16:42 / 09.10.2018
5 028

30 yoshda badavlat boʻlish uchun 20 yoshda nima qilish kerak?

30 yoshda badavlat boʻlish uchun 20 yoshda nima qilish kerak?
Badavlat kishiga aylanishning universal usuli mavjud emas. Muhimi – aniq va puxta oʻylangan rejaga ega boʻlish. Yuqori daromad haqidagi xom xayollar oʻrniga quyidagi 15 ta qadamga hozir amal qiling. Ana oʻshanda oʻn yildan keyingi muvaffaqiyatli hayot uchun ishonchli poydevor qurgan boʻlasiz.

Foto: Unsplash

1. Harakatlar rejasini tuzing

Byudjet oʻrnating va unga amal qiling. Mablagʻingizga mos ravishda yashashga va pulni aql bilan sarflashga yordam beradigan reja tuzing. Ana oʻshanda qarzlarni oʻz vaqtida toʻlab, kutilmagan holatlar uchun pul jamgʻarishga muvaffaq boʻlasiz.

2. Koʻproq pul ishlab topish usullarini izlang

Agar badavlat kishiga aylanishni istasangiz, karyerangizdagi koʻproq pul ishlash mumkin boʻlgan jihatlarga eʼtibor bering. Balki maoshni oshirish masalasini muhokama qilish vaqti yetgandir? Yoki boshqa kompaniyada koʻproq haq toʻlanadigan ish joyi paydo boʻlgandir?

Maoshingizni oshirish uchun bajarishingiz mumkin boʻlgan ishlar haqida oʻylab koʻring. Qatʼiylik bilan mehnat qilish va oʻz vaqtingizni ishga sarflashni ham unutmang.

3. Daromadning bir necha manbalariga ega boʻling

Maoshning oʻzi bilan boy odamga aylanib qolmaysiz. Bir necha daromad manbalariga ega boʻling – qoʻshimcha ish, masalan, frilans bilan shugʻullaning. Odamlarga oʻz mahsulotingiz yoki xizmat turini sota olasizmi? Balki biznesga asos solish kerakdir? Sizda qiziq biznes gʻoyalar bormi? Ijodiy fikrlang.

4. Passiv daromad manbaiga ega boʻling

Passiv daromad – oyda bir marta kichik hajmdagi bir martalik ish uchun olinadigan toʻlov. Bunday daromad – boylik kaliti. Misol tariqasida blog yoki saytda reklamani sotish, elektron kitoblarga oʻxshagan raqamli mahsulot, onlayn-kurs, onlayn-seminar yoki video, xona ijarasi, internetda doʻkon ochish yoki keshbek-servislarda roʻyxatdan oʻtishni keltirish mumkin.

5. Yashash harajatlarini qisqartiring

Badavlat boʻlish uchun tejamkorlik bilan hayot kechirish lozim. Oʻziga toʻq kishilarning koʻpchiligi qimmatbaho avtomobillar haydashmaydi va hashamatli uylarda kun kechirmaydilar. Bu kishilar yanada koʻproq daromad koʻrish va yangi loyihalarga sarmoya kiritish uchun xarajatlarini kamaytiradilar.

Qancha koʻp sarmoya kiritsangiz, shuncha tez boy odamga aylanasiz. Sizga xizmat qilmaydigan narsalarga pul sarflamang. Balki mashinadan voz kechib, ishxonaga jamoat transportida borgan maʼquldir?

6. Kompaniyaga asos soling

Uzoq muddatli anʼanaviy investitsiyalarga qaraganda koʻproq foyda keltiradigan imkoniyatlarni izlang. Tadbirkorlik oʻyiniga kirishing va kompaniyaga asos soling. Buni amalga oshirishingiz bilan daromad topishning cheksiz salohiyati paydo boʻladi. Shu bilan birga tavakkalchiliklarga qoʻl urishga toʻgʻri keladi.

Sizni qiziqtiradigan sohalarni aniqlang va biznes-imkoniyatlarni izlang.

7. Uzoqni koʻzlang

Nafaqa uchun ancha oldin pul jamgʻarishni boshlang. Oʻzingizni qarz xavfidan himoya qilish uchun kutilmagan holatlar haqida unutmang.

