date

Zargarlarga berilgan imtiyozlar muddati 2029-yilgacha uzaytirildi

Zargarlarga berilgan imtiyozlar muddati 2029-yilgacha uzaytirildi

O‘zbekistonda zargarlik sohasi rivojiga qaratilgan davlat qo‘llovi yana bir necha yilga uzaytirildi. Prezidentning yangi qaroriga ko‘ra, zargarlik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun qimmatbaho metallarni sotib olishdagi chegirmalar va imtiyozlar muddati 2029-yil 1-fevralgacha amal qiladi. Bu haqda Adliya vazirligi rasman ma’lum qildi.

Qaror bilan 2022-yil 23-dekabrda qabul qilingan PQ–452-son hujjatning 2-bandiga o‘zgartish kiritildi. Endi zargarlar birja savdolari yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar orqali oltin va boshqa qimmatbaho metallarni arzonlashtirilgan narxlarda sotib olish imkoniyatiga yana to‘rt yil davomida ega bo‘ladi.

Shuningdek, 2026-yil 1-fevraldan boshlab imtiyozlardan foydalanadigan zargarlarning yagona ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha yangi mezonlar joriy etiladi. Unga ko‘ra, yangi ish o‘rinlari yaratgan va ishchilar bilan rasmiy mehnat shartnomasi tuzgan, ularga eng kam ish haqining to‘rt baravaridan kam bo‘lmagan maosh to‘lagan tadbirkorlar ro‘yxatga kiritiladi. Bu ma’lumotlar soliq organlari tomonidan tasdiqlanishi shart bo‘ladi.

Bundan tashqari, zargarlik markazlarida kamida bir oy mobaynida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyekti sifatida rasman qayd etilgan bo‘lish ham yangi mezon sifatida belgilandi.

Qarorga ko‘ra, Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari ishlab chiqargan oltin va boshqa qimmatbaho metallar birja savdolari yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar orqali sotiladi. Bu jarayonda zargarlik sohasida yangi ish o‘rinlari yaratgan tadbirkorlarga London qimmatbaho metallar bozori uyushmasining ertalabki fiksing narxidan 4 foizgacha chegirma beriladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur choralar mamlakatda zargarlik sohasini yanada rivojlantirish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirishga qaratilgan. Shu bilan birga, bu qaror orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, rasmiy mehnat munosabatlarini kuchaytirish hamda ishchi zargarlarning daromad darajasini oshirish kutilmoqda.

Zargarlik sanoati mutaxassislari fikricha, uzaytirilgan imtiyozlar sohadagi barqarorlikni ta’minlab, mahalliy mahsulotlarning xalqaro bozorlarda raqobatbardoshligini yanada oshiradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Zargarlarga berilgan imtiyozlar muddati 2029-yilgacha uzaytirildi