Elektrotexnika eksportini 1 mlrd dollarga yetkazish vazifasi qo'yildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o'tgan yig'ilishda birinchi chorakdagi iqtisodiy o'sish tahlil qilinib, sanoat va eksport sohasidagi kamchiliklar ko'rib chiqildi. Xususan, sanoat ko'rsatkichlari bo'yicha prognozni bajarmagan Toshkent shahrining Sergeli va Shayxontohur, shuningdek, Jizzax, Qashqadaryo va boshqa viloyatlardagi jami 13 ta tuman hokimlariga nisbatan intizomiy choralar ko'rish topshirildi. Bu haqda Spot.uz xabar beradi.
Elektrotexnika sohasida misni qayta ishlash hajmi pastligi sababli ishlab chiqarish o'sishi kutilgan 11,2 foiz o'rniga 7,8 foizni tashkil etdi, eksport rejasi esa atigi 57 foizga bajarildi.
Davlat rahbari mas'ullarga korxonalardagi muammolarni joyida hal etish va ikkinchi chorak yakuniga qadar elektrotexnika ishlab chiqarishni 25 trln so'mga, eksportni esa 1 mlrd dollarga yetkazish vazifasini qo'ydi.
Yig'ilishda mehnat unumdorligini oshirish masalasiga ham alohida e'tibor qaratildi. Mirziyoyev to'qimachilik, mebelsozlik va qurilish materiallari kabi drayver tarmoqlar uyushmalarini xorijiy tajribalarni ommalashtirmayotgani uchun tanqid qildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga 100 ta korxonada samaradorlikni oshirish dasturini joriy etish uchun 30 mln dollar grant jalb qilish topshirig'i berildi.
Eksport ko'rsatkichlari 70 foizdan past bo'lgan Jizzax, Navoiy, Namangan kabi shaharlar va qator tumanlar rahbarlari ogohlantirildi. Agar yarim yillik yakunlari bo'yicha ijobiy o'zgarishlar bo'lmasa, ushbu tuman hokimlariga nisbatan qat'iy choralar ko'rilishi ma'lum qilindi.
Shuningdek, yangi bozorlarni topish va logistika masalalarini hal etish uchun yaxlit tizim yaratish zarurligi ta'kidlandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!