Sovet armiyasidan necha nafar o‘zbekistonlik uyiga mayib-majruh bo‘lib yoki tobutda qaytgani ma’lum emas. O‘sha paytda matbuotda keltirilgan raqamlarga ko‘ra, birgina 1989 yilning o‘zida muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun ketgan 430 nafar o‘zbekistonlik uyiga tirik qaytmagan.
Bugun askar bo‘lish – ko‘plab yigitlarning orzusi. Lekin yaqin o‘tmishimizda shunday davrlar bo‘lganki, o‘g‘il o‘stirayotgan ota-onalar farzandlari voyaga yetib, armiya yoshiga yaqinlashgan sari vahimaga tushar, ularni harbiy xizmatdan olib qolish uchun hamma narsaga tayyor edilar. Bunday kayfiyat aholi orasida o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan emas.
Sobiq ittifoq davrida armiyadagi nosog‘lom muhit, harbiy xizmatchilar o‘rtasida millatchilik va mahalliychilik chuqur ildiz otgani, “dedovshina” deb atalmish illat tufayli to‘rt muchasi sog‘lom yigitlar harbiy xizmatdan uylariga tobutda yoki mayib-majruh bo‘lib qaytishi avj olgan, tabiiyki, bu muammo o‘zbekistonliklarning armiya va harbiy xizmatga nisbatan munosabatini tubdan o‘zgartirib yuborgan edi.
Harbiy dengiz flotidagi dedovshina.
“1978 yili harbiy xizmatga borganman. Harbiy dengiz flotida xizmatni o‘taganman. Arxangelsk, Shimoliy dengiz, Qutborti degan chekka joylarda, bir yarimorolda xizmat qilganman. O‘sha yillari “dedovshina” eng avjiga chiqqandi. “Ded”larning zulminiyam ko‘rganmiz, keyinchalik o‘zimiz “ded”ga aylangach o‘zimiz ko‘rgan zulmlarni yangi kelganlarga qaytarganmiz.
Harbiydan borishdan avval armiyada, flotda oldin borgan askarlar keyin kelganlarga zug‘um o‘tkazishini, har xil usullarda qiynoqqa solishini bilardik. Shunga ruhan tayyor bo‘lib borganmiz. Eng qizig‘i, men borgan harbiy bo‘linmada mendan boshqa chaqiriluvchilar, ya’ni yosh askarlar bo‘lmagan. Kuzgi chaqiruv bilan yakka o‘zim borganman. Mendan oldingi bahorgi chaqiruvdayam bu yerga yangi askar kelmagan ekan. Menga: “O‘zingni osganing yaxshi bu yerda xizmat qilgandan ko‘ra”, deyishdi.
Rahimjon Rahmat
Harbiy bo‘linmada tundan keyin hali uyg‘onib ulgurmasimdan ustimdan “adyol”ni otib yuborib: “Vstat” deyishdi. Pastga tushishim bilan men umrimda ko‘rmagan-tanimagan ikkita “ded” gumburlatib urib ketishdi. Hech qanday sababsiz. Birinchi kuniyoq kamida 4-5 marta asossiz kaltak yedim”, deb hikoya qiladi qo‘qonlik Rahimjon Rahmat.
“Sovet armiyasida, tabiiyki, ofitserlarga “dedovshina”ning mavjudligi qulay bo‘lgan. Chunki askarlarni “ded”lar orqali boshqarish osonroq bo‘lgan. Ularga ko‘rsatma berilsa bo‘ldi, qolganini “ded”larning o‘zi eplardi, kerak bo‘lsa “ded”lar askarlarga komandirlarning o‘rniga rahbarlik qilishardi.
“Dedovshina” masalasida yuragimni o‘rtaydigan bir narsa bor. Boshqa payt bo‘lsa-ku tushunsa bo‘lar, ammo urush holatidayam armiyada askarlar o‘rtasida “dedovshina” davom etgan. 1968–1969 yillarda Vengriyada xizmat qilgan bir suhbatdoshim boshidan o‘tgan voqealarni aytib bergandi. Armiyada payti Chexoslovakiyada sodir bo‘lgan xalq harakatini bostirish uchun safarbar qilinganlar safida u kishi ham bo‘lgan ekan.
Sovet armiyasining maxsus bo‘linmasi o‘sha paytdagi Chexoslovakiya davlatining poytaxti bo‘lgan Praga shahriga kirib borgan. Maxsus bo‘linmada slavyan bo‘lmagan ikki kishi – bir o‘zbek va bir gruzin bo‘lgan va ular muttasil azoblangan. Suhbatdoshimning aytishicha, “starshina” nuqul “aziyat” deb kamsitavergani jonidan o‘tib ketgani uchun janglardan birida orqasidan uni otib tashlagan ekan.
