22:20 / 24.11.2018
6 944

Bir kosa qaymoq… (Voqea real hayotdan olingan)

Bir kosa qaymoq… (Voqea real hayotdan olingan)
Tilavoldi har gal onasining qabri tepasiga kelganda, beixtiyor o‘tmish xotiralar ummonida suza boshlaydi. Bu ummon shu qadar chuqur, to‘lqinlari shiddatliki, hadeganda o‘zini idora eta olmay halak bo‘ladi. Ko‘z o‘ngida uni xuddi o‘z bolasidek ardoqlagan, yorug‘ dunyoga ishonmay o‘stirgan buvisi, bobosi, ko‘z qarashlari sovuq o‘gay otasi, nafratga qorishiq nigohlar namoyon bo‘lib, bag‘ri tig‘lanadi. Ikkilanadi, o‘rtanadi, boshi berk ko‘chada qolib ketgan banda kabi o‘zi ilg‘amagan holda atrofga alanglay boshlaydi. Qalbining tub-tubiga cho‘kib bo‘lgan shirin, mehr to‘la jumlalarni tiliga ko‘chirishga urinadi, ammo shaytoni lain zo‘rlik qiladi. Hanuz asrandisiga aylangan o‘sha jumlalarni yana ichga yutishga majbur bo‘ladi…

Ha, o‘shanda xotini Tillanisa ikkovlari hayotning qora chiziqlari yetagida qolishdi. Ishning tayini topilmadi, ustiga-ustak xudo ularga qo‘chqordek o‘g‘il berib qo‘ydi. Qo‘chqordek o‘g‘il esa hadeganda tamshanib, ovqat qidirar, Tillanisa ko‘pincha nima qilishni bilmay, qo‘shnilarnikiga ko‘mak so‘rab chopishga majbur bo‘lardi.

— Qarang, bola ozib boryapti, — dedi u kunlarning birida titrab-qaqshab. — Sutim kamlik qilyapti bolangizga.

— Nima qilamiz unda? — so‘radi Tilavoldi bosh qashib. — Hozir qish bo‘lsa, cho‘l-biyobonday joyda yashayotgan bo‘lsak, ko‘rib turibsan, ish ham topila qolmayapti. Bo‘lmasa…

— Ish yo‘q deb o‘tirsangiz, o‘tiraverasiz-da, — jerkib berdi Tillanisa. — Bolaga qaymoq jizg‘irib berishim kerak. Yo‘qsa, eti ustixoniga yopishib qoladi hademay moysirab.

— Qaymoq? — Tilavoldi jonholatda kissasiga qo‘l soldi. — Pulimiz ham mana shu qolgan xolos. Agar…

— Onangiznikiga boring, — gapni kesdi Tillanisa. — Sizni achchiq to‘lg‘oq yeb tuqqan-ku harqalay! Bolamiz tug‘ilib ham bir marta yo‘qlab kelishga yaramadi onangiz. Bir kosa qaymoq topib bera olmaydimi?

— O‘gay otamni bilasan-ku, — dedi Tilavoldi uf tortib. — Meni ko‘rishga ko‘zi yo‘q.

— O‘tiravering unda qo‘l qovushtirib! Ajabmas birov-yarim osmondan bir kosa qaymoq tashlab qolsa…

Tilavoldi sezdi. Xotini baribir holi-joniga qo‘ymaydi. Umuman, o‘g‘ilchasining ahvoli o‘ziga ayon. Rostdanam o‘sha qaymoqni topib kelmasa, oqibati nima bo‘ladi? Kasal bo‘lib qolsa-chi bolasi? Yo‘q, tavakkal qilmasa bo‘lmaydiganga o‘xshaydi. Tillanisa haq. Onasi-ku harqalay! Shunday paytda yordam qilmasa… O‘sha yaramas o‘gay otasidan qo‘rqib kela olmaydi bu yerlarga. Tushunadi onasini Tilavoldi, juda yaxshi tushunadi. Ammo farzandi haqida qayg‘ura bilmasa, nima qilib yashab yuribdi bu dunyoda?

— Bo‘pti, men hoziroq qishloqqa jo‘nayman, — dedi Tilavoldi shosha-pisha kiyinishga tusharkan. — Sen xavotir olma. Bir kosa qaymoqni bolam uchun topib kela olmasam, kim degan odamman o‘zi?!.

— Xayriyat, — deya lab burgan ko‘yi nari ketdi Tillanisa. — Kuldanam cho‘g‘ chiqarkan. Tag‘in kechgacha qolib ketmang, o‘lmay xavotirlanib.

— Tez qaytaman, — dedi Tilavoldi. — Hozircha tag‘in qo‘shnikiga chiqib sut so‘rab turgin! Boshqa iloji yo‘q.

Shunday dedi-yu, Tilavoldi paltosi yoqasini ko‘tardi-da, tashqariga o‘zini urdi.

* * *
Bir soat deganda Tilavoldi tanish mahallaga kirib bordi. Bo‘yoqlari ko‘chgan eski temir darvozaga yaqinlasharkan, negadir ko‘ngli g‘ashlana boshladi.

«Yana o‘sha xo‘mraygan marazga duch kelaman shekilli, — o‘yladi u darvozani taqillatishga shoshilmay. — Nimaga keldim o‘zi? Qishloqdagilardan surishtirsam, topardim-ku o‘sha qaymoqni! Yo‘q, onam-ku nima bo‘lgandayam! Bir kosa qaymoqqa olmaydimi bizni? Kamayib qolishmaydi-ku! Ishqilib men tufayli onamga jabr bo‘lmasin!..»

U tavakkal bir necha marta darvozani taqillatdi. Ichkaridan tanish ovoz eshitilgachgina, ko‘ngli biroz taskin topib jilmaydi.

— Men Tilavoldiman, — ovoz berdi tashqaridan turib. — Ona, oching darvozangizni!

Ko‘z ochib yumguncha darvoza qiya ochilib, qarshisida ko‘zlari ichga botgan, yuzlariga ajin oralagan onasi hozir bo‘ldi. Tilavoldini ko‘rdi-yu, shosha-pisha ichkariga qarab olib, shundan keyingina o‘g‘lining yelkasidan oldi.

— Shu sovuqda nima qilib yuribsan? — so‘radi u hamon atrofga alanglab. — Tinchlikmi?

— Ona, nevarangizga bir kosa qaymoq zarur bo‘p qoldi, — dedi Tilavoldi yer chizib. — Ishoning, sira bezovta qilmoqchi emasdim. Shunday bo‘lib qoldi-da!..

— Qaymoq? — so‘radi onasi lab tishlab. — Bor qaymoq. Qancha kerak?

— Bir kosa bo‘lsa yetadi. Tez oborishim kerak ekan.

— Hozir… Sen shu yerda turgin! Otang uyda. Yana janjal ko‘tarib yurmasin! Bilasan-ku fe’lini! Men… Hozir opchiqaman!..

Onasi shunday deb hovliga qaytdi. Tilavoldi esa ortga tislanib, ko‘chalarni tomosha qilgan bo‘ldi. Sal o‘tib ona qo‘lida bir kosa qaymoq bilan chiqib keldi.

— Mana, berkitib qo‘yganim boridi. Sen… Uch so‘m beraqol!

— Nima?.. — Tilavoldi hech narsaga tushunmay, onasiga tik boqdi. — Nima dedingiz?

— O‘zi… Uch yarim so‘mdan sotaman bir kosa qaymoqni. Sen… Uch so‘m beraqol dedim.

Bu gap Tilavoldining ko‘ksini naq teshib o‘tayozgandi.

Xayollari chalkashib, xuddi ko‘z oldi qorong‘ilashgan kabi qalqib ketdi. Ammo darrov o‘zini o‘nglab onasiga yuzlandi.

— Adashmayapsizmi? — bu gal zarda aralash so‘radi. — Balki menam uch yarim so‘m berarman? O‘g‘lingizman-ku!..

— Meni qiynama, bolam, — dedi ona yig‘lamsirab. — Meniyam boshimda xo‘jayinim bor. Egali qulman. Uch so‘mni ber-u, uyingga chop. Bolang mahtal bo‘lib qolmasin!..

