15 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falihni qabul qildi. U yetakchi saudiya kompaniyalari rahbarlaridan iborat nufuzli delegatsiyaga boshchilik qilib, O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Uchrashuv avvalida Xolid al-Falih davlat rahbariga Saudiya Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va Valiahd, Bosh vazir Muhammad bin Salmonning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Suhbat davomida ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, amalga oshirilayotgan oliy darajadagi kelishuvlarning ijrosini ta’minlash va yangi yo‘nalishlarda sheriklikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘nggi yillarda O‘zbekiston–Saudiya munosabatlari misli ko‘rilmagan darajada faol rivojlanayotganini ta’kidladi. Barcha sohalarda hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi: savdo aylanmasi o‘smoqda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi ko‘paymoqda, qo‘shma korxonalar soni ortmoqda. Shu bilan birga, ikki davlat o‘rtasidagi aviaqatnovlar ham kengaydi.
Uchrashuvda qayd etilishicha, joriy loyihalar portfeli hozirda 27 milliard dollardan oshgan. Shundan 15 milliard dollarlik katta ulush “ACWA Power” kompaniyasi bilan energetika sohasida amalga oshirilayotgan yirik quvvatlarni barpo etish loyihalariga to‘g‘ri keladi.
Yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishlari samarali natijalar berdi. Ular doirasida qator yangi bitim va shartnomalar imzolandi, bu esa ikki mamlakat biznes aloqalariga yangi turtki berdi.
Uchrashuvda “yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, ko‘chmas mulk va infratuzilma sohalaridagi loyihalarni tez fursatda amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Saudiya bilan munosabatlarni faqat iqtisodiy emas, balki strategik hamkorlik darajasiga ko‘tarish zarurligini ta’kidladi. Saudiya delegatsiyasi vakillari esa O‘zbekistonning ochiq va barqaror investitsiya muhiti, islohotlar sur’ati va mintaqaviy ahamiyati yuqori loyihalarga katta qiziqish bildirayotganini qayd etdi.
Shunday qilib, Toshkentdagi bu uchrashuv ikki davlat hamkorligida yangi sahifa ochdi — o‘zaro ishonch va manfaatli sheriklik asosida milliardlab dollarlik istiqbolli loyihalar amalga oshishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!