Afg‘on urushi haqida juda ko‘p yozganman, ushbu urushda qatnashganlarning xotiralarini yozib olganman. Aynan mana shu masala bo‘yicha ham ularning ko‘pchiligi boshdan kechirganlarini aytib berishgan. Afg‘onistonda ular haqiqiy janglarda qatnashishgan, hammalarining umumiy dushmani bo‘lgan, jang maydonida yelkama-yelka turishgan. Lekin shu sharoitda ham askarlar o‘rtasida zo‘ravonlik davom etgan.
Karimberdi To‘ramurod, yozuvchi
Hozirgina jangdan, o‘limdan qaytgan askarlar “ded”lar tomonidan qiynoqqa solingan, masxaralangan. Aksar holatlarda o‘zbek yigitlari, markaziy osiyoliklar tahqirlangan, kamsitilgan. Natijada zulmdan joni halqumiga kelganlar jang payti o‘zlariga azob bergan “ded”larni otib tashlashgan. “Dedovshina” shunchalik yaramas illatki, hatto urush sharoitida ham yo‘q bo‘lib ketmagan”, deydi yozuvchi Karimberdi To‘ramurod.
“1967 yilda tug‘ilgan katta ukamni institutning 1-kursida tahsilni tamomlashi bilan Afg‘onistonga urushga olib ketishgandi. O‘sha yillari urush avjiga chiqqan, hamma yaqinlari haqidagi xabarlarni xavotir bilan kutib o‘tirishardi.
Undan keyin tug‘ilgan ukam Ikromov Shokir 1988 yili stroybatga tushganda hammamizning ko‘nglimiz ancha xotirjam tortgandi. Har holda Afg‘onistonmas-ku deb o‘ylab ortiqcha tashvish ham chekmaganmiz. Taqdirni qarangki, urush o‘chog‘idan ukam sog‘-salomat qaytib keldi, tinch joyda xizmat qilayotgan Shokir ukam esa kelishiga ikki oy qolganda nobud bo‘lgani haqida uyimizga telegramma kelgan. O‘sha paytda yosh bolam bo‘lgani uchun bu haqda menga aytishmagan, otam tog‘am bilan birga harbiy qismga borib besh kun deganda ukamning jasadini olib kelishgan.
Mayitni olib kelishganda faqat manglayida ozgina chuqurcha bor edi. Boshi yorilmagan, boshqa jarohatlar bo‘lmagan. Qurilishdan 3-qavatidan o‘zi tushib ketdi deb aytishgan. Lekin nimaga shunday voqea ro‘y bergani, bu qanday holatda sodir bo‘lgani, kimdir qasddan itarib yuborganmi, hech kimning hech narsadan xabari bo‘lmagan. Otam buning tagiga yetishga rosa harakat qildilar, ammo bu urinishlardan natija bo‘lmadi.
Onam o‘sha vaqtda 49 yoshda edilar. Shunaqa yomon ahvolga tushib qolgandilar, 40 kun ovqat yemay qo‘ygandilar. Ona uchun nihoyatda og‘ir bo‘larkan bunday sinovni boshdan kechirish... Shu voqeadan keyin otamning ham, onamning ham sochlari bir kechada oqarib ketgan. Otam olamdan o‘tib ketdilar, onam hozir 83 yoshga to‘ldilar, lekin haligacha ularni farzand dog‘i qiynab keladi”, deydi parkentlik Muyassar Xoliqova.
Muyassar Xoliqova
“Armiyada insonning tabiati ko‘rinadi. Jismonan baquvvat bo‘lsangiz, ruhingiz kuchli bo‘lsa, “ded”lar kamroq qiynoqqa solardi. Agar zaif bo‘lsangiz, shafqat so‘rab yalinib-yolvorsangiz ko‘proq qiynoqqa solinasiz. Eng og‘ir toshni eng zaif odamning yelkasiga yuklashadi. Men buning yuz martalab guvohi bo‘lganman. O‘zini himoya qilolmaydigan, yig‘lab rahm-shafqat so‘raydigan askarlar eng ko‘p kaltakni yeydi. Insonning tabiati shunday ekanki, qanchalik zolimning rahmini keltirishga harakat qilsangiz u sizga yanayam ko‘proq zulm o‘tkazarkan.
“Molodoy”, ya’ni yosh askarlar “ded”larning paytavasini, kiyimlarini yuvardi, oshxonadan ovqatini olib kelib berardi, ertalab kiyimlarini dazmol qilishardi, joyini to‘g‘rilardi. Biz xizmat qilgan bo‘linmada aroqxo‘rlik avj olgandi, bizdan ko‘p xizmat qilgan matroslar aroq ichib kelib bizni har xil usullar bilan qiynashardi.
