10:00 / 21.10.2018
3 892

“Zoʻravonning dastidan dod!”

“Zoʻravonning dastidan dod!”
Hay, sanga gapning poʻskallasini aytadigan boʻlsam, mahallamizdan bir mushtumzoʻr zoʻravon chiqib qolgan. Otini ham hech kim bilmaydi, shuning uchun uni osongina Mushtumzoʻr deyaveray. Oʻzi asli noshudgina, qoʻrqoqqina, ishi ham uncha yurishmagan, menga oʻxshagan soʻtak bir odam edi. Qonida sal muttahamlik, aperislik bor ekanmi, birdaniga kuchayib, boʻyni yoʻgʻonlashib ketdi. Eng oldin mahalladagi hamma odamning pulini yigʻib oldi. “Menda yaxshi saqlanib turadi, zarur boʻlganida beraman, sizlar yoʻqotib yo ishlatib qoʻyasizlar” deb laqillatib, bor pullarimizni “darang-durung” qilib ochiladigan temir sandigʻiga bosdi. Norqoʻziboyning pachka-pachka beli bukilmagan, qars-qurs qiladigan chervonlariyu Moʻminjon otaning nafaqaga olgan “yogʻli” pullari ham bir kechada Mushtumzoʻrning temir sandigʻida gʻoyib boʻldi.

Keyin mahalladagi odamlarni “doʻst-dushman”ga ajrata boshladi. Oʻziga oʻxshagan dasti daroz, “kerilma gʻoz” odamlarni yoniga olib, omadi yurishmagan, qoʻli qisqaroq yoki hayoti nochorroq odamlarni chetlatib tashladi. Mushtumzoʻrning yaltoqi shotirlari nima desa – haqiqat, boshqalarning gapi “adolatsizlik, mahalla tartiblarini buzish, belgilangan tamoyillarga xiyonat” sanaladi. Endi qayerda toʻy-maʼraka boʻlsa, ana shu sanoqli odamgina taklif qilinadi. Mahalladoshlar puliga damlangan yogʻli palovlarni yeb, ustidan gazli sharbatlarni ichib, “gar-gar” kekirib, tishlarini hafsala bilan kavlab chiqishadi. Pullarini soʻnggi tiyinigacha Mushtumzoʻrga topshirib qoʻygan “tili qisiq” nochorlar bu koʻrgiliklarga “gʻiring” deya olishmaydi. Deb ham koʻrishsin-chi! Mushtumzoʻrning sheriklari bir zumda barini mahallada “yakkamoxov” qilib qoʻyadi.

Hay, bu haqsizliklarga ham chidab, zoʻravonlarga Xudodan insof tilab yuruvdik. Ammo hangomalarning zoʻri keyin chiqdi. Hammaning bor pulini qoʻlga kiritib, mahalladoshlarini rosa qoʻrqitib olgan Mushtumzoʻr boshliq zoʻrlar yana bir yuzsizlik qilishdi. “Mushukning koʻngli qiyma tilabdi” deganday, endi butun mahallaga yakka xoʻjayinday odamlar xonadonidagi ichki ikir-chikirlarga ham bemalol aralashaveradigan boʻlib olishdi. Mahallada toʻlaqonli hukmdor boʻlish uchun besh-olti “gapga yuradigan” oqsoqollardan oʻzlaricha bir hayʼat – Boshqariladigan Mahalla Tashkiloti tuzishdi. Uyida sal gʻishava chiqqan odamning oyogʻini yerga tekkizmay, idoraga sudrab chiqishadi: “Xoʻsh, nega xotiningning aytganini qilmayapsan, toʻshakka taklif qilsa, «kasalman” deb bosh tortibsan?» Shoʻrlik ming tavba-tazarru bilan kechirim soʻrab, bir amallab ular dagʻdagʻasidan qutuladi. Ertasiga ikkinchi bir odamning giribonidan olishadi: “Senga koʻchaning chap chetidan yurishni buyuruvdik, nega oʻng tomonga oʻtib olding?” Bunisi: “Mashinalar toʻzitgan changni shamol chap tomonga uchirib kelganidan qochuvdim”, deb arang gap topadi. Yana birini “Nega bolang nasha chekaman desa, pul bermay qiynaysan?” deya adabini berishsa, boshqasini “Xotinga feodallarcha munosabat davri oʻtib ketgan, endi etagi tizzadan yuqorida turishiga, «koʻksiga shamol tegishi”ga chidaysan!» deb doʻq urishadi.

