Toshkentda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Afg‘oniston Savdo va investitsiyalar palatasi (ACCI) raisi o‘rinbosari Ariyan Azimiy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat davomida ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va xususiy sektorlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama etildi.
Uchrashuv jarayonida qator amaliy tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, har chorakda Toshkent, Kobul, Termiz va Balx shaharlarida tadbirkorlar o‘rtasida B2B formatdagi muloqotlar tashkil etish, shu orqali biznes aloqalarni doimiy yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Shuningdek, ACCIning Toshkentda vakolatxonasini ochish va Afg‘oniston tadbirkorlari uchun biznes vizalarini soddalashtirish bo‘yicha kelishuvga ham erishildi.
Termiz porti orqali yuk tashish jarayonlarini tezlashtirish, bojxona tartib-taomillarini optimallashtirish va har yili Kobul hamda Toshkent (yoki Mozori Sharif va Termiz) shaharlarida qo‘shma savdo ko‘rgazmalarini tashkil etish masalalari ham muhokamadan o‘tdi.
Tomonlar bu tashabbuslar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmini oshirish, investitsiya loyihalarini jonlantirish va xususiy sektor hamkorligini yanada kuchaytirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida Davron Vahobov Afg‘oniston delegatsiyasining tashrifini ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarda yangi sahifani ochadigan muhim qadam sifatida baholadi.
Bu muloqot O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi strategik hamkorlikning yanada chuqurlashishi, mintaqa iqtisodiyotida yangi imkoniyatlar eshigini ochishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!