
Jahon oltin bozori sentyabr oyida yangi tendensiyani namoyon qildi — dunyo bo‘ylab aksariyat davlatlar oltin zaxirasini ko‘paytirgan bir paytda, faqat O‘zbekiston bu metallni sotgan yagona mamlakat sifatida qayd etildi. Bu haqda Jahon oltin kengashi (World Gold Council)ning so‘nggi hisobotida ma’lum qilingan.
Hisobotga ko‘ra, 2025-yil sentyabr oyida dunyo markaziy banklari tomonidan sof oltin xaridlari 39 tonnani tashkil etgan. Bu joriy yil boshidan buyongi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Umumiy hisobda 43 tonna oltin sotib olingan bo‘lib, asosiy xaridchilar orasida Braziliya (15 tonna), Qozog‘iston (8 tonna) va Gvatemala (5 tonna) yetakchilik qilgan.
Bundan tashqari, Rossiya, Turkiya, Chexiya, Xitoy va Gana kabi davlatlar ham kichik miqdorda oltin zaxiralarini oshirgan. Ammo shular orasida yagona sotuvchi sifatida faqat O‘zbekiston Markaziy banki tilga olingan — mamlakat sentyabr oyida 4 tonna oltin sotgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu qaror ehtimol, milliy valyuta barqarorligini ta’minlash yoki tashqi iqtisodiy balansni tartibga solish maqsadida qabul qilingan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, O‘zbekiston joriy yilda umumiy hisobda 21 tonna oltin sotish ko‘rsatkichi bilan dunyodagi eng yirik oltin sotuvchi davlat sifatida o‘z pozitsiyasini saqlab qolmoqda.
Jahon miqyosida esa yil boshidan buyon umumiy sof oltin xaridlari 200 tonnani tashkil etgan. Bu 2024-yilning shu davriga nisbatan biroz kam, o‘shanda bu ko‘rsatkich 215 tonna bo‘lgan edi.
Qiziq jihati shundaki, faqatgina uch oy avval — iyun oyida O‘zbekiston Markaziy banki dunyodagi eng yirik oltin xaridori sifatida tan olingandi. O‘shanda mamlakat 9 tonna oltin sotib olgan bo‘lib, bu ko‘pchilik iqtisodchilar tomonidan milliy zaxiralarni diversifikatsiya qilish siyosati deb baholangan edi.
Shunday qilib, 2025-yilda O‘zbekiston xalqaro oltin bozorida ham sotuvchi, ham xaridor sifatida faol ishtirok etib, moliyaviy barqarorlikni ta’minlashda muvozanatli yondashuvni namoyon qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!