17:21 / 28.06.2022
1 504

Yerni xususiylashtirish jarayoni: zaruratmi yoki majburiyat?

Yerni xususiylashtirish jarayoni: zaruratmi yoki majburiyat?
Konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda yerni xususiylashtirish bilan bog‘liq munosabatlar huquqiy jihatdan mustahkamlansa, fuqarolarimizning uy-joyga bo‘lgan huquqlari daxlsizligi kafolatlansa, bu o‘z navbatida xalqimizning kelajakka bo‘lgan ishonchi yanada ortishi, biznes yuritish muhitining yaxshilanishiga olib keladi.

Xususiy mulk azaldan insonlarni o‘zi va kelajakka bo‘lgan ishonchini oshirishda muhim iqtisodiy vositalardan biri sifatida qaraladi. Shuning uchun bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat barpo etishda jamiyatda mulkdorlarning o‘rni nihoyatda muhim hisoblanadi. Chunki, ular jamiyatdagi o‘zgarishlarga bevosita daxldor bo‘lgan qatlam hisoblanib, mamlakatning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy hamda ma’naviy rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, so‘nggi yillarda mamlakatimizda mulk daxlsizligiga oid islohotlar doim davlat rahbari e’tiborida bo‘lib kelmoqda.

Jumladan, joriy yilning 20 iyun kuni prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan bo‘lgan uchrashuvda yurtimizda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish jarayonida xususiy mulk daxlsizligi, uning kafolati hamda mamlakatning taraqqiyotida tutgan o‘rnini asosli ravishda ochib berdi. Xususan, Davlat rahbarining ta’kidlashicha «...xususiy mulksiz, uning ishonchli kafolatisiz, kuchli ijtimoiy davlatni qurib bo‘lmaydi. Shu bois Bosh qomusimizda xususiy mulk himoyasini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan konstitutsiyaviy kafolatlarni kuchaytirishimiz lozim. Shu bilan birga, asosiy qonunimizda yer xususiy mulk bo‘lishi mumkinligi aniq belgilanishi lozim».

Davlat rahbari tomonidan mazkur masalaning ko‘tarilishi haqiqatdan ham hozirgi kunda sohada yechimini kutayotgan muammolar borligidan dalolat beradi. Zero, Konstitutsiyaga fuqarolarimizning uy-joy huquqlari daxlsizligini kafolatlash bo‘yicha normalar kiritilishi, birinchidan, mamlakatimizda xususiy mulkning huquq va himoyasini mustahkamlashga, har qaysi xususiy mulkdor qonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritgan yoki yaratgan o‘z mulki daxlsizligiga aslo shubha qilmasligi bo‘yicha kafolatlar tizimi yaratilishiga zamin yaratsa, ikkinchidan, tadbirkorlarning davlatga bo‘lgan ishonchi yanada mustahkamlanishiga sabab bo‘ladi. Shundagina tadbirkorlar o‘z biznesiga behavotir investitsiya kiritishi, ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirishi, mahsulot hajmi va olayotgan daromadini ko‘paytirishi, o‘z mulkiga o‘zi egalik qilishi, foydalanishi, tasarruf etishi mumkin bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonda yerni xususiylashtirish jarayoni zaruratmi yoki davlatning majburiyatimi, degan savolga javob bersak.

Birinchidan, mamlakatimizda yerni xususiylashtirish zarurati dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Chunki yerni xususiylashtirishning ahamiyati iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy omil asosida namoyon bo‘ladi. Endi mazkur omillarga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

Iqtisodiy omil. Iqtisodiyotda yer eng muhim omil hisoblanib, har qanday ishlab chiqarish yer resursi orqali amalga oshiriladi. Yerga egalik qilish, undan foydalanish munosabatlari tadbirkorlik faoliyatiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun yer xususiylashgan davlatlarda tadbirkorlik keng rivojlangan. Dunyoning aksariyat mamlakatlarida yer xususiy mulk sifatida tasarruf etiladi.

