Kechga borib Matnazar ancha toliqdi. Ruhan charchadi. Shu tunda qimor tayin qilib qoʻygan. Buni ham unutib qabriston tomon yoʻl oldi. Ana, oʻsha tanish qabr. Ustidan bir tup atirgul oʻsib chiqibdi.
— “Yo buni kimdir ekib ketganmikan, — oʻyladi u atirgulni kaftlari bilan silab, — Yoʻ-oʻq, yaqindagina kelib ketdim. Qabr usti boʻm-boʻsh edi. Urugʻi tushgan boʻlsa kerak. Qiziq, kuzdayam atirgul koʻkaraversa”.
Shu payt Marhamatning gaplari esiga tushib ketdi. “Oʻgʻlimniyam enangizning yonlariga dafn qilganman”. Shoshib orqasiga oʻgirildi. Yo alhazar! Oʻsha ilon-ku! Ne koʻz bilan koʻrsinki, ilgarigi qabr qarshisida oʻsha ilon turibdi. Boʻynini yana tik tutib olibdi. Bu gal Matnazar unchalik choʻchimadi. Qoʻli bilan ilonni oʻziga chorladi. Ilon sekin sirgʻalib kelib xuddi oldingi safardagi kabi Matnazarning oyoqlari ustiga boshini qoʻydi-da, birpas suykalib turgach, qaytadan joyiga borib turib oldi.
— “Bu yerda bir gap bor, — koʻnglidan oʻtkazdi Matnazar. — Bu ilon nega qabr oldiga turib oldi? Nimaga menga tashlanish oʻrniga oyoqlarimga suykalyapti? Maʼnisi nima? Buni surishtirib koʻrish lozim…”
U tilovat qilib yuzlariga fotiha tortgach, qabriston qorovulining hujrasiga bordi. Hujra qabristonning katta yoʻlga yaqinroq yerida edi. Kichkinagina xona. Qorovul oʻzi tanigan Moʻydin bobo. Yoshi yetmishga borgan. Bir umr bola-chaqa qilmay oʻtgan. Yoz oylarida qabristonga kelgan ziyoratchilardan sadaqa soʻrab kunini koʻradi.
— Hormang, bobo! — ichkariga kirib qariyaga qoʻl choʻzdi Matnazar.
— Ie, Matnazarmisan? Qorongʻida nima qilib yuribsan, bolam?
— Enamning boshiga kelgandim. Kirib sizdan hol soʻrab oʻtay dedim, bobo!
— Yaxshi qipsan. Oʻzim ham zeriki-ib oʻtirgandim. Qani, oʻtir-chi, nima gaplar dunyoda?!
— Nima gapligini bilmadim-u, ammo bir jumboqqa tushunolmay turibman-da! Enamning qabri yoniga bir bolakay koʻmilgan ekan.
— Ha. Toʻxta, u ayolga seni uylangan deyishgandi. Toʻgʻrimi?
— Shunaqa desayam boʻladi. Taqdir, bobo! Besh-oʻn kun yashadik. Rasvo ayol ekan.
— Ana endi oʻzingga kelding! — soqolini tutamlagan koʻyi Matnazarga qattiqroq tikildi Moʻydin bobo. — Dongʻi ketgan buzuq ekan. Menam keyin eshitdim. Xoʻsh, nima muammo?
— Bilasizmi, oʻtgan gal kelganimda, oʻsha bolaning qabri tepasida bir ilon turgan ekan. Avvaliga qoʻrqdim. Bilasiz-ku, rangi sovuq! Qotib tursam, haligi ilon seki-in sudralib keldi-da, oyoqlarimga suykalib-suykalib turib keyin yana joyiga qaytib ketdi. Bugun kelsam, yana oʻsha ahvol. Maʼnisini tushunolmadim, bobo.
Moʻydin bobo bir muddat sukut saqlab turgach, soʻz boshladi:
— Bilasanmi, oʻsha bolakay buzuq ayolning farzandi. Onasi koʻp erkaklarning shoʻrini quritgan. Ilonni Xudo bolakayning qabriga yuborib qoʻyibdi. Axir, bilib boʻladimi, qaysidir bir jabr koʻrgan erkak kelib qabrni buzsa, marhumni bezovta qilsa. Chunki, bola begunoh-da!
— Unda nega kelib oyoqlarimga suykaldi?
— Senam u ayol bilan yashagansan, jabr koʻrgansan. Shuning uchun ilon senga xushomad qilgan. Qabrni buzmang degan maʼnoda.
— Ha-a, gap bu yoqda deng? Men boʻlsam, oʻsha kundan beri oʻylanib yuribman. Boʻpti, bobo, rahmat, men boray endi!
— Ie, choy-poy ichmaysanmi? Oʻtirardik gurunglashib.
— Boshqa safar. Qiladigan ishlarim koʻp.
Matnazar qaytishda yaqinroq yoʻldan ketishga qaror qildi. Uyi yonidan oʻtsa, Mardonning oʻsha yerdaligini bilib tagʻin asabiylashib yurishni istamadi. Qimorxonaga yetib kelganda, darvoza oldida Bek akaning mashinasi turardi. Yuragi gʻash tortib hovliga kirdi. Bek aka negadir hovlida tik turgancha, Sarimsoqqa nimalarnidir uqtirardi. Matnazarni koʻrib, oʻzi unga peshvoz chiqdi.
— Bandalik, uka, bandalik!
— Nima? Nega unaqa deyapsiz? — hayron boʻldi Matnazar Bek akaga qoʻl choʻzarkan.
— Bardam boʻl! Qizingni Marhamat boʻgʻizlab ketibdi.
— Nima? Q-qanaqasiga? Nega?
— Oʻch olmoqchi boʻlgan-da, megajin! Faqat… Sen oʻzingni bos, uka! Biz uni, albatta, qidirib topamiz. Oʻzingni bos!
Matnazarning qulogʻiga gap kirmasdi. Yuragi bezovta urib, peshanasidan sovuq ter quyilib chiqqandek boʻldi. Birpas kalovlanib turdi-da, Bek akaning hay-haylashiga qaramay jon holatda hovlida turgan mashinani oʻt oldirib, qishloq tomon uchirib ketdi.
* * *
Bek akaning hashamatli hovlisi. Har bir badavlat odamning uyida boʻlgani kabi bu hovlining ham aylana atrofi soqchilar tomonidan qoʻriqlanardi.
Darvozadan ichkariga qadam qoʻygan kishining koʻzi, eng avvalo, oynavand uyning old tomoni, oʻrtadagi hovuzga taqab qoʻyilgan katta bir qafasga tushadi. Bek aka bu qafasda ikkita toʻti asraydi. Boʻsh qolgan paytlarida ana shu toʻtilar bilan tillashib vaqt oʻtkazadi…
— Bek aka, bir ayol boyadan beri hol-jonimizga qoʻymayapti! — darvozada turgan soqchi yigitlardan biri endigina ichkaridan chiqib qafasga yaqinlashgan Bek akaning qarshisiga kelib taʼzim qildi.
— Kim ekan u? Soʻramadingmi?
— Soʻradim. Lekin kimligini aytmayapti. Akaning oʻzlariga aytaman, deyapti.
— Qiziq boʻldi-ku! Qani, bu yoqqa boshlab kir-chi!
Soqchi yugurgancha ortiga qaytib, birozdan soʻng ayolni ichkariga olib kirdi.
Bek aka unga zimdan razm soldi.
Koʻrinishidan sodda ayolga oʻxshamaydi. Koʻzlari chaqnab turibdi. Demak, koʻcha koʻrib qoʻygan. Buni qomati ham koʻrsatib turibdi…
— “Qayerda koʻrganman bu ayolni, — oʻyladi Bek aka bosh qashib. — Kim oʻzi bu? Nega mening oldimga keldi? Agar qachonlardir birga boʻlganlarimdan biri chiqsa, darrov tanirdim… Yoʻq, bunisini taniy olmadim…”
— Keling, singlim, — deya boshini koʻtardi Bek aka qarshisidagi begona ayolni boshdan oyoq yana bir karra kuzatib chiqarkan. — Xoʻsh, xizmat?
— Meni tanimadingiz-a?
Bu savol Bek akani yanada hushyor torttirdi.
— Yoʻq, afsuski, taniyolmay turibman.
— Men… Xizmatingizda yurgan… Matnazarning…
— E, boʻldi! — kutilmaganda ayolning soʻzini boʻldi Bek aka. — Siz Matnazarning ikkinchi xotini boʻlib ham yurgansiz, toʻgʻrimi?
— H-ha.
— Ismingiz mabodo Marhamat emasmi?
— Shunday.
Bek aka uning bamaylixotir javob berayotganini koʻrib birdan tutaqib ketdi:
— Sen nega tap tortmasdan mening hovlimga kelding? Shuncha ishni qilib qoʻyib, kirib kelasan?! Hamma yerda seni milisa izlab yurgan boʻlsa! Yo oʻzim bervoraymi?
Marhamat boshini eggancha koʻz yoshlarini artib ohista pichirladi.
— Men tavba qilib keldim, Bek aka!
— Vey, oʻzing kimsan-u, tavbang nima boʻlardi? Begunoh bir qizchada nima oʻching bor edi? Toʻxta, nahotki, haligacha seni milisa ushlamagan boʻlsa?
— Yoʻq. Menga baribir. Ushlasa ushlayversin! Ammo oldin sizga bir gapni aytib qoʻymoqchiman.
— Menga qara, senga oʻxshaganlarning safsatasini tinglab oʻtirishga sira tobim yoʻq. Undan koʻra, obroʻying borida bu yerdan joʻnab qol! Agar kayfiyatim buzilsa, seni xafa qilib qoʻyishim mumkin. Qani, tez chiq!
— Jon aka, gapimni eshiting! Bir ogʻiz gap aytaman xolos…
— Uf-f! Qanaqangi surbet xotin bu-a?! Ayt tez!
— Iltimos, Matnazar akaga aytib qoʻysangiz, men ukasi Mardonga turmushga chiqdim!
— Nima? Sen-a? Axir, akasiga xotin boʻlib… Yo, alhazar! Vey, sen oʻzi sogʻmisan? Yo bir qaynoving kammi? Yana bu gapni menga aytganingni-chi!.. Xushvaqt!
Bek akaning qichqirigʻini eshitgan darvozadagi soqchilardan biri yugurib hovliga kirdi.
— Labbay, Bek aka!..
— Manovi xotinni kuzatib qoʻyinglar! Tezroq!
— Shunchaki kuzatib qoʻyaylikmi yo?
— Ha, katta yoʻlgacha olib chiqib qoʻy!
— Xoʻp boʻladi!
Xushvaqt tushundi. Katta yoʻl degani shahardan ancha chekkada. Ovloq, atrofi jiydazorlardan iborat bir joy. U yerga gunohkorlarnigina olib borishadi.
Shuning uchun hech gap boʻlmaganday Marhamatning qoʻltigʻidan olib tashqariga boshladi.
* * *
Odam oʻldirib oʻrgangan kimsalar qoʻrquvni his qilishmaydi. Yuraklari vahimaga tushmaydi. Bir tuki seskanmaydi.
Bek aka Marhamatni “kuzatib” yuborgach, muzlatkichdan aroq olib endigina piyolani toʻldirib qoʻygandiki, darvozada qolgan ikkinchi soqchi hovliga chopib kirdi.
— Yana nima gap? — oʻtirgan yerida soʻradi Bek aka.
— Hozirgina qishloqdan qoʻngʻiroq qilishdi, — dedi soqchi.
— Qaysi qishloqdan?
— Matnazarning qishlogʻidan.
— Nima boʻpti?
— Matnazar qamoqdan qochganmish.
— Nima?! Qachon? — Bek aka bu xabarni kutmaganidanmi, qoʻlidagi aroq toʻla piyolani bir chetga qoʻydi-da, oʻrnidan turdi.
— Qachon qochibdi?
— Oʻtgan kuni. Hozir… sizni oʻldirish payida yurganmish.
— Oʻldirish payida? Nega?
— Bilmadim. Menga shunday deb aytishdi. Shaharda emish oʻzi hozir.
— Shunaqa degin?.. — Bek aka bir muddat oʻylanib turdi-da, soqchiga yuzlandi. — Tezda kerakli odamlarga qoʻngʻiroq qil! Shaharni titkilab boʻlsayam oʻsha yaramasni topishsin-da, qaytadan turmaga tiqishsin! Tez boʻl! Vaqt ketyapti…
Soqchi buyruqni eshitgani hamono yugurganicha tashqariga chiqib ketdi…
(davomi bor)
Manba: hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi