4 411
Yuliy Yusupov: "Soliq Qo‘mitasining taklifi Afandining ko‘z yoshi uchun soliq solish g‘oyasiga o‘xshaydi"
Iqtisodchi Yuliy Yusupov so‘nggi vaqtlarda tadbirkorlarning ishiga ochiq-oydin zarar yetkazayotgan mantiqsiz soliqlar haqida o‘z fikrini bildirdi.
Unga ko‘ra hozirgi soliq siyosati tadbirkorlikni zaiflashtiradi va tadbirkorlarning davlatga bo‘lgan ishonchini yo‘qqa chiqaradi.
Siz tadbirkorsiz. Mahsulotingizni xorijlik hamkoringizga sotdingiz. Ammo hamkor pulni to‘lashda kechikdi yoki umuman sizni aldadi, yetkazib berilgan mahsulot uchun to‘lov qilmadi. Yoki boshqa bir holat: siz xorijdan mahsulot sotib oldingiz, unga pul to‘ladingiz, yetkazib beruvchi esa mahsulotni jo‘natishni cho‘zib yubordi, yoki umuman jo‘natmadi. Bunday vaziyatda kim aybdor? Sizmi, yoki hamrohingizmi? Sog‘lom aql hamkoringiz aybdor ekanligini ko‘rsatib turibdi. Siz esa aynan jabrlanuvchi tomonsiz.
Biroq amaldorlarimizning mantig‘i umuman boshqacha: chetga mahsulot chiqaryapsanmi – saxiy bo‘l, valyutani oldindan ko‘rsat; mahsulot olib kirish uchun valyuta chiqaryapsanmi – unda mahsulotni oldindan ko‘rsat. Agar sizga eksport qilgan mahsulotingiz uchun pul to‘lashmasa, yoki pulingizga yarasha mahsulot yetkazib berishmasa, u holda faqat siz aybdor bo‘lasiz. Garchi olingan majburiyatni siz emas, hamkoringiz buzgan bo‘lsa ham. Yana sizga buning uchun jarima ham solishadi.
Mantiqning ajoyibligini qarang! Vaholanki, davlatning bu – o‘z vaqtida olinmagan yoki yo‘qotilgan pul, yoxud mahsulotga hech qanday aloqasi yo‘q. Siz davlatnikini emas, o‘zingizning shaxsiy mahsulotingizni sotdingiz. Yoki chetdan keltirayotgan mahsulotingiz (import) uchun davlatning emas, o‘zingizning pulingizni to‘layapsiz. Lekin davlatimiz qandaydir yo‘l bilan bu yerga aralashib qolyapti.
Bu umuman sovetcha mantiq: sovet davrida hamma narsa davlatniki bo‘lgan – kimdir xorijga mahsulot chiqarib, buning uchun valyuta olmasa, demak u xalq mulkini o‘margan, deb hisoblangan. Import uchun sarflangan pul ham xuddi shunday – “davlatniki” bo‘lgan.
Ammo yuqorida sanalgan holatlarning birontasida mahsulot ham, pul ham davlatniki emas! Agar davlat eksport va import shartnomalaridan kamroq soliq olganida bu yerdagi mantiqni tushungan bo‘lardim. Shunda u: “Ha, biz soliqdan bo‘yin tovlashga qarshi kurashyapmiz”, deyishi mumkin edi. Lekin bunday emas: siz har qanday holatda – hatto eksport qilingan mahsulot uchun pul to‘lashmasa, yoki puli to‘langan import mahsulotni umuman yetkazib berishmasa ham soliq to‘layverasiz.
Unda nega va qaysi qonunga ko‘ra davlat jabrlanuvchi tomonni jarimaga tortyapti?
Yana Soliq qo‘mitasidagi amaldorlarga bu mantiqsiz, absurd jarimalar ham kam ko‘ringan shekilli, endi jarima miqdorini oshirish tashabbusi bilan chiqishibdi.
Davlat Soliq Qo‘mitasining taklifi Xo‘ja Nasriddin Afandining ko‘z yoshi uchun soliq solish g‘oyasiga o‘xshaydi: “Ko‘z yoshi uchun soliq yangi ko‘z yoshilarga sabab bo‘ladi, yangi ko‘z yoshilar esa yangi soliqqa”.
“Ko‘z yoshi uchun soliq”ning yana bir turi – “ijobiy kurs farqi” deb nomlanadi, u korxonaning foydasiga qo‘shiladi, bundan esa soliq to‘lash kerak bo‘ladi. Negadir qonunchiligimiz milliy valyuta qadrsizlanishini boyish manbai, deb qabul qiladi. So‘m dollarga nisbatan 20%ga tushib ketsa, buning ortidan qo‘lida dollar bor odamlar 20%ga boyib qolgan, deb hisoblanadi. Qiziq mantiq. Lekin nima uchun bu vaqtda narxlar so‘mda qanchaga oshgani (inflyatsiya bo‘lgani) hisobga olinmaydi? Balki narxlar 20%dan ham ko‘proq oshgandir? Shunda hech qanday “boyish” sodir bo‘lmadi-ku! Unda nega faqat “ijobiy kurs farqi” hisoblanyapti? Agar farq salbiy bo‘lsa, uni zarar deb bilib, soliqlar ro‘yxatidan chiqarib tashlash kerak emasmi? Yo‘q, mumkin emas ekan.
Milliy valyuta qadrsizlanar ekan, eng avvalo bu davlatning aybidir – samarasiz pul-moliya va byudjet siyosati tufayli. Biroq milliy valyuta qadrsizlanishiga mas’ul bo‘lgan davlat buning uchun o‘zini emas, ishlab topgan pulini qandaydir yo‘llar bilan inflyatsiyadan himoya qilishga urinayotganlarni jazolayapti. “Biz sizni inflyatsiya vositasida tunaymiz, bu talonchilikka qarshilik qila ko‘rmang!” – deb aytmoqchi bo‘lyapti bizga amaldorlar.
Bu xuddi eksport qilingan mahsulotga o‘z vaqtida pul olinmagani uchun jarima belgilangani kabi buzuq mantiq. Ya’ni, “juda kuchli” mantiq: “Men shunday bo‘lishini xohladimmi, demak, shunday bo‘ladi!” Kechirasiz-u, bu jamiyat nazoratidagi davlatning emas, hech kimni nazar-pisand qilmaydigan talonchining mantig‘i.
Xo‘p, qachon bunday talonchilarga xos mantiqdan voz kechamiz? Hech bo‘lmasa mana shu ikki narsa – yuqorida aytilgan jarima va “kurs farqi”ga soliq solish qachon bekor qilinadi? Hozircha yangi Soliq kodeksi qabul qilinmagan ekan, parlament va hukumat bu haqda o‘ylab ko‘rishining ayni vaqti.
Aks holda, ko‘z yoshiga soliq solish qoldi, xolos. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»