OnePlus Wear OS 6 tizimida ishlovchi Watch 4 soatini taqdim etdi

"OnePlus" kompaniyasi o'zining yangi avlod aqlli soati — "OnePlus Watch 4" modelini rasman namoyish etdi. Qurilma Wear OS 6.0 operatsion tizimi hamda Oxygen OS Watch 8 qobig'i boshqaruvida ishlaydi. Garchi dasturiy ta'minot yangilangan bo'lsa-da, ishlab chiqaruvchi apparat qismida avvalgi avlodlarda qo'llanilgan Qualcomm Snapdragon W5 protsessori va BES 2800 soprotsessoridan foydalanishga qaror qildi. Bu haqda 3dnews.ru xabar beradi.
Yangi gadjetning korpusi titan qotishmasidan tayyorlangan bo'lib, uning og'irligi tasmachasiz 43 grammni tashkil etadi. Qurilma 466x466 pikselli LTPO OLED displey bilan jihozlangan va u sapfir shisha bilan himoyalangan. Ekran yorqinligi odatiy rejimda 600 kd/m² bo'lsa, sport rejimida bu ko'rsatkich 3000 kd/m² gacha ko'tariladi. Soat 2 GB tezkor va 32 GB doimiy xotiraga ega.
"OnePlus Watch 4" chidamlilik bo'yicha IP69, IP68 va MIL-STD-810H standartlariga javob beradi, shuningdek, 50 metr chuqurlikkacha suv ostida qolishga bardoshli. 646 mA·soat sig'imli akkumulyator intensiv foydalanilganda 3 kun, energiya tejash rejimida esa 16 kungacha xizmat qiladi. Hozircha qurilmaning sotuvga chiqish sanasi va narxi ochiqlanmagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!