Masalan, hammani devorga tirab qo‘yib, ularga qarata basketbol to‘pi tepilardi. “Taburetka”larni taxlab chiqib, ustiga askarlar chiqarilgach, “taburetka”lar tepib yiqitilardi. Eshak qilib minishlar bor edi. Xullas, odam ayab o‘tirilmasdi. Odam o‘lib qoladi yoki mayib bo‘lib qoladi degan narsa yo‘q edi. Shuning uchun men Sovet armiyasi “dedovshina”ning ortidan o‘zini o‘zi zaiflashtirgan deb hisoblayman”, deydi Rahimjon Rahmat.
“Tarixan “dedovshina”ning boshlanishi Brejnev zamoniga borib taqaladi. Ungacha Sovet armiyasida bunday “an’ana” bo‘lmagan. Brejnev davriga kelib ko‘proq xizmat qilganlar harbiy xizmatga endi kelganlarga akalik qilishi kerak degan tamoyil joriy etilgan. Askarni serjant yoki ofitserlarmas, katta askarlar tarbiyalashi kerak, bilmaganini o‘rgatishi kerak degan yozilmagan qoida paydo bo‘lgan.
Agar bu narsa to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilib, to‘g‘ri yuritilganda aslida ancha mantiqli ish. Chunki askarga serjant yoki ofitserlarga nisbatan o‘zining safdoshi bilmaganini yaxshiroq, soddaroq tilda tushuntirgani qulayroq aslida. Lekin nazorat sustlashishi natijasida “dedovshina” haqiqiy zulm mashinasiga aylanib ketdi.
Sobiq ittifoq paytida “Paxta ishi”, “O‘zbeklar ishi” shov-shuv bo‘lgan yillari Qurolli Kuchlarda o‘zbeklarga nisbatan ommaviy nafrat kuchayib ketdi. Aynan o‘sha yillari men kursant bo‘lganman. O‘sha paytlari “Izvestiya” “Trud” nomli gazetalarda har hafta ikki martadan O‘zbekistondagi Ahmadjon Odilov turmalari, Sharof Rashidovdan qolgan korrupsiya, qo‘shib yozishlar va boshqa jinoyatlar “fosh etilgan” katta-katta maqolalar chiqardi.
Butun ittifoq miqyosida o‘zbeklar shunchalik o‘g‘ri degan qarash hosil qilingan. Ichki ijtimoiy muammolardan chalg‘itish maqsadida Andropov ataylab mana shunday siyosat yurgizgan. Oldin O‘zbekistondan boshlagan, keyin boshqa joylarda, xususan, Kavkazda ham shunday ishlarni qilishni rejalashtirgan, lekin umri yetmay qolgan. Ana o‘sha siyosat sababli ittifoq miqyosida o‘zbek xalqiga nisbatan nafrat kuchayib ketgan, bu armiyada ham bilingan. Buning natijasida o‘zbek askarlari ofitserlar, serjantlar, boshqa millat vakili bo‘lgan askarlar tomonidan masxaralangan, ayovsiz kaltaklangan. Bir yildamikin, harbiy xizmatdan 800 ta o‘lik tobutda qaytgandi o‘sha paytlar”, deydi iste’fodagi podpolkovnik Shokir Dolimov.
O‘sha yillari G‘allaorol tumanida yashagan Musulmon Abdusalomov “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasiga maktub yozadi. Armiyada nobud bo‘lgan farzandi jasadi xor bo‘lgani, u xizmat qilgan harbiy qismdan hech kim kelib hol so‘ramaganidan zorlangan otaning ushbu maktubi jurnalist Karim Bahriyevning o‘zbek matbuotida shov-shuv bo‘lgan “Oy borib omon qaytmagan bolam” nomli maqolasi yozilishiga turtki bo‘lgan.
“Xatni o‘qib qattiq hayajonlandim. Bir inson farzandni dunyoga keltiradi, tagini yuvadi, beshikka belaydi, katta qiladi, maktabga beradi, 18 yoshga yetganda armiyaga yuboradi-da, harbiy xizmatda o‘zini “ded” deb biluvchi uzoqroq xizmat qilgan askarlar uni urib o‘ldirib qo‘yishadi. Xat kelgach, o‘sha joyni qidirib G‘allaorolga bordim, u yerdan esa tillo chiqadigan Marjonbuloq konlaridan o‘tib tog‘dagi bir qishloqqa borib qoldim.
Marhum askar dunyodan, taraqqiyotdan uzilib qolgan, SSSRdagi maqtalgan hayotdan yiroq qoloq bir qishloqda katta bo‘lgan bola ekan. Ehtimolki, 18 yoshga kirguncha ko‘rgan dunyosi o‘sha qishloqdan boshqa narsa emas. Va bu xalq SSSRga nima qarzi borki, tillosini qazib olib chiqib ketayotgan bo‘lsalar, ammo qishloqda na asfalt yo‘l bo‘lsa va na gaz borgan bo‘lsa... Ana shunday taraqqiyotdan chetda qolgan joydagi oilaning bir bolasini olib armiyada o‘ldirib qaytarib berishgan. Ya’ni men marhum tug‘ilib o‘sgan hududga borganimda fojianing yanayam kattaroq ekanini his qilganman.
