14:24 / 08.09.2018
7 472

Nomahram... (15-qism)

Nomahram... (15-qism)
Bu gal ham kayfni buzishdi. Bek aka Marhamatning ahmoqona qiliqlaridan ensasi qotgancha parishonlik bilan piyolani qaytadan qoʻliga olgandi. Darvoza ochilib oʻng qoʻli Husan boyvachchaning yarqiragan “Mersedes”i hovliga kirib keldi. Mashinaning orqa oʻrindigʻida qoʻllari arqon bilan bogʻlab tashlangan Mardon bosh egib oʻtirardi.

Semizdan kelgan, kalbosh, labining pastki qismi uchib-uchib turadigan Husanboyvachcha mashinadan tushiboq Bek akaga quchoq ochdi.

— Yana nima baloni boshlab kelding? — Mardon tomonga ishora qilib soʻradi Bek aka. — Anovi nusxa nima qilib yuribdi mashinangda?

— E, — qoʻl siltadi Husan boyvachcha. — Bu yaramas bizning odamlarni sindiribdi.

— Tushunmadim?

Husan boyvachcha sekin Bek akaning qulogʻiga shivirladi:

— Narkotik bozorimizni kasodga uchratibdi.

— Yoʻgʻ-e, shu qishloqi-ya? Boʻlishi mumkinmas.

— Nega ishonmaysan? Birinchi marta ish qilishi ekan. Lekin abjir chiqib qoldi. Sal arzonroq qilgan ekan, hamma mollarimiz qolib ketibdi.

— Shunaqami? Qani, bu yoqqa olib chiq-chi!

Husan boyvachcha sekin borib Mardonni mashinadan tushirib, sudraklagancha Bek akaning qarshisiga olib keldi.

— Qoʻllarini yech! — buyurdi Bek aka. — Bir salom-alik qilaylik!

Qoʻllari yechib tashlangach, Mardonga yaqinlashdi.

— Xoʻsh, yigit, tijoratlar qalay? — soʻradi Bek aka kinoya aralash. — Qancha foyda koʻrding, birinchi ishdan soʻng?

Mardon lablarini tishlagan koʻyi unga sovuq nazar tashladi.

— Yomon emas. Tirikchilikka yetadi.

— Shunaqami? Zoʻrsan-ku! Tirikchilik qilgan odam birovning bozorini kasod qilishi kerakmi?

— Men hech kimga xalal berganim yoʻq.

— Menga qara, — Bek aka Mardonning yoqasidan boʻgʻib oʻziga yaqinlashtirdi. — Kimligimni bilarding-ku! Hozir milisaga topshirvorsam, ahvoling nima kechishini bilasanmi?

— Menga baribir. Milisasidan qoʻrqqanimda bu ishni qilmasdim.

— Yuraging ja baquvvat ekan. Yaxshi. Akangdan qolishmas ekansan.

— Akamni tilga olmang, iltimos! Mening unday akam yoʻq.

— Nega? Akang juda jasur yigit… Aytgancha, uylanayotganmishsan, shu gap rostmi?

— Rost.

— Kimga? Bilsak boʻladimi? Balki, birgalashib toʻyingni oʻtkazgan boʻlarmidik?

Bu gapni eshitgan Husanboyvachcha endigina kulish uchun ogʻiz ochgan ediki, Bek akaning jahl aralash qarab qoʻyishi uni toʻxtatib qoldi.

— Men yordamga muhtoj emasman, Bek aka. Oʻzim uchun oʻzim harakat qilib oʻrganganman.

— Bu odating maʼqul, bola! — Bek akaning gap ohangida endi kinoya sezilmas, aksincha, qarshisida bosh egsa-da, oʻzini dadil tutib turgan Mardonga boshqacharoq koʻz bilan qaray boshlagandi. — Akang sotqinlik qilib qoʻydi. Sen unga oʻxshamassan?

— Oʻxshashdan Xudo asrasin! — dedi Mardon. — Oʻshaning kasofatiga qolib boshimga ne kunlar tushmadi.

— Shuning uchun sobiq xotiniga uylanmoqchimisan?

— Nima qipti? Hadeb men qiynalaveramanmi? Uyam bir azob cheksin-da!

— Yoʻq, bola, — Mardonning yelkasiga qoʻlini qoʻydi Bek aka. — Zoti pastlik qilma! Uylansang, tuzukroq, kelishgan, yosh qizlar tiqilib yotibdi. Qayoqdagi qalangʻi-qasangʻiga uylanish senga yarashmaydi. Xoʻsh, nima deysan?

— Bilmadim, Bek aka, bilmadim.

— Oʻylab koʻr, bu ishing Xudogayam xush kelmaydi. Endi gapimni eshit. Sen bugundan boshlab menga xizmat qilasan. Mayli, oʻsha narkotiklarni xohlagan narxingda sot, xohlagan yeringdan olib kel! Kerak boʻlsa, sharoitniyam yaratib qoʻyamiz senga. Ammo, esingda boʻlsin, foydaning yarmini mana bu Husan akangning qoʻliga topshirasan. Agar ayyorlik qilmoqchi boʻlsang, oqibatini oʻzing bilasan. Men aldaganlarni, xiyonatkorlarni kechirmayman. Maʼqulmi?

Mardon indamadi.

— Sukut- alomati rizo, deganlar! — davom etdi Bek aka. — Endi boraver!

— Mollarimni odamlaringiz olib qoʻyishdi, — Mardon ketishga shoshilmay, Bek akaga tik boqdi. — Pullarim ham oʻshalarda.

— Xavotir olma. Sening ulushingni qaytarishadi. Mening yigitlarim mard. Hamkorlarni hech qachon xafa qilishmaydi. Toʻxta, akangning daragini eshitmadingmi mabodo?

— Yoʻq, eshitishniyam istamayman.

— Shunaqami? Boʻpti, boraver endi! Faqat ehtiyot boʻlgin! Tagʻin senam akangga oʻxshab qovun tushirib yurma!

* * *

— Shu aka-ukalar menga maʼqul kep turibdi-da! — Piyolalarga aroq quyish asnosida Husan boyvachchaga soʻz qotdi Bek aka. — Ja abjirga oʻxshayapti. Xizmatga olsakmikan?

— Gaping toʻgʻriku-ya, ammo Matnazarni yaxshi joyga joʻnatmading-da!

— Bekorlarni aytibsan! — Husan boyvachchani jerkib berdi Bek aka. — Nima qilsam oʻylab qilganman. Koʻrding-ku, hali manaman degani qochib chiqolmagan bu turmadan qochib chiqdi. Atayin yuborgandim. Mana, oʻzini himoya qila olarkan.

— Aytgancha, — gapni boshqa yoqqa burdi Husan boyvachcha, — Anovi yogʻ zavoding ja boshni qotirdi-da!

— Mallayevmi? Nima qildi?

— Uch kundan beri qarzini toʻlamaydi, xumpar.

— Sen-chi? Sen nima qilib yuribsan menga oʻng qoʻl boʻlib bitta qarzingni undirib ololmasang? Tanobini tortib qoʻyolmadingmi?

— Shov-shuv boʻp ketadimi, dedim-da!

— Nima qipti shov-shuv boʻlsa? Bilasan, boyagi kishilar oʻzimizniki! Ogʻzini sal moylasak hisob. Koʻrding, Matnazar masalasida bir ogʻiz iltimosimizni qaytarishmadi. Yogʻ zavodi nima boʻpti?

— Toʻgʻri aytasan. Biroq Mallayev hali bizga kerak boʻladi.

— Senga, oʻldirib yubor, deyotganim yoʻq-ku! Tanobini tortib qoʻy, dedim. Nima balo, miyangga eshak qurti tushganmi?

Husan boyvachcha kulib yubordi:

— Oʻzingam topib gapirasan-da-a? Eshak qurtimish… E, bir gapni aytish tagʻin esimdan chiqibdi, oshna! Bugun ertalab qizingni koʻrgandim.

— Marjonanimi?

— Ha, aybga buyurmaysan-u, tungi klubdan chiqib kelayotgan ekan.

— Tungi klubdan?.. — Bek aka qoshlarini chimirdi. — Qaysi tungi klubdan?

— Anovi… Kinoteatr yoniga qurib qoʻyganimiz-chi? Oʻsha.

— Ha-a, qizimni sira tiyib ololmayapman. Oyisi oʻlgandan keyin butunlay oʻzboshimcha boʻp ketdi. Nima qilishga hayronman.

— Bilasanmi, sen uylanishing kerak. Qizingga ona kerak.

— Shu gapingni oʻn yildan beri qaytarasan. Qanaqa uylanish? Qanaqa ona? Begona ayol ona boʻlarmidi? Qoʻy, shu gaplarni gapirma! Undan koʻra, quloq sol, anovi Xushvaqting keyingi vaqtlarda negadir koʻnglimga yoqmayroq turibdi-da!

— Bilaman. Lekin… Nega unda yana ish buyurding? Oʻylaysanki, aytganingday qilib bajaradimi oʻsha ishni?

— Bajarmaydi. Buni oʻzim ham yaxshi bilaman. Faqat… Marhamatni hozircha oʻldirish niyatim yoʻq edi. Uyam kerak bizga. Shuning uchun atayin Xushvaqtni joʻnatdim. Nafsini qondiradi-yu, qoʻyib yuboradi.

— Xoʻsh, keyin-chi?

