
O‘zbekistonning yirik sanoat konglomerati Akfa Group AQSh hududida yirik investitsion loyihani amalga oshirishni boshladi. Bu haqda kompaniya asoschisi Jahongir Ortiqxo‘jayev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Loyihaga ko‘ra, Turkiya kompaniyasi bilan hamkorlikda Kentukki shtatida yangi ishlab chiqarish zavodi qurilishi boshlandi. Loyiha uchun umumiy investitsiya miqdori 600 million dollarga baholanmoqda.
Mazkur loyiha o‘zbek biznesining AQSh bozoriga jiddiy chiqishini anglatadi va u bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Dastlabki bosqichda zavod qurilishiga 105 million dollar yo‘naltiriladi.
Kentukki shtatida joylashadigan ishlab chiqarish majmuasi keng turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashadi. Ortiqxo‘jayevning ta’kidlashicha, alyuminiy mahsulotlari, avtomobil sanoati uchun ehtiyot qismlar, quyosh panellari komponentlari va deraza tizimlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Bu qaror kompaniyaning Shimoliy Amerika bozorini o‘zlashtirish strategiyasining mantiqiy davomidir. Bu yo‘nalishda dastlabki qadam 2024-yilning fevral oyida qo‘yilgan edi.
O‘shanda Akfa Group tarkibidagi Benkam kompaniyasi AQShga alyuminiy profillarining ilk eksportini amalga oshirgan edi. Ushbu tajriba kompaniya rahbariyatiga mazkur yo‘nalishning istiqbolli ekanini tasdiqladi va eksportning ustuvor yo‘nalishi sifatida qayd etildi.
O‘zbekiston biznesining AQShdagi investitsion faoliyati ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarning mustahkamlanishi fonida kengaymoqda. Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp O‘zbekistonning Amerika iqtisodiyotiga katta mablag‘ kiritishga tayyorligi haqida bayonot bergan edi.
Akfa Group loyihasi ushbu niyatlarning amaliy tasdig‘i sifatida qaralmoqda. Akfa Group xalqaro faoliyatini faqat sanoat sektori bilan cheklab qo‘ymayotgani ham e’tiborga molik.
Joriy yilning sentabr oyida Nyu-Yorkda O‘zbekiston prezidenti va AQSh kompaniyalari rahbarlari ishtirokidagi davra suhbatida Akfa Group bilan butunjahon miqyosida mashhur Cleveland Clinic o‘rtasida shartnoma imzolandi. Ushbu hamkorlik O‘zbekistonda ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va ta’lim muassasasi tashkil etilishini ko‘zda tutadi.
Bu esa kompaniyaning turli sohalarda ilg‘or xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha uzoq muddatli rejalari borligini namoyon etadi. Shu tariqa, Kentukkidagi zavod qurilishi o‘zbek kapitalining jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvga qaratilgan keng ko‘lamli strategiyasining bir qismi hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar