— Koʻcha koʻrmagan qizni kelin qildim, — ogʻzini toʻldirib maqtandi Zumrad opa oʻrtogʻiga.
— U nima deganingiz? — Gulbahor opa nimaga shama qilayotganini fahmlasa ham sir bermadi.
— Oʻgʻlim oʻqigan qizlarga uylanmayman, dedi. Surishtirib-surishtirib oxiri onasi oʻpmagan, oʻn olti yoshli qizni olib berdim…
— Yaxshi qilibsiz, baxtli boʻlishsin, — dedi Gulbahor opa kelinning ota-onasi rozilik berganiga hayron boʻlib. Ammo tiksoʻzligi tutib, ichidagini tiliga chiqarishdan oʻzini tiyolmadi: — Yoshgina qizni kelin qilishga qilibsiz, lekin uni tarbiyalab olishga sabringiz yetarmikan?
— Nega men tarbiyalar ekanman?! Onasi shuncha yildan buyon tarbiyalagandir-da, — zarda qildi Zumrad opa. — Siz ham qizingizni tezroq uzating, yoshi oʻtsa tanlaydigan boʻlib qolarkan. Oʻgʻlim xuddi shunday qildi, birini oʻqigan deydi, boshqasini “modnitsa” deydi… Xullas, koʻndirguncha rosa qiynaldim.
— Mayli, oʻzini mustaqil eplay oladigan yigit chiqsa uzatarman, — dedi Gulbahor opa.
Dugonasi bilan xayrlashgan Zumrad opa ichida quvondi. Bir paytlar oʻrtogʻining qizini soʻrab borganda, “oʻqishni tugatsin, keyin uzataman. Boʻlmasa, oʻqishni ham, roʻzgʻor ishini ham qoyil qilmay oʻzini ham, qaynonasini ham qiynab qoʻyadi”, deb bermagandi.
Toʻy ham oʻtdi. Zumrad opa navnihol kelinini tilidan qoʻymay maqtar, koʻcha koʻrmagan qizlar oʻqigan qizlardan koʻra yaxshiroq boʻlishini taʼkidlashdan charchamasdi. Shu tarzda oradan salkam bir yil oʻtdi, Zumrad opaning hali oʻn yettiga toʻlmagan kelini farzandli boʻldi. Kelinning yoshi yetmagani sabab qonuniy nikohdan oʻtmagani muammo boʻlib, bolaga guvohnoma olishga rosa qiynalishdi. Barcha tanish-bilishlarini ishga solib, kelin bilan chaqaloqni bir amallab tugʻruqxonadan olib chiqishdi.
Shundoq ham nozikkina boʻlgan kelin tugʻruq payti qattiq qiynalib, ancha oʻzini oldirib qoʻygandi. Tugʻruqxonadan qaytganidan keyin toʻyib uxlab olaman deb oʻylagan kelinchakni bir uy mehmon kutib turardi. Onasi bilan singlisi yordamga kelishgan boʻlsa-da, baribir charchadi. Mehmonlar oʻtirganda bir zum yotib dam olishga fursati boʻlmagan kelinchak kun boʻyi tik oyoqda yurdi, kechga borib esa holdan ketib oʻzini oʻringa tashladi. Bolasining yigʻlagani ham yoqmasdi. Onasi bilan qaynonasi bolangni emizmaysanmi deyishmasa, qotib uxlab qolishi aniq edi. Aksiga olgandek bolasi injiq, yigʻloqi edi, kun boʻyi uxlab, kechasi bilan yigʻlab chiqardi.
Ikki-uch kun oʻtib yana xabar olgani kelgan onasiga:
— Oyijon, kinolarda boshqacha koʻrsatishadi-ku… Chaqaloqlarga qarashga enagalar, buvilar yordam berishadi. Tugʻruqxonadan kelgan ayolni esa avaylab-asrashadi… Roʻzgʻorning hamma ishi mening zimmamda, kun boʻyi charchaganimdan kechasi bilan yigʻlab chiqadigan bolamga qaray olmayapman. Nima qilay?.. — deya yigʻlagancha onasining yelkasiga boshini qoʻydi.
Birinchi marta qizining hali ham bolaligini his qilgan onasining koʻngli buzildi. Shundan keyin qudam qizimga qattiq gapirib qoʻymasin, degan xayolda kichik qizini yordam bergani joʻnatadigan boʻldi. Kelinining oldingi chaqqonligidan asar ham qolmagani, uyqusirab, madorsizlanib yurishi Zumrad opaning gʻashiga tega boshladi. Kelini bolasini emizgani kirib, oʻzi ham uxlab qolar, toki, bor ovozda chaqirmaguncha uyidan chiqmas, uxlab yotaverardi.
Endi Zumrad opa “noshud, kunda-kunora kasal boʻladigan” kelinidan nolishni boshladi. “Biz ham tuqqan ekanmiz-da, tugʻruqxonadan keliboq xamir qorib, nonlar yopib ketaverardik”, deb eshittirib piching qilardi.