8. Tavakkalga qoʻl uring

Badavlat boʻlishga jiddiy kirishgan boʻlsangiz, qulaylik zonasini tark etish va oʻzingizga boʻlgan ishonchsizlik hissini yengish lozim. Barqaror ish va maosh tavakkalga qoʻl urishdan koʻra xavfsiz koʻrinadi. Qoʻrquvga berilmang. Orzuingiz sari qadam tashlang va turli imkoniyatlarni izlang.

Foto: Unsplash

9. Moliyaviy rejani avtoparvozga qoʻying

Boy boʻlishning eng oson usuli – doimiy ravishda pul haqida oʻylashni bas qilish. Mablagʻingizni avtomatlashtiring. U mana bunday ishlaydi: maosh olganingizdan keyin pulning bir qismi avtomatik tarzda kutilmagan holatlar va nafaqa uchun jamgʻarmaga oʻtadi.

Toʻlovlar bilan ham aynan shu usulni qoʻllang – kredit kartalar, kommunal toʻlovlar va mashina uchun harajatlar shular jumlasidandir. Avtomatlashtirilgan rejangizni yiliga kamida bir marta qayta koʻrib chiqing.

10. Yaxshi ustozlar toping

Qanday tavakkalchiliklarga yoʻl qoʻyish, qandaylariga esa – yoʻqligini oldindan bilishni oʻrganish muhim. Sizning yoningizdagi tajribali ustoz – juda qimmatli. Bu odam sizning oʻrningizda boʻlgan va qanday yordam berishni biladi. U sizga maslahat berib, murakkab muammolarni hal qilishda yordam qoʻlini choʻzadi.

11. Oʻzingizga ishoning

Sizning pul haqidagi fikrlaringiz pul topish qobiliyatingizga taʼsir qiladi. Gap pul haqida ketganida sizning falsafangiz qanday? Qanday hayot tarziga odatlangansiz? Moliyaviy erkinlikka erishishga intilish bilan birgalikda boyib ketishingizga ham ishoning.

12. Oʻz-oʻzingizga sarmoya kiriting

Siz – oʻzingizning eng yaxshi resursingiz hisoblanasiz. Imkoniyatlar sonini oshirish uchun oʻzingizga sarmoya kiriting. Iqtidoringiz, qiziqish va koʻnikmalaringizni baholab, salohiyatingizni qanday qilib oshirishni aniqlang.

Taʼlim va koʻnikmalarni rivojlantirishga koʻproq pul sarflang. Dunyoqarashingizni kengaytirib, oʻzgalar bilan tanishing. Tajriba orttiring.

13. Kengroq fikrlang

Yoshlikda oʻzgalar uchun koʻrinmaydigan imkoniyatlarni payqash mumkin. Kengroq fikrlang va kashfiyotchilik qobiliyatiga erkinlik bering. Aqlingiz chegarasiz va moslashuvchan. Boylik sari shaxsiy yoʻlingizni toping. Yodingizda boʻlsin, muvaffaqiyatsizliklar bilan yuzma-yuz kelasiz. Xatolarni tan olib, gʻoliblikni nishonlang.

14. Oʻzingizni muvaffaqiyatli kishilar bilan qurshab oling

Biz oʻrnatgan munosabatlar oʻzimizga katta taʼsir koʻrsatadi. Agar koʻproq pul ishlab topishni istasangiz, muvaffaqiyatli va badavlat kishilar bilan muloqotda boʻling.

Ana oʻshanda sizda maqsadga erishish uchun koʻproq imkoniyat va ragʻbat paydo boʻladi.

15. Rivojlaning

Badavlat va muvaffaqiyatli kishilar – kitob “qurtlari”. Ular doimiy ravishda biror yangi narsani oʻrganishadi.

Daromadni oshirish uchun harakat, vaqt va sodiqlik talab etiladi. Oʻqish va rivojlanishni davom ettirganingizda oʻzgarishlarga moslashish va uzoq muddatli oqil moliyaviy qarorlar qabul qilishni oʻrganasiz. Natijada oʻzingiz uchun ishonchli va farovon kelajak qurishga muvaffaq boʻlasiz.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » 30 yoshda badavlat boʻlish uchun 20 yoshda nima qilish kerak?