Xullasi, ular dastidan yo qochib, yo koʻz ochib boʻlmay qoldi. Xonadonlarda axloq, tartib, udum, itoat degan narsalarning “uyi kuydi”, oilaviy totuvlik anqoning urugʻiga aylandi. Er va xotin bir-biri bilan it-mushuk... Bolalar otalariga gʻanim... Farzandlariga soʻzini oʻtkaza olmay otaning boshi qotgan. Oila kattalari nasihat qilay, tarbiya beray desa, bolalar darrov idoraga chopishadi: “uyimizda adolat buzilyapti, otamiz (yo onamiz) bizni taʼqib qilyapti!”.

“Hay, bu kunlar ham oʻtar-ketar, kampirning kuygan yeri bitar” deb oʻzimizni ovutib, yongan yuraklarni sovutib yuruvdik. Bir kuni de, ishning yanayam “yoʻgʻoni” chiqib qoldi. Rahmatli bobomlarning “Kiroyi kofir shaved, gubernatur shaved” degan gaplari boʻlar edi. Shuni ham tushunmaysanmi? “Kofir boʻldingmi, endi hech yoʻq gubernaturlikni egalla” degani, ovsar! Mushtumzoʻr boshchiligidagi muttahamlarning ishtahasi ana shunaqa hakkalak otib ketdi: “Zoʻrmizmi, endi butun mahallaga zoʻrligimizni bir koʻrsatib qoʻyaylik” deb, oʻziga toʻqroqlarning xonadoniga “Qoch!” yurishi boshlashdi. Qani endi qochmay koʻr-chi! Bunga sabab-bahonalar ham osongina topila qoldi: “Husayn moʻylov uyiga bomba yashirib qoʻyibdi, ertaga u bexos portlab ketsa, butun mahallaning kuli koʻkka sovuriladi-ku!”.

Guldur-guldur, vahshat-haybat bilan pichoq-boltalarini oʻynatib Moʻylovnikiga kirib kelishdi. Hamma yoqni agʻdar-toʻntar qilib, bomba tugul, hatto uning suratini ham topisholmadi. Ammo bundan aslo xijolat boʻlishmadi. Xatolarini yashirish uchun Moʻylovga soxta ayb (“nega moʻylovni katta qoʻygansan?”) taqab, oʻlasi qilib rosa kaltaklashdi. Keyin uyidagilarni koʻchaga haydab chiqib, bor mol-mulklarini esa tashib chiqib ketishdi.

Oradan bir haftacha oʻtib, talaba oʻgʻillari bilan tor hovlisida tinchgina yashab yurgan Usmon choʻloqqa navbat keldi. “San hovlingga qizilcha ekibsan, nima, qizillarga xayrixohmisan?” deb uyiga oʻt tortib yuborishdi. Talaba oʻgʻillari arang qochib jon asradi. Usmon choʻloqning kuni bitgan shekilli, zoʻravonlar oʻligini yarim tunda bekitiqcha koʻmib kelishdi.