Maqolani boshlaganimda SSSRda hamma teng huquqli bo‘lsa nega harbiy xizmatda bir millat vakili boshqa millat vakilini kaltaklashi kerakligini ko‘targanman. Nima uchun 40-50 daraja jaziramada ulg‘ayganlar 40-50 darajali qahratonda xizmat qilishi kerak, askarlar o‘zlari katta bo‘lgan davlatning ob-havosiga yaqin hududlarga yuborilmasligini, hamma o‘z vatanida xizmat qilsa nima bo‘lishini savol ostiga olganman. Umuman, armiyadagi muhit, harbiy xizmatchilar o‘rtasidagi axloqiy muammolarni qalamga olganman. Harbiy xizmatga chaqiruv samarasiz ekani, armiya professionallashishi kerakligini yozganman”, deydi jurnalist Karim Bahriyev.
SSSR Mudofaa vazirligi Turkiston harbiy okrugi rasmiy nashri – “Frunzeves” gazetasining 1989 yil 25 oktabridagi sonida Bondarenko ismli podpolkovnikning “Oy borib omon qaytmagan bolam” nomli maqolaga nisbatan raddiyasi e’lon qilinadi. Muallif jurnalist Karim Bahriyevni armiya obro‘yiga putur yetkazishda, shuningdek, SSSR konstitutsiyaga qarshi chiqishda ayblaydi.
Kezi kelganda ta’kidlash kerakki, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi Bondarenkoning chiqishini javobsiz qoldirmagan. Gazetaning 1990 yil 23 fevraldagi sonida Karim Bahriyevning navbatdagi maqolasi e’lon qilingan. Unda muallif gazetxonlarning e’tirozlariga va “Frunzeves” nashrida chop etilgan raddiyaga bandma-band, rad etib bo‘lmas dalillar bilan javob qaytaradi.
“Nega harbiydagi jinoyatlar ko‘pincha ochilmaydi? Chunki boshliqlar jazodan qo‘rqib jinoiy ishni “yiqildi”, “tok urdi”, “o‘zini o‘ldirdi”, “boshiga g‘isht tushib ketdi” deb yopib yuboradilar...
Soldatlar birov kaltaklaganini aytmaydilar. Chunki jinoyatchi qamalsa ham sheriklari qoladi, qasos oladi. Shuning uchun ular guvohlik berishdan qo‘rqishadi. Mana, oddiy pol yuvdirish, paypoq tozalashdan boshlangan tartibsizlik goho qotillikka olib kelmoqda. 1989 yilning yanvar-sentabr oylari davomida 167 o‘zbek xonadoniga tobut kelgan. Har kuni kelib turibdi. So‘nggi qurbon hali tirik. Uni saqlash uchun harakat qilaylik”, deb yozadi Karim Bahriyev.
Mustaqillikdan so‘ng respublika hududidagi harbiy tuzilmalar davlat tasarrufiga olindi. Shu tariqa milliy armiya shakllantirildi. Biroq sobiq ittifoq armiyasidagi illatlar saqlanib qolgan edi.
Iste’fodagi podpolkovnik Shokir Dolimov istiqlolning ilk yillarida harbiy tuzilmalarda intizom oqsagani, muddatli harbiy xizmatchilar orasida o‘zboshimchalik bilan harbiy qismni tashlab ketish, umumqo‘shin nizomlarga zid xatti-harakatlar oqibatida jarohatlanish holatlari nihoyatda ko‘p bo‘lganini eslaydi.
Kun.uz 28 may kuni kuni SSSR armiyasi safida jami necha nafar o‘zbekistonlik xizmat qilgani, ularning necha nafari harbiy xizmatdan mayib-majruh bo‘lgan yoki uylariga tobuti qaytganini so‘rab O‘zbekiston Mudofaa vaziri nomiga so‘rov yuborgan edi. Qonunda belgilangan muddat o‘tib ketgan bo‘lsa-da vazirlik tahririyat so‘roviga javob berganicha yo‘q.
Ittifoq armiyasida dedovshinani ko‘rgan, zulmni tarbiya deb biladigan serjant va ofitserlar tufayli milliy armiyada ham nosog‘lom muhit 2008 yilgacha davom etib kelgan. O‘sha yili 20 noyabrdagi prezident farmoni bilan harbiy xizmatga yiliga bir marta chaqiriladigan bo‘ldi va bu hujjat askarlar o‘rtasidagi “dedovshina”ga rasman chek qo‘ydi.
Jamshid Niyozov, jurnalist
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin