19:07 / 26.02.2023
156

Yangi konstitutsiyada soliqlar adolatli bo‘lishi shartligi belgilanmoqda

Yangi konstitutsiyada soliqlar adolatli bo‘lishi shartligi belgilanmoqda

Ayni kunlarda “O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Loyihaga ko‘ra, hozirgi konstitutsiyaning 51-moddasiga o‘gartirish kiritilmoqda.

Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarish

Hozirgisi — “Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va yig‘imlarni to‘lashi shart.”

Kiritilayotgan o‘zgarish — “Soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak.”

Ko‘pchilik yaxshi biladi, har qanday davlatning asosi — uning iqtisodiy qudrati, oddiy tilda aytganda, davlat budjeti hisoblanadi.

Budjetning asosiy qismini esa soliqlar tashkil etadi. Soliqlardan tushgan pullar esa mamlakatni har tomonlama rivojlantirishga sarflanadi.

Shu sababli har bir fuqaro qonun bilan belgilab qo‘yilgan soliqlarni to‘lashi shart. Bu davlat ravnaqiga, xalq farovonligiga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, davlat ham fuqarolar uchun ortiqcha va og‘ir bo‘lgan soliqlar yoki boshqa yig‘imlarni joriy etmaslik bo‘yicha kafolat berishi, bu kafolat esa qonun bilan mustahkamlanishi kerak bo‘ladi.

Bu — davlat soliq va yig‘imlar joriy etayotganda aholi yoki tadbirkor uni to‘lay olishiga qurbi yetishini, albatta, inobatga oladi. Ortiqcha va mantiqsiz soliqlardan, turli yig‘imlardan voz kechiladi. Soliq siyosati esa yildan yilga soddalashtiriladi, odamlar uchun manfaatli bo‘lishi ta’minlanadi.

Oxirgi yillarda tadbirkorlar to‘laydigan soliq turlari soni qisqartirildi, aholiga, biznesga soliq imtiyozlari qo‘llandi, ayrim huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori tushirildi. Ayrim yig‘imlar 5 baravargacha (masalan, avtomobil oynalari tusini o‘zgartirganlik uchun to‘lovlar) kamaytirildi.

Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarish esa ana shunday ijobiy o‘zgarishlar izchil va tizimli davom ettirilishi uchun huquqiy asos bo‘ladi.

Soliqlar va yig‘imlar ortiqcha yuk bo‘lmasligiga erishiladi. O‘z navbatida fuqarolarni ham soliqlarni Vatan ravnaqi va xalq farovonligi uchun qo‘shiladigan hissa, daxldorlik hissi deya qabul qilishga erishish lozim.

Konstitutsiyaga “adolatli soliqlar” atamasining kiritilishi kelgusida xalq uchun manfaatli bo‘lishi kutilmoqda.

Mazkur moddaning konstitutsiyaga kiritilishi nimasi bilan o‘ziga xos va bu jamiyat uchun qay darajada ahamiyatli ekani xususida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktor o‘rinbosari Muhsinjon Xolmuhamedov “Daryo” nashriga bergan intervyusida tushuntirish berdi.

Kiritilayotgan o‘zgarishning asosiy g‘oyasi soliq sohasida kamsitishning oldini olish, soliq imtiyozlari va boshqa imtiyozlarga tabaqalashtirilgan yondashuvni o‘rnatish maqsadida soliq va yig‘imlarning adolatliligini ta’minlashdir.

Shaffof va adolatli soliq tizimi iqtisodiyotni rivojlantirishning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Biroq shu kunga qadar amalda bo‘lgan soliq ma’muriyatchiligida ko‘plab noaniqliklarning mavjudligi biznes, tadbirkorlik va investisiya sohasining rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda. Soliq stavkalarining yuqori darajasi vijdonli soliq to‘lovchilarga qarshi ishlab keldi.

Masalan, tadbirkorlik subyektlari korxona qancha foyda olganidan qat’i nazar, davlat maqsadli jamg‘armalariga tovar ayirboshlash hajmining 3,2 foizini o‘tkazadi. Ushbu soliq yuki korxona daromadining kamida 21 foizini tashkil etib, raqobatbardosh va eksportbop mahsulot ishlab chiqarishga to‘sqinlik qiladi.

Bunday muammolarni bartaraf etish, soliq yukini yengillashtirish va chinakam bozor iqtisodiyotini rivojlantirish maqsadida davlat rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi ishlab chiqildi.

Shunday qilib, yangilangan Soliq kodeksining 10-moddasida “Fuqarolarning o‘z konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qiluvchi soliqlarni belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi” deb belgilangan.

2022 yil yakuniga ko‘ra O‘zbekistonda 162 mingdan ortiq qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchilari mavjud. Uch yil ichida ularning soni ikki barobarga — 85,4 mingdan 162,9 mingga, 2016 yildan buyon esa 19,6 barobarga oshgan. Bu o‘sish, birinchi navbatda, soliq yukining adolatli taqsimlanishi va kamayishi bilan izohlanadi.

Shu va boshqa yengilliklar tufayli Xalqaro valyuta jamg‘armasi soliq tizimini isloh qilishni O‘zbekistonning eng katta muvaffaqiyatlaridan biri sifatida tan oldi.

Shunga o‘xshash qoida Ispaniya (31-modda), Italiya (53-modda), Shveysariya (130-modda), Lixtenshteyn (24-modda) kabi davlatlarning konstitutsiyalarida ham o‘z aksini topgan bo‘lib, ularda soliq tizimining ijtimoiylik va insonparvarlik tamoyillariga muvofiqligi aks ettirilgan.

Kutilayotgan umumiy natijalar aholi farovonligini oshirish, jamiyatda ishbilarmonlar sinfining mavqei va ta’sirini kuchaytirish, o‘rta sinfni shakllantirish va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish orqali rivojlangan davlatlar safiga qo‘shilish imkoniyati bo‘ladi.

Soliq stavkalarining ijtimoiy yo‘naltirilgani, jumladan, kam ta’minlangan fuqarolarga nisbatan qo‘llanadigan soliq turlariga imtiyozlarning kiritilishi aholining turli toifalari o‘rtasidagi tengsizlik va daromadlar o‘rtasidagi farqni kamaytirishga xizmat qiladi.


Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori 

o‘rinbosari Muhsinjon Xolmuhamedov


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Yangi konstitutsiyada soliqlar adolatli bo‘lishi shartligi belgilanmoqda