Tilavoldi bag‘ri qahratondan-da muzlab, vujudi titrab arang kissasidan pul chiqarib oldi. Ona so‘ragan uch so‘mni berdi-da, kosadagi qaymoqni olib indamaygina ortga qaytdi. Ketib borardi-yu, alamdan dod solgisi kelar, dunyoning adolatsizligidan kuyardi…

* * *
Shularni eslarkan, Tilavoldi do‘mpaygan qabrga dardli boqib, qabr ustidagi yakkam-dukkam o‘tlarni yulib, o‘rnini kaftlari bilan avaylabgina siladi. Silayverdi, sukut saqlayverdi. Shu ko‘yi bir soatcha jim o‘tirdi.

— Qarang, ona, — dedi nihoyat o‘ziga kelib. — O‘tmishga tosh otib bo‘lmaydi deyishardi. Men bo‘lsam, xayolan unga tosh otib qo‘ydim. Shundog‘am gunohlarim ko‘p edi. Nahotki, yana bir gunohni orttirib olgan bo‘lsam? Nima qilay? Shu tobda qaymoq voqeasi yodimga tushib qoldi-da!.. Bilaman, tushunaman, o‘shanda yosh edingiz. Shuning uchun ham mendek murg‘ak go‘dakning qosh-qovog‘iga qarab o‘tirgingiz kelmagan. Turmush qilish, yana boshqa farzandlar ko‘rishni xohlagansiz. Xohishingiz azbaroyi kuchli bo‘lganidan, bobom-u buvimlarning nasihatlari qulog‘ingizga kirmagan. Men bo‘lsam, har kuni yo‘lingizga ko‘z tikardim. Hovliga kirib kelishingizni, meni ko‘tarib olib mahkam bag‘ringizga bosgancha bir umr qolib ketishingizni orzu qilardim. Afsus… Siz ahyon-ahyonda kelardingiz-u, meni xo‘rozqand bilan aldab yana yangi uyingizga ketib qolardingiz. Men kechalari hech kimga sezdirmay, ko‘z-ko‘z qilmay, o‘sha xo‘rozqandni quchgan holda yum-yum yig‘lardim. Ba’zida shartta uyingizga kirib borgim, bag‘ringizga o‘zimni otgim, sizni to‘yib-to‘yib hidlagim kelardi. Ammo o‘gay otamning o‘tkir va sovuq nigohlari ko‘z o‘ngimda gavdalanib, shashtimdan qaytardim. Ertalab esa go‘yo hech narsa bo‘lmagandek ko‘chaga chiqib ketaverardim. Men shu alfozda ulg‘aygandim. Uylandim, farzandli bo‘ldim. Shaytoni lain esa sizdan sovitaverdi. Qalbimning qayeridandir otilib chiqajak qaynoq mehr o‘tini suv sepib so‘ndiraverdi. Men sizni ayblayverdim. Kattalar esa nihoyat ko‘zimni ochishdi. «Hechdan ko‘ra kech» degan hikmatni qalbimga jo qilishdi. Farzand ota-onadan dunyoga keltirib, hayot baxsh etgani uchun ham abadul-abad qarzdorligini kech bo‘lsa-da anglab yetdim. Meni, men gumroh o‘g‘lingizni kechiring, ona! Qabringizda tinch yoting! Men so‘nggi nafasim qolguncha albatta sizdan xabar olaman, g‘oyibona bo‘lsa-da sizdan ko‘ngil so‘rayman, qabringizga boshimni qo‘yib sizga iymon keltiraman, tavba qilaman. Kechiring, kechiring, kechiring!..

Tilavoldi ancha vaqt onasi qabriga bosh qo‘ygancha o‘tirib qoldi. Atrofda allakimlarning tovushlari qulog‘iga chalina boshlagachgina asta o‘rnidan qo‘zg‘alib, bilganicha tilovat qildi va ko‘ngli hiyla yorishib ortga qaytdi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bir kosa qaymoq… (Voqea real hayotdan olingan)