Sony kompaniyasi FlexStrike kontrolleri va maxsus oʻyin monitorini taqdim etdi

Sony kompaniyasi yangi oʻyin aksessuarlari — fayting oʻyinlari uchun moʻljallangan FlexStrike simsiz kontrolleri, 27 dyuymli oʻyin monitori va Pulse Elevate simsiz kalonkalari haqidagi tafsilotlarni ochiqladi. Ushbu maʼlumotlar kutilayotgan State of Play taqdimoti arafasida PlayStation blogida rasman tasdiqlandi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
PlayStation 5 va PK foydalanuvchilari uchun ishlab chiqilgan FlexStrike kontrolleri 2026-yil 6-avgustda sotuvga chiqadi. Ushbu sana bejiz tanlanmagan — u Marvel Tokon: Fighting Souls oʻyinining relizi bilan bir vaqtga toʻgʻri keladi. Qurilma oʻrnatilgan akkumulyator va maxsus gʻilof bilan taʼminlangan boʻlib, uning narxi 200 dollarni tashkil etadi. Taʼkidlash joizki, PK uchun toʻliq qoʻllab-quvvatlash funksiyasi bosqichma-bosqich dasturiy yangilanish orqali taqdim etiladi.
Navbatdagi yangilik DualSense kontrollerini quvvatlash uchun yigʻiluvchi ilgakka ega 27 dyuymli oʻyin monitoridir. Monitor QHD (2560×1440) aniqlikdagi IPS-matsitsa bilan jihozlangan. U VRR texnologiyasini qoʻllab-quvvatlaydi va PS5 hamda PS5 Pro konsollarida 120 Hz, mos keluvchi PKlarda esa 240 Hz chastotada ishlaydi. Qurilma 27-avgustdan boshlab 350 dollar narxida sotuvga chiqariladi.
Shuningdek, Sony Pulse Elevate simsiz kalonkalarini ham namoyish etdi. Ushbu aksessuarning aniq chiqish sanasi hozircha maʼlum qilinmagan boʻlsa-da, u yil yakuniga qadar bozorga chiqishi kutilmoqda. Barcha yangi qurilmalar PlayStation ekotizimini yanada kengaytirish va geymerlar uchun qulaylikni oshirishga qaratilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!