Bir gal yarim tunda chaqaloqining qattiq yigʻisidan uygʻonib ketgan Zumrad opa oʻgʻlining xonasi eshigini taqillatdi. Hech kim javob bermadi. Kelini bilan oʻgʻlining ismini aytib chaqirdi, yana jimjitlik. Chaqaloqning yanada qattiqroq chirillab yigʻlashiga chiday olmay, oxiri kelinning xonasiga toʻgʻri kirib bordi… Kirsa, kelini xonaning bir tomonida beshik boshida uxlab yotar, oʻgʻli esa boshqa burchakda turgan kolyaska yonida qotib uxlab yotishardi. Zumrad opa kelinini turtib uygʻotdi.
— Turing-yey, bolani oʻldirib qoʻyasiz-ku, bola bechorani qorni ochib ketgan, buning uxlab yotishini-chi!
Shovqindan seskanib uygʻonib ketgan oʻgʻli esa koʻzini ochmasdan beixtiyor kolyaskani tebrata boshladi.
— Hoy, nega kolyaskani tebratasan, bola bu yoqda-ku! — oʻshqirdi Zumrad opa.
— Oyi? — endi oʻziga kelgan oʻgʻli onasiga hayron boʻlib qaradi. — Tuni bilan uxlamaydi buningiz. Goh beshikda, goh kolyaskada, goh qoʻlda tebratamiz, — dedi nolib.
— Sen nima deb oʻylaganding, bolalar oʻz-oʻzidan katta boʻlardimi? Ana shunday qiyinchiliklar, uyqusiz tunlarga chidab, sabr qilib senlarni katta qilganman! Hammaning bolasi ham shu, faqat sening xotining nozikoyim. Bitta bolani eplay olmaydi!..
Ertasi kuni oʻgʻli ishga ketgach, Zumrad opa kelinini yoniga chaqirdi.
— Menga qarang, kelinposhsha, siz uyda oʻtiribsiz maza qilib, oʻgʻlim har kuni ishga borishi kerak. Indamasam, kechasi bilan unga bola qaratsiz, burnidan ip oʻtkazib olmoqchi boʻlsangiz, xomtama boʻlasiz! Bitta bolani eplay olmasangiz qanaqa xotinsiz?
Kelin yer chizdi. Erini oʻylab vijdoni qiynaldi.
— Kechiring, oyijon bundan keyin oʻzim qarayman. Faqat… bola uxlashi uchun nima qilish kerak, bilmaysizmi? — kelinining koʻzini moʻltiratib turishidan biroz koʻngli yumshasa-da, sir boy bermadi.
— Nima qilardingiz, uxlamasdan qaraysiz-da! Baʼzida bolalar uyqusini adashtiradi, kunduzi uxlab kechasi oʻynagisi keladi… Sizniki ham uyqusini adashtirgan.
Kelin unda men kunduzi bir soatgina uxlab olsam edi, degisi keldiyu qaynonasidan qoʻrqib indamadi.
Oʻsha kundan boshlab qaynonasi oʻgʻlini boshqa xonaga koʻchirdi. “Kun boʻyi ishlaydigan odam toʻyib uxlashi kerak”, dedi hayron boʻlgan keliniga. Kelin erining eʼtiroz bildirishini kutgandi, aksincha, endi u ham onasiga qoʻshilib turtkilashni boshladi.
Kunlarning birida esa Zumrad opa kelinining qoʻliga bolasini tutqazib haydab yubordi… “Qizingiz uyimga qaytib qadam bosmasin, oʻgʻlimga sarishtaroq xotin olib beraman!” dedi vaziyatni bilgani kelgan qudasiga ham.
Oʻsha kunlari qizining toʻyiga aytgani Gulbahor opa dugonasinikiga kelib qoldi. Boʻlgan voqealarni eshitib afsus bilan bosh chayqadi.
— Nimasini aytasiz, oʻrtoqjon, kelinga yolchimadim, Yaxshi hamki qonuniy nikohi yoʻq ekan, boʻlmasa, uy-joyimga ega chiqarmidi…— dedi Zumrad opa koʻziga yosh olib.
— Men qizga achinyapman…— dedi Gulbahor opa oʻziga oʻzi gapirgandek. — Oʻn olti yosh qizini uzatgan onaga ham, bitta kelinga yordam bera olmaganingiz uchun sizga ham, oʻgʻlingizga ham qoyil qolmadim! Haydab yuborish oʻrniga ozroq yordam bersangiz boʻlardi-ku. Qoʻlida yosh bolasi bilan u endi nima qiladi?..
Zumrad opa taklifnomani berishni ham unutib, ketib qolgan dugonasining ortidan qaragancha oʻylanib qoldi, “Rostdan ham kelinim endi nima qiladi, nahotki nabiramni qayta koʻrmasam?!” degan oʻydan seskanib tushdi.
Dilfuza SOBIROVA
Manba: darakchi.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?