Ijtimoiy omil. Amaldagi qonunlarga ko‘ra belgilangan yerlarni xususiylashtirish jarayonining amalga oshirilishi yer egalari, jumladan, tadbirkorlarning ijtimoiy faolligini oshirishga, ularda yaratuvchanlik, ijodkorlik qobiliyatlarining yanada rivojlanishiga, juda ko‘p holatlarda homiylik qilish, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalarni moliyalashtirish borasida tashabbuslari ko‘payib boradi.

Ma’naviy omil. Konstitutsiyaning tegishli normalari orqali mamlakatimizda yerning xususiy mulkka aylantirilishi o‘z navbatida yer egalariga ma’naviy tomondan katta ishonch beradi. Shu bilan birga xususiylashtirilgan yerga mulk egalarining munosabati keskin o‘zgaradi, uni asrab-avaylashga, yerdan foydalanish bo‘yicha uzoq muddatli strategik rejalarni tuzishga olib keladi.

Ikkinchidan, mamlakatimizda yerni xususiy mulk sifatida Bosh qonunimizda mustahkamlab qo‘yilishi o‘z navbatida davlatning fuqarolar oldidagi yana bir vazifasi majburiyat sifatida e’tirof etilishiga hamda ijtimoiy davlat tamoyillarining hayotda bajarilishiga asos bo‘lib xizmat qiladi. Shuning uchun xususiylashtirilishi mumkin bo‘lgan yerlarning Konstitutsiyamizda aks ettirilishi, fikrimizcha, o‘rinli.

Umuman olganda, mamlakatimizda olib borilayotgan xususiylashtirish sohasidagi muhim yo‘nalishlardan biri bu fuqarolarning yerga bo‘lgan xususiy mulk huquqlarini amalda kafolatlash va mustahkamlash hisoblanadi. Mulk himoyasiga qaratilgan bunday chora-tadbirlarni konstitutsiya normalari orqali mustahkamlash, birinchidan, mulk huquqi kafolatini ta’minlasa, ikkinchidan bu boradagi huquqiy asosni takomillashtirishga, fuqarolarning mulkdor sifatida o‘z huquqlarini yaxshi bilishiga va himoya qila olish qobiliyati shakllanishiga asos bo‘ladi.

Chunki so‘nggi yillarda ijtimoiy tarmoqlarda mulk daxlsizligi bilan bog‘liq muammolar tez-tez muhokamalarga sabab bo‘layotgan edi. Bunga sabablardan biri sifatida mansabdor shaxslar tomonidan asossiz ravishda fuqarolar va tadbirkorlarning ko‘chmas mulkini buzib tashlash, ba’zi amaldorlar esa har xil vajlar bilan xususiy mulkni, shu jumladan, avval xususiylashtirilgan mulkni olib qo‘yishi, mulkdorga qasddan nomaqbul shartlar qo‘yishi kabi holatlarni ko‘rsatishimiz mumkin.

Shuning uchun mamlakatimiz iqtisodiyotini tubdan yaxshilash, aholining turmush farovonligini oshirish hamda aholi orasida tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda yerni xususiylashtirish, xususiy mulkning daxlsizligini kuchaytirish kechiktirib bo‘lmaydigan masalalardan biriga aylanib bormoqda. Demak, hozirgi konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish jarayonida yerni xususiylashtirish bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy jihatdan mustahkamlash, fuqarolarimizning uy-joyga bo‘lgan huquqlari daxlsizligini kafolatlash normalarini konstitutsiya orqali mustahkamlaydigan bo‘lsak, bu, albatta mamlakatimizning investitsion jozibadorligi oshishiga olib kelishi bilan birga investor uchun yurtimizdagi mulk huquqi qay darajada himoya qilinganligi to‘g‘risida ma’lumot beradi.

Bu holat nafaqat fuqarolarimiz balki mahalliy va xorijiy investorlarga o‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirish kafolati ham ta’minlaydi.

Nodirbek Rasulov,
iqtisodiyot fanlari doktori

Ma’lumot sheriklik huquqi asosida tayyorlandi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yerni xususiylashtirish jarayoni: zaruratmi yoki majburiyat?