
Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida mo‘jizaga teng voqea qayd etildi — bir oilada bir vaqtning o‘zida 4 nafar egizak qizaloq dunyoga keldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kitoblik Jasur Maqayev va Dilfuza Bahriddinova avvaldan ham ko‘p farzandli oila bo‘lgan. Ular allaqachon 5 nafar qiz farzandga ega edilar. Endi esa bu xonadon yana 4 yangi go‘dak bilan to‘ldi va oila a’zolari soni 9 qiz bilan boyidi.
Egizak qizaloqlar Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qashqadaryo filialida kesarcha kesish usuli orqali, muddatidan biroz oldin tug‘ilgan.
Shifokorlar ma’lum qilishicha, birinchi chaqaloqning vazni 1400 gramm, bo‘yi 37 santimetr, ikkinchisi 1450 gramm, 38 santimetr, uchinchi qizaloq 1600 gramm va 40 santimetr, to‘rtinchisi esa 1400 gramm vazn va 37 santimetr bo‘y bilan dunyoga kelgan. Hozirda barcha chaqaloqlar tibbiy nazoratda, xalqaro standartlarga muvofiq parvarishlanmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, to‘rt egizakning bir vaqtda tug‘ilishi juda kam uchraydigan holat bo‘lib, bu holatni aniqlash va oilaning tayyorgarligini ta’minlash uchun tajribali shifokorlar jamoasi jalb etilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning oktyabr oyida ham Sirdaryo viloyatida 3 nafar egizak chaqaloq — ikki o‘g‘il va bir qiz dunyoga kelgan edi.
Qarshilik oilaning bu quvonchli xabarini eshitgan yuzlab odamlar ijtimoiy tarmoqlarda izohlar qoldirib, yangi tug‘ilgan qizaloqlarga sog‘lik, baxt va nurli kelajak tilamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!