10:38 / 18.04.2020
5 929

O‘zbekistonda aholiga ma’lum miqdorda pul beriladimi: kimlarga va qanday qilib? (video)

O‘zbekistonda aholiga ma’lum miqdorda pul beriladimi: kimlarga va qanday qilib? (video)
O‘zbekiston hukumati mamlakatda koronavirus aniqlangan kundanoq aholiga moddiy yordam berish masalasini muhokama qilgan. Bosh vazirning o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov va Moliya vaziri Timur Ishmetov pullarni kimlarga va qanday qilib tarqatish mumkinligi haqida o‘z fikrlarini bildirishdi. Bu haqda ular iqtisodchi Behzod Hoshimov bilan suhbatda to‘xtalib o‘tishdi.

Dunyoning qator mamlakatlarida koronavirus pandemiyasi sharoitida qiyin ahvolga qolgan aholisiga moddiy yordam berish choralari ko‘rilmoqda. O‘zbekistonda hozircha ehtiyojmand qatlamni qo‘llab-quvvatlash asosan kundalik ehtiyojda zarur vositalar, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazish shaklida ko‘rsatilmoqda.

Iqtisodchi Behzod Hoshimov O‘zbekiston hukumati ham daromad manbaidan mahrum bo‘lgan muhtojlarga va ishsizlarga ma’lum miqdordagi mablag‘ berish imkoniyatini ko‘rib chiqishi kerakligini taklif qildi. Bu haqda u onlayn muloqotda Bosh vazirning o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov va Moliya vaziri Timur Ishmetovga savol bilan murojaat qildi.

Hukumat vakillarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston rahbariyati mamlakatda koronavirus aniqlangan kundanoq aholiga moddiy yordam berish masalasini muhokama qilgan. Faqat pullarni kimlarga va qanday qilib tarqatish mexanizmi o‘ylantirmoqda.

«Savolingizga hukumat vakili sifatida emas, iqtisodchi sifatida javob beraman. Men bunga ijobiy qarayman. Ammo eng qiyin savol – kimga va qanday qilib pulni tarqatish masalasi. Agar bu pandemiya bo‘lmaganida, biz har bir uyga naqd pul olib borib berardik. Avvaliga banklar orqali pensiya va nafaqalarni naqd pulda tarqatib, biz mamlakatda virus tashuvchi bo‘lib qolishimiz mumkinligini kechroq tushinib qoldik. Naqd pul virus tashuvchi ekani ma’lum bo‘ldiku.

Agar odamlarning hech bo‘lmaganida 80 foizi legal sektorda ishlaganida, pul taqsimotida muammolar bo‘lmas edi. Oylik maoshidan qat’i nazar, biz barcha xodimlarga (hisobiga) ma’lum miqdorda pul (o‘tkazib) berardik. Lekin ko‘plab sektorlarda nolegal tarzda ishlab yurgan yigit-qizlar bor. Ular nima bo‘ladi, degan savol bor.

Ikkinchi yo‘li, ya’ni masala bu – pulni kimlarga tarqatish. Bir variant bor – bu bolalar orqali. Masalan, har bir oilaning 16 yoki 14 yoshgacha bo‘lgan bolalari nomiga pul o‘tkazish. Ammo bunda ham bitta kamchilik bor. Farzanlari bo‘lmagan yoshlar ko‘p. Oilasidan alohida yashaydigan 24-25 yoshdagilar bor. Ayniqsa, shaharlarda mustaqil yashaydiganlar ko‘p, jumladan Toshkent shahrida. Ular jamiyatning old qismi. Imkoni bo‘lsa, birinchi navbatda shunday mustaqil yoshlarni qo‘llab-quvvatlasak...

Lekin pul tarqatishning qandaydir gepotetik yo‘llari va bu haqda qaror yo‘q. Men faqat iqtisodchi sifatida fikr bildirmoqdaman. Ma’lum miqdorda pul tarqatish talabni juda yaxshi rag‘batlantiradi va shakllantiradi. Buning ham ijtimoiy, ham iqtisodiy ijobiy taraflari bor. Lekin puli masalasichi deyilsa, sobiq moliya vaziri sifatida holatning qiyinligini tushunaman», – dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Moliya vaziri Timur Ishmetov hozirgi inqiroz biror kishining xatosi yoki hukumatning aybi bilan yuzaga kelmaganini eslatib o‘tdi.

«Ya’ni, butun dunyoda mamlakatlar o‘z iqtisodiyotini ongli ravishda to‘xtatib turishga qaror qildi. Bu nima uchun qilindi? Birinchi navbatda, o‘z aholisi hayotini saqlab qolish uchun qilindi.

Biz hozir bu masalani iqtisodchi sifatida muhokama qilyapmiz, shunday ekan, amaldagi harakatlarimiz ertaga birlamchi masalani oqlaydimi degan savolni o‘z oldimizga qo‘yishimiz kerak. Savolingizga Jamshid Anvarovich javob berib o‘tdi, fikrini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman.

15 mart kuni yig‘ilish bo‘lganida ushbu savol birinchi bo‘lib ko‘tarilgan. O‘shanda mening o‘zim buni qanchalik qilish kerak, qachon qilish kerak o‘zim uchun, hamkasblarimga javob berolmaganman. Chunki 15 martda biz qanchalik iqtisodiyotni to‘xtatib turamiz, qanchalik cheklovlarga boramiz, buni bilmaganmiz. Kundan-kunga vaziyatni bilib, choralarni qat’iylashtirib borganmiz.

Boshdanoq davlatning asosiy maqsadi – aholini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish bo‘lgan. Bu Prezidentning imtiyozlar to‘g‘risidagi ikkita farmonida ham aks etdi. Unda nafaqalar to‘lash, shuningdek, xususiy biznes sub’ektlariga xodimlari ish haqini to‘lash uchun banklar tomonidan kreditlar berilishini tashkil etish topshirildi.

Savolingizga keladigan bo‘lsam, birlamchi – ijtimoiy masala, keyin – iqtisodiy. Pulni qanday qilib tarqatish masalasiga kelsak, mening fikrimcha, faqatgina odamlarning bank hisob raqamiga, ya’ni plastik kartalarga tushirib berish orqali. Agar bank kartasi bo‘lmasa, yangi karta ochib, pul tushirib berish mumkin bo‘ladi. Boshqa yo‘llarni ko‘rmayapmiz.

Ikkinchisi bu – oila tamoyiliga asoslanish kerak. Ya’ni, pulni har bir odamga emas, balki oilalarga taqsimlash. Albatta, bunda oila a’zolarining soniga qaraladi. Maqsad – kimdir olib, kimdir qolib ketmasligi kerak. Aynan xususiy sektorda ishsizlar va ishini yo‘qolganlar ko‘p. Davlat sektoridagilar esa oyligini olishda davom etmoqda» – dedi Timur Ishmetov.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekistonda aholiga ma’lum miqdorda pul beriladimi: kimlarga va qanday qilib? (video)