʻgʻri. Men oʻshanda ahmoqlik qildim. Tuzligʻingizga tupurdim. Ammo…

— Nima ammo? Endi-endi afsus cheka boshladingmi?

— Oʻsha paytdayoq boʻlganimcha boʻlganman, — Marhamat beixtiyor koʻziga yosh oldi. — Boshimdan qanday kunlar oʻtganini bilsangiz edi.

— Seni deb men qanday balolarga giriftor boʻlganimni bilasanmi?

— Bilaman. Oldingizda aybdorman. Kechiring!

— Uzrni mendanmas, Xudodan soʻra! Oʻgʻling qani?

— Oʻgʻlim… Uni mashina urib ketgan.

— Nima? Qachon? Qanday qilib?

— Mening kasofatimga qoldi. Enangiz rahmatlining yonida boʻsh joy bor ekan. Oʻsha yerga koʻmganman.

— Enamning yoniga? Nima uchun?

— Hech boʻlmasa, shu bahonada qishlogʻingizga kelib turay, shu bahona siz yurgan yoʻllarni koʻray, deb.

— Toʻxta, toʻxta! — Matnazar shu lahzalarda ilon voqeasini esladi. Ha, xuddi oʻsha yerda edi. Hozir oʻsha voqeani Marhamatga aytmoqchi boʻldi. Biroq, aytmadi. Koʻrib turibdi. Qilgan gunohlari evaziga shundoq ham jazosini olibdi.

— Mendan nima istaysan? — soʻradi u gapni qisqaroq qilish niyatida. — Biror iltimosing bormidi?

Marhamat Matnazarga tikilib qaradi.

— Siz… Meni yomon koʻrasizmi?

— Nima, yaxshi koʻraymi?

— Axir, siz bilan begona emasmiz!

— Yoʻq, begonamiz. Endi ortiq meni bezovta qilma! Tirikchiligingni qil!

— M-men qiynalib ketdim.

— Nimadan qiynalding? Puldanmi?

— Siz… Tushunmaysiz. Baribir tushunmaysiz, — Marhamat shu gaplarni aytib keskin orqasiga burildi-da, yugurganicha tashqariga chiqib ketdi.

* * *

— Pismiq, hoy Pismiq! — Marhamat chiqib ketishi bilan qichqirdi Matnazar egniga shosha-pisha koʻylagini ilib.

— Ha, aka, nima gap? — ichkarida koʻz ochib-yumguncha Pismiq hozir boʻldi.

— Yur, hozir kelib ketgan ayolning orqasidan kuzatib boramiz! Koʻnglim gʻash. Bu ayolda bir gap borga oʻxshayapti.

— Mashinani yurgʻazaymi?

— Ha, Sarimsoqniyam chaqir, uchchalamiz boramiz!

— Aka, u ayol “Jiguli”da kelgandi, — dedi Sariboy deraza oynasidan boshini ichkariga suqib. — Hozirgina joʻnab ketishdi.

— Haydovchisini tanimadingmi?

— Yoʻq, koʻrinishidan bu yerlikka oʻxshamadi.

— Boʻpti, sen uydan qimirlama! Biz tez qaytamiz.

Mashina yeldek uchib ketdi. Taxminan oʻn chaqirimlar yoʻl bosishgach, Sariboy taʼriflagan mashina koʻrindi.

— Ana shu mashina, — dedi Matnazar. — Koʻrdilaringmi, ichkarida faqat oʻsha ayol oʻtiribdi.

— Kim oʻzi bu ayol? — soʻradi Pismiq. — Nima maqsadda kepti?

— U ayol bilan oʻrtamizda hisob-kitoblarimiz bor. Hozir gap bundayammas. Biz uning orqasidan kuzatib boraveramiz. Qani, qayerda turadi, kim bilan turadi, nima ish qiladi, bilib olamiz.

Shu koʻyi “Jiguli” bilan orqama-orqa boraverishdi. Qishloqlar ortda qoldi. Boshqa viloyat hududiga kirib borishdi. Nihoyat ular kuzatib kelayotgan mashina birinchi qishloq koʻchasi tomon burildi.

— Sekinroq hayda! — tinimsiz Pismiqqa eslatib borardi Matnazar. — Sezib qolishmasin. Ana, birinchi darvozada toʻxtashdi. Toʻxtat mashinani!

Pismiq mashinani yoʻl chetiga toʻxtatdi. Matnazar esa hamon Marhamatning harakatlarini kuzatish bilan band edi.

Avval u, ketidan haydovchi tushib, ichkariga kirib ketishgach, Matnazar qaytadan mashinani yurgʻazishga buyurdi. Ular sekin yurib kelib, oʻsha hovli roʻparasida toʻxtashdi-da, oldinma-ketin ostona hatlab ichkariga qadam qoʻyishdi. Hovli anchayin koʻrimsiz, tor edi. Chapda ikkita xona, oʻngda ham ikkita. Lekin faqat chapdagi xonalardan birigina ochiq turibdi. Matnazar ehtiyotkorlik bilan xona ichiga razm soldi. Chamasi, bu yerda yana qandaydir qizlar borga oʻxshab tuyuldi.

— Qani, kiraylik-chi! — sheriklariga qoʻli bilan ishora qildi Matnazar. — Menimcha, zoʻr yerga kep qoldik!

Uchchovi ham dabdurustdan xona ichiga kirib borishganda, dahshatli manzara namoyon edi. Toʻrda haydovchi begona bir qizni quchoqlab oʻtirar, chapdagi temir karavotda esa Mardon Marhamatni tizzasiga oʻtqazib olgancha erkalash bilan ovora edi. Uni koʻrib Matnazarning esxonasi chiqib ketayozdi. Bir muddat kalovlanib nima qilishni bilmay tosh qotib qoldi. Bu orada Marhamat shoshib Mardonning tizzasidan turdi-da, burchakka qisildi. Mardon esa na turishni, na gapirishni bilar, oʻtirgan yerida tosh qotgandi.

— Biz bevaqt kep qoldik, shekilli? — Mardondan koʻz uzmay soʻz qotdi Matnazar. — Maishatning beliga tepdik-a? Nega jim boʻp qoldilaring? Davom ettiraver maishatingni! Biz tomosha qilamiz!

Shu tobda Mardon beixtiyor oʻrnidan turdi-da, orqaga tislanib borib qoʻliga deraza tokchasidagi yogʻ bosgan kapgirni oldi.

— Agar yaqinlashsangiz, oʻldiraman!

— Nima? Oʻldirasan? Voy, koʻrnamak-yey! Qaysi gunohim uchun? Sarimsoq, ushlab qoʻl-oyogʻini bogʻla!

Sarimsoq bir zarb bilan Mardonni yerga qulatdi-da, aytilganidek, qoʻl-oyogʻini bogʻlab Matnazarning oyoqlari ostiga sudrab keldi.

— Xoʻsh, uka, bu yerda nima qilyapsan?

— Men Marhamatni sevaman! — yotgan yerida xirilladi Mardon. — Unga tegishga haqqing yoʻq! Sevaman?

Matnazar toʻsatdan xoxolab kulib yubordi.

— Vey, bu ayolning kimligini bilasanmi? Kimlarning qoʻyniga kirgan, xabaring bormi?

— Ishing boʻlmasin! Avval oʻzingga boq!

— Voy, iflos, — Matnazar engashib Mardonning tomogʻini changalladi. — Doʻkonni oʻmarib ketganing, Botir doʻkondorga meni sotganing yetmay, endi xiyonat ham qilib yuribsanmi? Demak, qoʻynimda ilon saqlagan ekanman-da! Yoʻq, sendaylarga shafqat yoʻq. Avval indamagandim. Endi kechirib boʻpman! Qani, Pismiq, Sarimsoq, hammalarini mashinaga ortinglar! Uyda gaplashamiz!

— Bormasak-chi! — kutilmaganda haydovchi choʻntagidan pichoq chiqarib Matnazarga oʻqtaldi. — Ja oʻzingga erk beraverma, xunasa!

— Nima? Xunasa deganday boʻldingmi? — Matnazar qoʻynidan yashin tezligida toʻpponcha chiqardi-da, haydovchining oyogʻiga qarab oʻq uzdi.

— Ih-h! Yeding-ku! — Haydovchi polga chalqancha qulab tipirchilay boshladi. Oyogʻidan otilib chiqqan qon aʼzoyi badaniga chaplanib ketdi. Toʻpponchaga ovoz pasaytirgich oʻrnatilgani sababli tashqariga eshitilmasdi. Ana shu harakatgina barchalarining popugini pasaytirdi shekilli, qancha qiynab sudrashmasin, “gʻiq” degan tovush chiqara olishmadi.

* * *

— Xoʻsh, bularni nima qilamiz? — barchalarini uy ichkarisiga olib kirib, darvozani mahkamlab kelgach soʻradi Pismiq.

— Anovi erkak bilan qizni… Esingdami, ikki paykal naridan anhor oqib oʻtgan. Juda ovloq yer?

— Ha, bilaman.

— Oʻsha yerga oborib tinchitlaring! Lekin bilib qoʻy, birorta xitlanib yurmasin! Tinchitgandan keyin anhorga irgʻitib yuboraveringlar! Qolganlarini oʻzimga qoʻyib ber!

Pismiq erkak va qizni mashina yukxonasiga ortib hovlidan chiqib ketgach, Matnazar omborxonaga kirib, chirogʻini yoqdi. Mardon oʻzicha tipirchilab qoʻl-oyogʻi bogʻlangan arqonni uzishga urinar, Marhamat boʻlsa, indamaygina shiftga termilganicha sukut saqlardi.

— Ha, oʻynashlar, — ikkovini ham ketma-ket oyogʻi bilan turtdi Matnazar. — Qara, oʻynashishga juda qulay joy bu yer. Hech kim xalal bermaydi. Chiroqni oʻchirsang kifoya. Xoʻsh, arqonlarni boʻshataymi, mening oldimda bir oʻynashasizlarmi? Ajabmas, menam sizlardan qanday oʻynashishni oʻrganib olsam-a?

Hech qaysisidan sado chiqmagach, Matnazar ukasini kuch bilan tepdi.

— Nega indamaysan? Balki, hali Hamidaning ham qoʻyniga kirib chiqqandirsan-a? Gapir! — U Mardonning koʻzlaridan yosh sizib chiqayotganini koʻrib battar tutoqdi: — Ha-a, oʻpkalari toʻlib ketdimi? Yo vijdonlari qiynalyaptimi? Vey, hali ona suting ogʻzingdan ketgani yoʻq-ku! Kim senga bu ishlarni oʻrgatdi oʻzi?

— Kechiring, aka! — eshitilar-eshitilmas shivirladi Mardon. — Ahmoqlik qip qoʻydim. Botir amakining gapiga uchib qoʻydim.

— Kimning gapiga? U senga nima dedi?

— Akangni chuv tushirsang, katta pul beraman, degandi.

— Nima? Qayoqdagi sassiq pullarni deb menga xiyonat qildingmi? Soʻrasang menam berardim oʻsha pulni. Demak, kim pul bersa, oʻshaning nogʻorasiga oʻynayverarkansan-da-a?

— Kechiring, boshqa qilmayman! Sizning yoʻrigʻingizdan chiqmayman!

— Yoʻq, sen kechiradigan ish qilmading, uka! Mayli, ikkalanggayam tegmayman. Toʻrt tomoning qibla. Ana shuni kechirganim deb hisoblayver! Ammo yana ikkovingni birga koʻrsam, mendan oʻpkalab yurma! Feʼlimni bilasanlar!

— Xoʻp, aytganingizni qilaman!

Jigarchilik ekan. Matnazar ukasiga tigʻ koʻtara olmadi. Marhamatga esa… Unga achinardi. Bolasidan judo boʻlgani, buzuqlik yoʻliga kirib rasvoi olam boʻlgani uchun ham achinar, uni deb qoʻllarini qonga boʻyashni istamasdi. Yuragi qanchalar oʻrtanmasin, qanchalar nafrat, alam oʻtida yonmasin, ularni ozod qilishga majbur boʻldi.
(davomi bor)

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nomahram... (13-qism)