Endi man sanga aytsam, bularga ham bir amallab, tishimizni tishimizga bosib chidab yuruvdik. Ishlar bundan ham rasvo boʻlib ketdi-da, axir! Bugunga kelib zoʻravonlar yangi “oʻyin” boshlagan. “Anqovlar qishi” degan poʻpisa ostida xonadonlarda ming yillardan buyon hukm surib kelayotgan, hech kimga zarari tegmagan, hamma koʻnikib boʻlgan tartib-qoidalarni oʻzgartiramiz, deb turib olishdi. Nima uchun bunaqa qarorga kelishdi, deysanmi? E, mendanam soʻtak, ovsar ekansan-ku! Kallani ishlat ogʻayni, manavi xomkallangga sal “zaryad”dan yubor. Hammaning puli choʻntakda, “gʻiring” deganni giribonidan olishga kuch yetadi. Qoʻlni qayoqqa uzatsa, yetib turibdi. Oldinlari mushugini “pisht” deyishga qodirlar ham hozir zoʻravonlar bilan tiklashishga yuragi betlamay, jon oldirib qoʻygan. Mahallaning hamma tan olgan eng zoʻravoni, yagona xoʻjayini boʻlish uchun esa vahima-qoʻrqitishni yanayam kuchaytirish, odamlarga oʻzining kimligini yana bir karra bildirib qoʻyish kerakmi?. “Anqovlar qishi” degan vahimali nayrang xuddi shuning uchun oʻylab topildi. Bir-ikki dovdir mahalladosh: “Oʻgʻlimni uylatmoqchi edim, shunga pulimdan biroz berib tursangiz” yoki “Hadeb bizga doʻq uravermang, biz ham tagli-tugli odamlarmiz, nasl-nasabimiz naq Xudoyorxonga borib taqaladi-ya” deyishga jurʼat qilganday boʻluvdi. Mushtumzoʻr shotirlarini yoniga olib, ularning taʼzirini berishga astoydil yeng shimardi. Birining oilasida shunaqangi janjal-toʻpalon chiqardiki, bechora shikoyatchi boshqa mahallaga koʻchib ketib arang jon saqladi. Ikkinchisining xonadonida shunaqa bir fitna boshlab yuborishdi-ki, aytishlaricha, hozir oila boshligʻi roʻzgʻorining butun jilovini bolalariga topshirib, oʻzi choyxonada tunab yurganmish. Uchinchi xonadonda ham urush-janjal tinmay qoldi.

Ammo osongina adabini beramiz deb oʻylashganiga qaramay, mahallaning Tarvuz koʻchasidagi Maʼmur qassobga kuchlari yetmay, ishlari bitmay qoldi. Uyidagilarni oila boshligʻiga qarshi qayrab koʻrishdi, ammo bundan hech bir ish chiqmadi. Hovlisini toshboʻron qilishdi, shunda ham Maʼmur qassob yon berishni oʻylamadi. “Endi pullaringni muzlatamiz, undan sariq chaqani ham ololmaysan!” deb poʻpisa ham qilib koʻrishdi, Koʻsaning parvosiga kelmadi. Ota va uning jangari oʻgʻlini mahalla sudiga tortmoqchi boʻlishdi, lekin bu ham foyda bermadi. Koʻsa zangʻarning yuragi toshdan yasalganmi, Mushtumzoʻr va uning “gvardiyasi” qilayotgan zoʻravonliklar koʻsaga chivin chaqqanchalik taʼsir qilmasdi. Endi Mushtumzoʻr va uning shotirlari Maʼmur koʻsani mahalladan butunlay badargʻa qilishning qandaydir yangi rejalarini tuzayotganmish...

Mana shunaqa gaplar, ogʻaynichalish! Bu mushtumzoʻrlarning dastidan mahallada tinchgina, oʻz bilganingcha yashab boʻlmay qoldi. Barcha ishingga burnini suqadi ular. Hamma narsangga, hatto qanday nafas olib, qanday chiqarishinggacha aralashadi. Ustidan biror kishiga arz qilay desang, “Qonunni chiqaruvchi ham, ijro qiluvchi ham, xohlagan tomonimizga buruvchi ham oʻzimiz, dodingni Xudoga ayt”, deb poʻpisa qiladi. Haqiqatan dodimizni Xudoga aytishdan boshqa yoʻl qolmadi shekilli, nima deysan, ogʻayni?!
Soli soʻtakning chaqqon kotibi
Sholtoy BOLTOYEV

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Zoʻravonning dastidan dod!”