09:52 / 26.11.2018
4 228

Chiroyli kelajak

Chiroyli kelajak
Samolyotda men bilan yonma-yon o‘rindiqda o‘tirib kelayotgan odam britaniyalik bo‘lib, oltmishlarni qoralagan amaki edi. O‘zini katta bir xalqaro tashkilot rahbari deb tanishtirdi. Men ham o‘zimni tanitayotganimda yoshlik qildim chog‘i, u kishi farzandlari, ikki o‘g‘li haqida bo‘lgan voqeani aytib berishga kirishib ketdi.

Ikki o‘g‘lining yoshligidanoq ilm o‘rganishga yo‘naltirishni istagan ota bir kuni ular bilan dars tayyorlashga o‘tirdi. Gapdan gap ochilib, farzandlarida mashinaga qiziqish kattaligini payqadi. U bolalaridan katta bo‘lsangiz qanaqa mashina minishni xohlaysizlar, deb so‘radi. O‘g‘illari barobariga “Ferrari”, deb javob berishdi.

Shunda otasi zudlik bilan: “Kelinglar, hoziroq mashina bozoriga chiqib, “Ferrari”ning narxini bilib kelamiz”, dedi. Bolalar juda xursand bo‘lishdi. Otasi esa ularni mashina bozoriga olib chiqdi. Bozorga kirib, sotuvchining oldiga bordilar. Ota unga bolalari “Ferrari” mashinasini sotib olmoqchi bo‘layotganini aytdi. Sotuvchi ular bilan xuddi rostakam xaridorlardek muomalada bo‘ldi va mashinani ko‘rsatib, nimalarnidir tushuntira ketdi. “Ferrari” eshigini ochdi va bolalarga uning ichiga kirishlarini, o‘tirib o‘rindiqlariga baho berishlarini so‘radi. Ular bo‘lsa zumda mashina saloniga kirishdi hamda avtomobil haqida iliq fikrlar aytishdi. Shu on otasi bolalariga qarata: “Biz mashina bilan bo‘lib ketibmizu, uning narxini so‘ramabmiz-ku”, dedi. Sotuvchidan uning umumiy narxini hamda oyma-oy bo‘lib to‘lanadigan bo‘lsa qanchadan to‘g‘ri kelishini so‘rab bildi, bu narxni bolalariga daftarga qaydlab qo‘yishlarini iltimos qildi.

Uyga qaytganlarida bolalari tinmimsiz raqishda ko‘rgan mashinalari haqida gapirar edilar. Ular mashinaning imkoniyatlaridan g‘oyat ta’sirlangandilar. Ota farzandlari o‘tirib gap boshladi: “O‘g‘illarim, bu mashina juda qimmat ekan”, dedi. Bolalari birdaniga savol berishdi: “Uni sotib olishimiz uchun nima qilishimiz kerak, ota?” “Sizlar e’tiborli ish egalari bo‘lishlaringiz kerak, shundagina mashinaning oylik to‘lovini to‘lashga qurbingiz yetadi va mashina olib mina olasizlar”, deb javob berdi otalari. Ular birgalikda o‘tirib, mashinaning oyma-oy to‘lovini hisob-kitob qila ketdilar.

Ertasi kuni ota bolalarini umumiy katta kutubxonaga olib keldi. U yerda ota farzandlariga Britaniyadagi turli xil sohalar haqida va ularning yillik kirim-chiqimi yozilgan bayonotlarni ko‘rib chiqishga taklif qildi. Ular birgalikda turli xil jabhalarni ko‘zdan kechirishar ekan, yillik chiqimi oz, lekin kirimi foydali bir nechtagina sohani tanlab, bir to‘xtamga keldilar. Shunda otalari: “Mana o‘g‘illarim, sizlar maqsadlaringizga yetishishingiz uchun bu oltita sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lishingiz kerak ekan, nima deysizlar?”, dedi. Ular rozi bo‘ldilar. So‘ngra ota o‘g‘illari tanlagan sohalari bo‘yicha qabulxonadan barcha ma’lumotlarni olib berdi: bu sohaga kirishish uchun avvalo nima qilish kerak, qaysi kollej, qaysi institut, qanday doktorlik ishlarini yoqlash kerak, ipidan ignasigacha surishtirib bildi hamda bu ma’lumotlarni o‘g‘illariga ulashdi. Ular bo‘lsa alohida-alohida daftarlariga yozib oldilar. So‘ngra uyga qaytdilar.

Otasi ular bilan birga o‘tirib, og‘ir-bosiq holatda bolalari tanlagan sohalar hamda institutlarga kirishlari uchun qaysi fanlarni o‘zlashtirish muhimroqligini ko‘rib chiqdi. Har biriga boshqa-boshqa maslahatlar berishdan to‘xtamadi. Farzandlari ham qo‘yilgan maqsad sari intilishda birgalikda harakat qilsalargina foydali bo‘lishini bilib turardilar. Ota ularga barcha yo‘nalishni o‘rgatib xonadan chiqib ketdi.

Keyin nima bo‘ldi, dersiz?

Suhbatdoshim, ya’ni bolalarni otasi so‘zida davom etdi: “ularda avvallari guvohi bo‘lmaganimiz, g‘ayrat paydo bo‘ldi. Darslar tayyorlashar, vazifalarni o‘z o‘rnida qilishar, kollejni ham bitirishdi, institutga o‘z kuchlari bilan kirishdi. Bakalavrlik so‘ngra magisturaturani ham a’lo baholarga bitirishdi”. Ular maqsadlari yo‘lida ilmiy izlanishlarni tugatishib, endi amaliy tomoniga o‘tishdi, ya’ni bitirgan sohalari bo‘yicha ishlay boshladilar.

Mana hozir ular yigirma yoshdan sal oshdilar. Shunday bo‘lsa-da, biri Britaniyadagi katta restoranlardan birining rahbari, uylanish taraddudida. Narigisi esa Germaniyadagi mashhur firmaning e’tiborli lavozimida ishlamoqda.

Suhbatdoshim shu o‘rinda hikoyasini tugatdi.

Menda savol paydo bo‘ldi: “Ular o‘zlari maqsad qilib belgilagan “Ferrari”ga yetishdilarmi?”

Ota kulgancha javob berdi: “Katta o‘g‘lim “Ferrari”dan ko‘ra “Porshe”ni yoqtirib qoldi va uni sotib oldi, kichik o‘g‘lim esa “Ferrari”ni olishga boshlang‘ich to‘lovini to‘lab qo‘ydi”.

Tushundimki, ota o‘z o‘g‘illariga chiroyli kelajakni ularning yoshliklaridanoq qalblariga o‘rnashtirgan va maqsad sari intilishni ularga ko‘rsatib bera olgan.

Xulosa qildim, qaniydi, har bir ota-ona o‘z jigargo‘shalariga shu ota singari rag‘bat ko‘rsatib ularni qiziqqan sohalariga yo‘naltira olsa, qaniydi, buyuk doktorlar, buyuk muhandislar chiqsa. Muhimi maqsad belgilab berisha olishsa, shundagina farzandlarining kelajagidan xavotir olishga asos qoldirmagan bo‘lardilar.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Chiroyli kelajak