Siz hali Ronaldinho emassiz: Messi Barselona safida qanday qahva tayyorlagan

Lionel Messi bugungi kunda futbol tarixidagi eng buyuk oʻyinchilardan biri deb tan olinsa-da, u ham yoshligida jamoa iyerarxiyasiga boʻysunishiga toʻgʻri kelgan. Barselona klubining sobiq aʼzosi Andrea Orlandi argentinalik iqtidor va afsonaviy Ronaldinho oʻrtasidagi oʻziga xos munosabatlar haqida soʻzlab berdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Orlandining soʻzlariga koʻra, Ronaldinho oʻsmir yoshdagi Messining yulduzlik kasaliga chalinmasligini taʼminlash uchun qiziqarli usuldan foydalangan. Braziliyalik yulduz Messiga hazillashib: «Xoʻsh, necha marta Jahon chempionatida oʻynading, yangi kelgan?» deb savol berar va unga qahva damlatar edi. Messi esa hech qanday eʼtirozsiz ustoziga qahva tayyorlab bergan.
«Bu shunchaki kiyinish xonasidagi hazil emas, balki Messini oʻziga yaqin tutish va unga mehr koʻrsatish usuli edi. Ronaldinho goʻyoki unga 'sen hali Ronaldinho emassan' degandek, yosh yulduzni xotirjamlikka chorlardi», — deya eslaydi Orlandi. Ikki daho maydonda bir-birini soʻzsiz tushunishgan va braziliyalik futbolchi Messining salohiyatini darrov payqagan.
Ronaldinho hamma bilan samimiy boʻlgan, biroq Messiga nisbatan alohida hurmat bilan munosabatda boʻlgan. U yosh Leoga: «Bir kun kelib sen men bilan bir stolda oʻtiradigan darajaga yetasan», deb koʻp bora taʼkidlagan. Oxir-oqibat, 2005-yilgi «Oltin toʻp» sohibi oʻzining 10-raqamli libosini aynan munosib vorisga qoldirayotganini yaxshi bilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!