Xalqaro sport tadqiqotlari markazi (CIES) jahon futbolidagi eng qimmat tarkiblarga ega klublar ro‘yxatini e’lon qildi.
Yangilangan reytingga ko‘ra, futbolchilarining umumiy bozor qiymati bo‘yicha Londonning “Chelse” klubi hozircha dunyoda raqobatchilaridan uzoqda yetakchilik qilmoqda.
Bir necha mavsumdan beri transferlarga katta mablag‘ sarflayotgan “Chelse” jamoasi futbolchilarining umumiy bahosi 1,807 milliard yevroga yetgan. Shu bilan u “Real Madrid” (1,684 mlrd yevro) va “Manchester Siti” (1,485 mlrd yevro)dan ustun keldi.
“Real”ning yuqori o‘rni tabiiy — jamoada Jud Bellingem, Vinisius Junior, Mbappe va Rodrigo kabi ulkan yulduzlar jamlangan. “Siti” esa yaqinda ikki transfer oynasi davomida tarkibini yangilab, yana kuchli uchlikka qaytdi. Bu ro‘yxatda 35 million yevroga baholangan o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husанов ham muhim rol o‘ynadi.
CIES hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yil oktabr oyi holatiga dunyodagi eng qimmat 10 ta klub quyidagicha:
1️⃣ Chelse — €1,807 mlrd
2️⃣ Real Madrid — €1,684 mlrd
3️⃣ Manchester Siti — €1,485 mlrd
4️⃣ Arsenal — €1,474 mlrd
5️⃣ Pari Sen-Jermen — €1,440 mlrd
6️⃣ Liverpul — €1,403 mlrd
7️⃣ Barselona — €1,352 mlrd
8️⃣ Tottenhem — €1,047 mlrd
9️⃣ Bavariya — €934 mln
🔟 Inter — €866 mln
“Arsenal” va “PSJ” ham yuqori beshlikka kirgan bo‘lsa-da, ular hozircha yetakchi klublarni quvib yetolmagan.
Eng qizig‘i, reytingdagi aksar jamoalar tarkibini yosh va kelajakka mo‘ljallangan futbolchilar tashkil etadi. Bu esa transfer bozorida raqobat yanada keskinlashishidan darak beradi.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husанов hozirda nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining eng qimmat futbolchisi hisoblanadi — u xalqaro skautlar diqqat markazida.
Shunday qilib, “Chelse” moliyaviy salohiyat va yosh iqtidorlar jihatidan hozircha jahon futbolida raqobatsiz yetakchi bo‘lib turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!