date

Prezident Yangihayot tumanida 90 million dollarlik majmuaga start berdi

Prezident Yangihayot tumanida 90 million dollarlik majmuaga start berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Yangihayot tumanidagi “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida boʻlib, alyumin qadoq ishlab chiqarish, salqin ichimliklar quyish korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda sanoatlashtirish siyosati yangi bosqichga koʻtarildi. Oʻziga xos ishlab chiqarish quvvati va xalqaro texnologik standartlar asosidagi iqtisodiy oʻsish modeli shakllandi.

“Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi davlatimiz rahbarining 2024 yil 20 martdagi tegishli qaroriga asosan tashkil etilgan. U zamonaviy ishlab chiqarish infratuzilmasi, qulay logistika imkoniyatlari va investorlar uchun yaratilgan keng imtiyozlari bilan ajralib turadi.

Hududdagi istiqbolli loyihalardan biri “East Can Solutions” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Bu yerda alyumin qadoq ishlab chiqarish va salqin ichimliklar quyish majmuasi tashkil etildi.

Prezidentimiz loyihaning istiqboli, u yerda tayyorlanayotgan mahsulotlar koʻrgazmasi bilan tanishdi. Shu yerda loyiha rasmiy tarzda ishga tushirildi.

Korxona 21 gektar hududda joylashgan. Qiymati 90 million dollar boʻlgan ushbu loyiha asosan xorijiy investitsiyalar hisobiga moliyalashtirilmoqda.

Markaziy Osiyodagi sanoqli korxonalar sirasiga kiruvchi bu majmua AQSh, Buyuk Britaniya, Italiya va Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Ishlab chiqarish jarayoni esa toʻliq raqamlashtirilgan.

Korxonada ishlab chiqarish quvvati bosqichma-bosqich oshirib boriladi. Ilk bosqichda yiliga 600 million dona, keyingi bosqichlarda esa 1,1 milliard va 2,2 milliard dona alyumin qadoq mahsulotlari ishlab chiqariladi. Bu koʻrsatkichlar nafaqat ichki bozor ehtiyojini qondirish, balki mintaqaviy miqyosda raqobatbardosh mahsulot eksport qilish imkonini ham yaratadi.

Loyihaning ishga tushishi natijasida 60 million dollarlik import oʻrni qoplanib, 20 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi.

Mahalliylashtirish darajasi 90 foizga yetkaziladi. E’tiborlisi, korxonadagi barcha loyihalar toʻliq ishga tushishi bilan 500 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Byudjet uchun esa salmoqli soliq tushumlari ta’minlanadi.

Prezidentga shu yerda “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida amalga oshirilayotgan ishlarning borishi haqida axborot berildi.

Mas’ullar sanoat zonasining umumiy rivojlanish strategiyasi, mahalliylashtirish, raqamlashtirish va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish boʻyicha qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Bu yerda oziq-ovqat, elektrotexnika, mashinasozlik, kimyo va qurilish materiallari yoʻnalishlarida jami 1 milliard 200 million dollarlik 58 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbariga ularning 28 tasi taqdim etildi. Yaqin istiqbolda amalga oshadigan ushbu tashabbuslar natijasida 7 ming 600 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Ular nafaqat iqtisodiy samaradorlik, balki yangi ish oʻrinlari, eksport salohiyati va mahalliy ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirish orqali ijtimoiy barqarorlikka ham xizmat qilishi qayd etildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Prezident Yangihayot tumanida 90 million dollarlik majmuaga start berdi