date

Oksford universitetida o‘zbek tilini o‘rganish loyihalari rejalashtirilmoqda

Oksford universitetida o‘zbek tilini o‘rganish loyihalari rejalashtirilmoqda

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning ta’lim sohasidagi xalqaro tashabbuslari yangi bosqichga chiqmoqda. 15-oktyabr kuni u Buyuk Britaniya Bosh vaziri o‘rinbosari va Adliya vaziri Devid Lemmi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim, madaniyat va ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda asosiy e’tibor yoshlar uchun zamonaviy bilim olish imkoniyatlarini kengaytirish va inson kapitalini rivojlantirishga qaratildi. Tomonlar ta’lim tizimini xalqaro standartlarga yaqinlashtirish, ikki mamlakat o‘quv muassasalari o‘rtasida qo‘shma dasturlar joriy etish hamda ilmiy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha kelishib oldi.

Xususan, suhbatda O‘zbekiston maktablarida Kembridj ta’lim dasturining ayrim yo‘nalishlarini joriy etish, ingliz tilida dars beradigan malakali o‘qituvchilarni jalb qilish va Oksford universitetida o‘zbek tilini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Bu tashabbus nafaqat ikki mamlakat ta’lim tizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘taradi, balki o‘zbek tilining xalqaro nufuzini ham sezilarli darajada oshiradi. Tilni o‘rganish bo‘yicha Oksford universitetida yo‘lga qo‘yiladigan dastur kelgusida Britaniya va Yevropa ilmiy markazlarida O‘zbekiston madaniyatiga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirishi kutilmoqda.

Uchrashuv davomida, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy aloqalarni chuqurlashtirish, yoshlar uchun stipendiya dasturlarini kengaytirish va ikki tomonlama akademik almashinuv loyihalarini yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama etildi.

Saida Mirziyoyeva ta’kidlaganidek, bu tashabbuslar nafaqat ta’lim sohasida yangi imkoniyatlar yaratadi, balki O‘zbekiston va Buyuk Britaniya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va ishonch rishtalarini yanada mustahkamlaydi.

Mutaxassislar fikricha, mazkur hamkorlik O‘zbekiston ta’lim tizimiga xalqaro tajribani olib kirish, zamonaviy usullarni joriy etish va yosh avlodning ilmiy salohiyatini oshirishda muhim qadam bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Oksford universitetida o‘zbek tilini o‘rganish loyihalari rejalashtirilmoqda