19:47 / 23.08.2022
1 286

Prezident tadbirkorlar bilan muloqot o‘tkazdi. Endi nimalar o‘zgaradi?

Prezident tadbirkorlar bilan muloqot o‘tkazdi. Endi nimalar o‘zgaradi?
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Muloqot chog‘ida tadbirkorlik sohasi uchun muhim bo‘lgan qator o‘zgarishlar e’lon qilindi.

Mikro, kichik va o‘rta biznes
Ochiq muloqotda tadbirkorlik korxonalarini toifalarga ajratib, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida yondashuvlar belgilandi.

Bunda, korxonalar yillik aylanmasi bo‘yicha quyidagi toifalarga ajratilmoqda:
  • 1 milliard so‘mgacha bo‘lgani – mikro biznes;
  • 10 milliard so‘mgacha bo‘lgani – kichik biznes;
  • 100 milliard so‘mgacha bo‘lgani o‘rta biznes.

Shundan kelib chiqib, tadbirkorlarga ayrim yengilliklar ham berilmoqda.

Mikro biznes uchun yagona soliq stavkasi
2023 yil 1 yanvardan boshlab mikro biznes uchun aylanmadan olinadigan soliqning amaldagi 4 foizdan 25 foizgacha bo‘lgan soliq stavkalari o‘rniga, yagona 4 foizli soliq stavkasi joriy etiladi. Bunda, olis hududlardagi va alohida toifadagi tadbirkorlar uchun, amaldagi 1 va 2 foizli stavkalar saqlab qolinadi.

Soddaroq aytgandda, oldingi tartib bo‘yicha, «oborot»i bir yilda 100 million so‘m bo‘lgan tadbirkor 4 million so‘mdan 25 million so‘mgacha soliq to‘lagan. Endi esa yagona stavka — 4 million so‘m to‘laydi, xolos. Bu savdo aylanmasi miqdoridan kelib chiqib, o‘zgarishi mumkin. Ya’ni, masalan, 1 milliard so‘m aylanmaga ega bo‘lganlar 250 million o‘rniga 40 million to‘laydi.

Yana bir muhim yangilik — agar tarbirkor o‘z xohishi bilan 20-30 million so‘m soliq to‘lasa, buxgalteriya hisobini yuritish va o‘sha hisobotni soliq idoralariga yuborishi shart bo‘lmaydi. Bu orqali tadbirkor, birinchidan 40 milliondan kamroq soliq to‘laydi, ikkinchidan qog‘ozbozlikdan ozod bo‘ladi.

Ushbu o‘zgarishlar mikro biznes egalarida kelajakka xavotir hissini yo‘qotadi. Chunki soliq stavkasining turli darajalari borligi uchun ular imkon qadar pastroq soliq stavkasida yurishga harakat qiladi, bu esa o‘z navbatida ayrim qonunbuzarliklar va yashirin iqtisodiyotni ham keltirib chiqarishi mumkin.

Qolaversa, mikro biznes egalarining aksariyati alohida buxgalter shtati saqlamaydi, bu iqtisodiy tomondan ham o‘zini oqlamaydi. Bundan tashqari ularni har oy turli soliq hisobotlari bilan boshini qotirish ham aslida noto‘g‘ri bo‘ladi.

Foyda solig‘ining 50 foizi
2023 yil 1 yanvardan boshlab aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshib, umumiy soliq to‘lash tartibiga o‘tgan korxonalar bir yil davomida foyda solig‘ini 2 barobar kam to‘laydi. Bu imtiyoz 370 ming kichik tadbirkorga yengilliklar yaratadi va ularga juda katta stimul beradi.

Qayd etish kerakki, ayrim tadbirkorlar soliq yukidan qochib, daromadlarini yashiradi va turli yo‘llar bilan o‘zini mikro biznes vakili qilib ko‘rsatishga urinadi. Ushbu yangilik mikro biznesdan kichik biznesga o‘tgan tadbirkorlarga o‘z o‘rnini topishda katta yordam beradi.

Prezidentning qayd etishicha, aylanmasi 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan tadbirkorlarga xabardor qilish orqali soliq to‘lovlarini 6 oy ichida foizsiz bo‘lib to‘lash imkoni beriladi. Agar tadbirkor xohlasa, uning soliq hisobotlarini soliq idoralari ko‘makchi bo‘lib, yuritishga ham yordamlashadi.

«Qorong‘uda ishlash vaqti o‘tdi»
Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida tez o‘sib borayotgan yuqori salohiyatli o‘rta korxonalar sonini hozirgi 3,5 mingtadan 10 mingtaga yetkazish zarurligini ta’kidladi.

Buning uchun, 2023 yil 1 yanvardan:
  • kichikdan o‘rta biznesga o‘tgan korxonalar ikki yil davomida foyda solig‘ining faqat 50 foizini to‘laydi;
  • mulkni sug‘urta qilish xarajatlarining 50 foizi davlat hisobidan qoplab beriladi;
  • soddalashtirilgan soliq, moliyaviy va statistika hisobotlari joriy etiladi;
  • davlat xaridlarida 20 foiz kvota o‘rnatilib, ushbu xaridlar doirasida ularga oldindan 50 foiz mablag‘ to‘lab beriladi (amalda 15 foiz).

«Endi O‘zbekistonda qorong‘uda ishlash yo‘q bo‘lishi kerak. U zamon o‘tib bo‘ldi. Endi ochiq ishlaylik, halol ishlaylik, soliq to‘laylik, manfaat topaylik», — dedi davlat rahbari.

Pasaytirilayotgan QQS
Eng muhim yangilik – bu shubhasiz, 2023 yildan boshlab, qo‘shilgan qiymat solig‘ining 15 foizdan 12 foizga pasaytirilayotgani bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev 2021 yilgi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida biznes uchun soliq yukini tushirish siyosatini davom ettirib, qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini yanada tushirishga va’da bergan edi.

Prezidentning ta’kidlashicha, iqtisodiyot pandemiya tufayli hali to‘liq tiklanmaganini, jahon iqtisodiyotidagi vaziyat yaxshi emasligini ro‘kach qilib QQS stavkasini tushirishni keyinga qoldirish taklifini bergan mutasaddilar ham bo‘lgan.

Davlatimiz rahbari minbardan turib, shunday dedi: «Lekin, sizlarni ishontirib aytaman: biz islohotlar yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz va 2023 yil 1 yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 12 foizga tushiramiz!»

Korzinka asoschisi Zafar Hoshimov muloqotda taklif berarkan, QQSga ham o‘z munosabatini bildirib o‘tdi: «QQSning pasayishidan hamma, eng birinchi navbatda, eng oxirgi iste’molchi bo‘lgan xalq yutadi».

Voz kechilayotgan 2 trillion so‘m
Joriy yil 1 iyuldan boshlab, bo‘sh bino, foydalanilmayotgan yer uchastkasiga nisbatan mol-mulk va yer soliqlarining oshirilgan stavkalarini qo‘llash bekor qilindi.

Lekin, avval oshirib hisoblangan soliqlar nima bo‘ladi, degan savol 19 ming tadbirkorni bezovta qilmoqda va bu bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushgan.

Shularni inobatga olib, Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarning oshirilgan soliq stavkalari bo‘yicha hisoblangan 2 trillion so‘mlik qarzlaridan butunlay voz kechishni taklif qildi.

Aslida soliq sohasidagi yengilliklar qo‘llansa, barchaga birdek qo‘llanishi kerak. Kimgadir yengillik berib, boshqalarga berilmasa, o‘z-o‘zidan sog‘lom raqobat yo‘qoladi.

1 iyuldan bo‘sh bino, foydalanilmayotgan yer uchastkasiga nisbatan mol-mulk va yer soliqlarining oshirilgan stavkalarini qo‘llash bekor qilinganda ko‘pchilik tadbirkorlar xursand bo‘ldi, ammo bungacha mana shu oshirilgan stavka qo‘llangan 19 ming tadbirkorga nisbatan biroz adolatsizlik bo‘lgandi.

Bugun o‘sha adolat qayta tiklandi. Davlat 2 trillion so‘mlik soliq qarzlaridan voz kechadigan bo‘ldi.

Endi eski hokim chiqargan qarorni yangi hokim bekor qilolmaydi
Ochiq muloqotda yangragan yana bir muhim yangilik — yer va mulk ajratish haqidagi qarorlarni bekor qilish faqat va faqat sud tartibida amalga oshirilishi bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida barcha hokimlarning e’tiborini ushbu masalaga qaratdi: mulk huquqiga oid qarorlarni ular tomonidan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

«Bo‘ldi endi, bir hokim keladi, ikkinchisi uning qarorini bekor qiladi. Prezident hokimni qarorni bekor qilish uchun qo‘ymaydi, tadbirkorni qo‘llash, xalqni rozi qilish, sharoitni yaxshilash uchun qo‘yadi.

Bundan buyon yer va mulk ajratish haqidagi qarorlarni bekor qilish faqat va faqat sud tartibida amalga oshiriladi. Ya’ni, huquq beruvchi hujjatni faqat sud haqiqiy emas, deb topishi mumkin bo‘ladi
», — deya ta’kidladi Prezident.

Tadbirkorlarni jazolash emas, ularga yordam berish kerak
Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan beshinchi yo‘nalish – tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilish va ularni javobgarlikka tortish masalalari bilan bog‘liq.

Bunda eng avvalo tadbirkorlarga nisbatan yangi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga 3 yillik moratoriy e’lon qilindi.

Shuningdek, tadbirkorlarga nisbatan majburiyatlar yuklaydigan yangi qonun hujjatlari qabul qilinganda, yo‘l qo‘ygan xatosi uchun, tadbirkorga 6 oy davomida jazo qo‘llanilmaydi.

Shuningdek, birinchi marta xato qilgan kichik biznes vakillariga jazo chorasi qo‘llanilmaydi. Buning o‘rniga kamchiliklarni bartaraf etishga soliq idoralari ko‘makchi bo‘ladigan tizim joriy etiladi.

Jarimalar miqdori ham, tadbirkorlarning to‘layotgan solig‘idan oshib ketmasligi belgilanmoqda.

Muloqot chog‘ida shuningdek, faol tadbirkorlar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi, Prezident huzurida Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tuziladigan bo‘ldi va «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor» faxriy unvonini ta’sis etish taklifi bildirildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Prezident tadbirkorlar bilan muloqot o‘tkazdi. Endi nimalar o‘zgaradi?