21:10 / 03.03.2020
4 108

Gynohlap yo‘lini to‘caylik!

Gynohlap yo‘lini to‘caylik!
Hammamiz ham har kuni biror yumush bilan ko‘chaga chiqamiz, jamoat joylarida bo‘lamiz. Shunda beixtiyor insonning ko‘zi insonga tushadi. Uning kiyimiga e’tibor beradi. Shu asnoda har kimning qanday qavmga mansubligi, dunyoqarashi, madaniyati ayon bo‘ladi. Bu arzimas narsa emas. Ochig‘i, ko‘pchilikning, ayniqsa, ayrim ayollarning ustidagi liboslarga ko‘zimiz tushganida xunuk bir manzaradan ko‘nglimiz g‘ashlanadi.

Jurnalist Dilrabo Quryazovaning «Huquq» gazetasining 2019 yil 11 iyul sonida chop etilgan «Akalarga yirtiq shim, singillarga kalta yubkami?..» sarlavhali maqolasini o‘qiganimda shunday o‘ylar ko‘nglimdan kechgandi va unga munosabat bildirishni niyat qilgandim. Biroq ish bilan chalg‘ib, bu niyatim biroz xayolimdan faromush bo‘libdi. Hechdan ko‘ra kech yaxshi deganlaridek, kechroq bo‘lsa-da mulohazalarimni bildirmoqchiman.

Maqolada ta’kidlanganidek, keyingi paytlarda nafaqat ayollar, balki erkaklarning ham modaning ortidan quvishi urf­ga aylanib bormoqda. Ajnabiylarning behayo liboslariga havas qilib, ularga taqlid qilgan xotin-qizlar hammaning nigohi tushadigan joylarda yarim yalang‘och yurishibdi. Bu bilan o‘zlari gunoh qilgani holda boshqalarni ham gunohga botirayapti. Qolaversa, bunday kiyinish ularning sog‘lig‘i uchun ham koni zarar, tug‘ilajak farzandlari uchun ham xavfli.

Bunga ayollarning o‘zlarigina emas, biz erkaklar ham aybdormiz. Axir shunday sharmandali kiyinib ko‘chaga chiqqan qizlar yoki ayollar qaysi birimizning opamiz, singlimiz, qizimiz yoxud turmush o‘rtog‘imiz emasmi? Ularni insofga chaqirish, risoladagidek ki­yinishi uchun jon kuydirish siz bilan bizning ham burchimiz-ku!

– Ochig‘i, bugun katta ko‘chalarda, bozorlardagina emas, mahallalarda ham bemalol yurishga kishi qiynaladigan bo‘lib qoldi, – deydi O‘zbekiston qahramoni, keksa pedagog Muhabbat Sharopova. – Chunki ba’zilar egniga shunaqa ki­yimlarni ilib olishmoqdaki, ularning oldidan faqat yerga qarab yoxud yuzni teskari burib o‘tsam deysiz…

Tavba, bir zamonlar axloqi sal bundayroq ayollargina shunaqa beparda narsalarni ki­yishga ishqiboz edi. Hozir esa oq-qorani tanib ulgurmagan qizlarimiz orasida ham bunday kiyimlar urf bo‘layapti. Demak, gulday nozik, siyrati pok qizlar bu kiyimlarni kiyib yurish gunoh ekanini anglamaydi.

Ammo ota-onalar bunga nega befarq qarayapti? Bu ham kechirilmas gunoh-ku!. O‘z farzandimning yurish-turishiga mas’­ulman, boshqalar nima qilsa qilaversin deb o‘zimizni chetga olishga haqqimiz yo‘q. Xalqimizning «Bir bolaga yetti qo‘shni – ota-ona» degan naqli bejiz aytilmagan.

– Ma’lumki, inson nafaqat og‘zi va burni, balki terisi orqali ham nafas oladi, – dey­di Qarshi shahar tug‘ruq kompleksi bosh shifokori Salima Ochilova. – Sun’iy tolalardan tayyorlangan, badanga yopishib turadigan hozirgi kiyimlar terining nafas olishini qiyinlashtiradi. Bu butun tana a’zolari faoliyatining buzilishiga olib keladi. Ayniqsa, balog‘at yoshidagi qizlar tanasida kechayotgan fiziologik o‘zgarishlarga katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Tor kiyim, birinchidan, kishining erkin harakatini cheklaydi. Natijada odatdagiga nisbatan kam harakatlaniladi. Ikkinchidan, bunday kiyimlar kishi asabiga ta’sir etib, uni o‘ziga sezdirmagan holda jizzaki qilib qo‘yadi. Inson vujudi yaxlit tuzilishga ega. Shu bois har qanday noxush ta’sir tanadagi har bir hujayrada asorat qoldiradi.

Sun’iy toladan tikilgan tor liboslar, tabiiyki, kishini ko‘p terlatadi. Me’yoridan ortiq terlash natijasida organizmdan ko‘p miqdorda tuz, kislotalar ajralib chiqadi. Bu moddalarning kamayib ketishi oqibatida modda almashinuvi jarayoni buziladi. Bundan tashqari, me’yoridan ortiq terlash tanada turli mikroblarni paydo qiladi.

Terning bug‘lanishi esa mik­roblarning rivojlanib, teriga infeksiya tushishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun homilador va yangi tuqqan ayollar tor va havo o‘tkazmaydigan matolardan kiyim kiymasligi zarur.

– Shariatimiz ayollarni begonalar nazarini jalb etadigan tor, harir, kalta liboslar kiyib ko‘chaga chiqishdan qaytaradi. Albatta, buning o‘ziga xos sabablari bor, – deydi Chiroqchi tumanining bosh imom-xatibi Behzod Norqulov. – Avvalo, har bir ayol begona erkak uchun nomahram hisoblanadi. Ko‘chadagi ochiq-sochiqlik ayrim erkaklarning xayolini buzadi. Natijada ayol kishi ko‘z zinosiga sababchi bo‘lib qoladi.

Zino esa yomon illat va gunohi kabiralardan biridir. Qur’oni karimning «Al-Isro» surasining 32-oyatida ham «Zinoga yaqinlashmanglar! Chunki (bu) buzuqlikdir – eng yomon yo‘ldir» deb ogohlantirilgan. Kimlar uchundir arzimas bo‘lib ko‘ringan ko‘z zinosi bir talay buzuqliklarni boshlab keladi, hatto oilalarning buzilib ketishiga sabab bo‘ladi.

Nazarimizda, muhtaram ayollarimiz me’yorida kiyinishni bilsa, bunday noxushliklarga chek qo‘yiladi, inshoolloh.
* * *
Ulamolarimizning qayd etishicha, muslima ayollar o‘zlari uchun keng va qulay liboslarni tanlashlari lozim, toki u butun badanlarini nomahram erkaklardan berkitib tursin.

Muslima ayol kiyim ki­yishda erkak­larga o‘xshamasligi, ulardan farq qilib turishi lozim. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) o‘zini erkaklarga o‘xshatadigan va erkaklarga xos tarzda kiyim kiyadigan ayollarni la’natlagan.

Muslima ayollarning kiyimida bosh­qalarning nazarini o‘ziga tortadigan darajada ziynat yoki fitnaga sabab bo‘luvchi narsalar bo‘lmasligi kerak. Darhaqiqat, Alloh taoloning ayollarga o‘z badanlarini berkitib yurishni buyurishida katta hikmat va ko‘p manfaatlar bor. Alloh ayollarni go‘zal va nozik qilib yaratgan va shu chiroyini faqatgina o‘z jufti (eri) uchun halol qilgan.

Mutaxassislarning fikricha, tor shim kiyish o‘smir qizlarning tos suyagi o‘sishini sekinlashtiradi. Kindikni ochib yurish esa ichki a’zolar shamollashiga, hatto befarzand­likka ham sabab bo‘ladi.

Bu kabi noxush sabablar bilan erning xotiniga, xotinning eriga ishonchi yo‘qoladi, xiyonatlar ortib, oilalarning buzilishi ko‘payadi. Ushbu holat erkaklar nazdida ayollarning qadri tushib ketishiga olib keladi. Agar ayollar o‘zlarini erkaklardan tortib, hayo qilsa, badanlarini berkitib yursa, erkaklar oldidagi hurmati ortadi. Muhtaram ayollar, ki­yinish odobi va madaniyatiga amal qiling! Shunda gunohlar yo‘lini to‘sgan bo‘lasiz.

Norbo‘ta G‘OZIYEV

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Gynohlap yo‘lini to‘caylik!