— Kechqurun unga javob berib yubor! Javob bergandayam, urugʻ-aymogʻiga ibrat boʻladigan qilib javob ber! Itdan tarqagan… anchadan beri Marjonaning orqasidan ilakishib yurganmish…

— Shunaqa degin? Voy, koʻrnamak-yey!

— Menga qolsa… Boʻpti, qisqasi, mening aytganlarimni qil! Oʻrniga Mardonni olamiz. Shu boladan ish chiqadiganga oʻxshab turibdi.

— Avval sinab koʻrish kerak!

— Sinaysan. Shunday sinaginki, akasinikidan kam boʻlmasin!

— Xoʻp, unda menga ruxsat! Yogʻ zavodiga bormasam boʻlmaydi.

— Oʻsha tarafga yursang, Marjonaga qoʻngʻiroq qilib qoʻy. Oldimga tez kep ketsin!

— Boʻpti.

Husan boyvachcha joʻnab ketgach, Bek aka kiyimlarini almashtirish niyatida yotogʻiga yoʻl oldi.

* * *

Bek akadek odamga bas kelish oson emasligini Matnazar yana bir karra anglab yetdi. Hali qotil yollash tugul bunday odamni topib ulgurmay, uni qoʻlga olishdi va qaytadan turmaga tiqishdi…

Xayriyat, bu gal uni karserga qamashmadi. Hatto, turma boshligʻi shaxsan kabinetiga chorlab qoʻl berib koʻrishdi, hol-ahvol soʻradi.

— Men senga tan berdim, — dedi u. — Shuncha yil ishlab sendaqasini koʻrmagandim. Aqlingga, irodangga balli! Endi seni qoʻyib yuborish yoʻq. Umringning oxirigacha shu yerda, koʻz oʻngimizda boʻlasan. Sensiz zerikib qolamiz, axir!

Bu gaplardan tushundiki, Matnazarni turma ichki qonunlariga koʻra, bir umrlik qamoq jazosiga mubtalo etishgan.

Taqdirga tan berdi. Yuragining bir chetida esa, baribir bir kunmas bir kun ikki soatga boʻlsa-da, qochib chiqib Bek akadan oʻch olish niyati hamon uchqunlanib turardi…

— Qani, saflan! — pakanagina mayor qoʻlida charm tayogʻini oʻynatgancha nonushtadan soʻng endigina chekishga chogʻlangan mahbuslarga buyurdi. — Tez boʻl, itdan tarqaganlar! Qani, hoy, eshaksifat, boʻlmaysanmi tez!

Matnazar bu gap oʻziga qaratilganini bilib mushtlarini tugdi. Qoʻyib berishsa-yu, haqorat qilgani uchun bu pakanani boʻgʻizlab tashlasa! Afsuski, qoʻl tekkizishga ulgurmay, yer bilan bitta qilib tashlashadi. Shu sababli indamay safga turdi.

— Bugundan eʼtiboran tartib yanada kuchayadi, — dedi mayor tayogʻini oʻynatgan koʻyi Matnazarning roʻparasiga kelib toʻxtab. — Bu gapni manovi eshaksifatga oʻxshagan qochoqlar ikki qulogʻi bilan eshitib olsin! Har bir xato uchun oʻn darradan jazo beriladi. Bu koʻproq manovi eshaksifatga tegishli…

Safda turgan mahbuslarning baʼzilari kuldi, baʼzilari qovoqlari uyilib mayorga sovuq qarab qoʻydi.

— Soʻzimni isbotlash uchun manovini jazolayman, — dedi mayor. — Safdan chiq! Men senga oʻrgatib qoʻyaman, qanday qilib qochishni!

Matnazar itoat bilan oldinga chiqdi.

— Mana, koʻrib qoʻyinglar!.. — barchaga eʼlon qildi mayor. — Avval boshda aytgan gapimni hozir isbotlayman!

Mayor gapini tugatib ulgurmay, qoʻlidagi tayoq bilan Matnazarni kaltaklay ketdi.

Chamasi, beshinchi zarba berilgandi.

Toqati yetmadi. Ogʻriq jon-jonidan oʻtib, koʻzlariga hech narsa koʻrinmay qolgan Matnazar jonholatda mayorga tashlandi.

— Hozir… Koʻrsatib qoʻyaman! Soʻkishniyam, urishniyam!

Boʻyi ancha pakana emasmi, mayor kutilmagan hamladan esankirab qoldi. Baland boʻyli, har mushti gurzidek keladigan Matnazarning ostida tipirchilagancha jonini qutqarishga intilar, mahbuslar esa, qarsak chalib ikkovini olqishlashardi…

Safning narigi boshida turgan soqchilar tezda yetib kelib Matnazarni siltab turgʻazishdi va kaltaklay ketishdi…
(davomi bor)


Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nomahram... (15-qism)