21:30 / 28.07.2022
1 369

Bahodir Umirshayxov: Jamoatchilik nazorati o‘rnatilmas ekan, kontrafakt mahsulotlar soni kamaymaydi

Bahodir Umirshayxov: Jamoatchilik nazorati o‘rnatilmas ekan, kontrafakt mahsulotlar soni kamaymaydi
Foto: O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi matbuot xizmati
Tasavvur qiling, bozorda o‘zingizga yoqadigan, mashhur brend nomi ostidagi shokoladni ko‘rib qoldingiz. Ammo uning narxi har doimgiga qaraganda biroz arzon. Narxlar cho‘ntakbopligidan quvonib, ichingizda «insofli sotuvchi ekan, ustiga ko‘p qo‘ymabdi» deya mahsulotning o‘rami, yaroqlilik muddati, hatto, nomining ham to‘g‘ri yozilganligiga qarab o‘tirmay, uni xarid qilishga kirishasiz. Sotib olib, mazasini totib ko‘rganingizda esa siz kutgan ta’mdan asar ham yo‘q. Aynan shu kabi mahsulotlar soxta, ya’ni kontrafakt tovarlar deyiladi.

«Kontrafakt» so‘zi fransuz tilidan olingan bo‘lib, «Mualliflik huquqini buzish» degan ma’noni bildiradi. Mazkur so‘z intellektual mulk huquqlarini poymol qilgan holda ishlab chiqarilgan, ya’ni soxta tovar va mahsulotlarga nisbatan ishlatiladi.

Butun dunyoda soxta tovarlar savdosi kundan kunga o‘sib bormoqda. Xususan, Science direct saytida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, go‘sht va go‘sht mahsulotlari (27,7%), sut va sut mahsulotlari (10,5%), don va non mahsulotlari (8,3%), baliq va baliq mahsulotlari (7,7%) ning ko‘plab kontrafakt variantlari ishlab chiqarilgan (iyul, 2022). Oziq-ovqat sanoati sohasida yuzaga kelayotgan firibgarliklarning aksariyati mahsulotlarning yaroqlilik muddatini o‘zgartirish (58,3%), ishlab chiqarilgan mamlakat kodini noto‘g‘ri belgilash (11,4%) holatlari bilan bog‘liq sanaladi.

Mahalliy bozorlarimizga kontrafakt mahsulotlarning olib kirilishi, birinchi navbatda, sotilayotgan mahsulotlarning xavfsiz va sifatli bo‘lishiga, qolaversa, iste’molchilarning salomatligiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. E’tibor bersak, soxta mahsulotlar asliga qaraganda arzon bo‘ladi. Sababi, ularning tarkibida sifatsiz va arzon xomashyolar miqdori ko‘p.

- Afsuski, xaridorlar ba’zan tanlovda adashadilar. Bu esa nafaqat insonlar salomatligida bir qancha o‘zgarishlar yuz berishiga sabab bo‘ladi, balki tadbirkorlar faoliyatiga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Bizning uyushmamizga a’zo tadbirkorlar orasida ham ana shunday kontrafakt mahsulotlar orqali zarar ko‘rayotganlari uchrab turibdi. Buning uchun barcha mutasaddi tashkilotlar va ishlab chiqaruvchilar bilan birgalikda sotuvga chiqarilayotgan mahsulotlarni nazorat ostiga olishimiz hamda muhim profilaktik choralarni ko‘rishimiz zarurdir, - deydi O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi raisi Bahodir Umirshayxov.

Biznes olamiga kirib kelayotgan ayrim yosh tadbirkorlar mashhur brendlarga taqlid qilib aynan shularnikiga o‘xshash mahsulotlar ishlab chiqarishmoqchi bo‘lishadi. Mahsulotlarning soxta yoki haqiqiyligini esa birinchi navbatda uning ta’mi, shuningdek, narxi, ko‘rinishi, nomi, rangi, mahsulot o‘ramidagi dizaynidan bilib olish mumkin. Tabiiyki, kontrafakt mahsulotlar arzon hamda sifatsiz bo‘ladi.

Mamlakatimizda kontrafakt mahsulotlar ishlab chiqarilishining oldini olish maqsadida bir qancha ishlar olib borilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–4965-son qaroriga muvofiq intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarlikni manzilli aniqlash va kurashish maqsadida Intellektual mulk himoyasi boshqarmasi tashkil qilindi. Adliya vazirligi tomonidan kontrafakt mahsulotlar katalogi ishlab chiqildi.

Shuningdek, «xufiyona iqtisodiyot» shakllanishining holatlarini aniqlash bo‘yicha choralar ko‘rish, kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha vakolatli davlat organi – O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan ham sotuvdagi soxta tovarlar aniqlanib, tegishli choralar ko‘rib kelinmoqda.

Bundan tashqari, ishlab chiqarish sohasida erkin raqobatni yo‘lga qo‘yish, ichki bozorni sifatli mahsulot bilan ta’minlash, iste’molchilar manfaatini himoya qilish maqsadida 2001 yil 30 avgustda «Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida» va 2006 yil 20 iyulda «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida»gi Qonunlar qabul qilingan. Ularda tovar belgisidan yoki adashtirib yuborish darajasida u bilan o‘xshash bo‘lgan belgidan tovarlarda, tovarlarning etiketkalarida, o‘rovlarida qonunga zid ravishda foydalanilganda ular soxtalashtirilgan (kontrafakt) bo‘ladi, deya belgilab qo‘yilgan. Bunday mahsulotlarning iste’molchilarga taklif etilishi qonun bilan taqiqlanadi.

Ammo kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish qonun bilan taqiqlanganiga qaramay, soxta tovarlarning bozorga chiqarilishini to‘xtatib bo‘lmayapti:

- "O‘tgan yaqin yillarda korxonamizga tegishli bo‘lgan «Sweet» mahsuloti soxta variantlarining ichki bozorda ko‘payishi holatlari yuzaga keldi. Natijada, biz ushbu mahsulotni ishlab chiqarishni to‘xtatishga majbur bo‘ldik. Sababi, xaridorlarimiz bizning brend nomimiz ostidagi kontrafakt mahsulotlarga duch kelib, uning sifatidan qoniqmaganidan so‘ng, mahsulotimiz sotuvi pasayib ketdi. Mahsulot xarid qilayotganda uning nomi to‘g‘riligiga ishonch hosil qilib, ishlab chiqaruvchi haqidagi ma’lumotlarni tekshirib olish zarur” deya fikr bildirdi «Sladus Produce» MCHJ Bosh direktori Abdusamad Abdug‘aniyev.

Soxta mahsulotlar faoliyatining umri qisqadir. Vaqtlar o‘tib iste’molchilar haqiqiy mahsulotlarning farqiga bora olishadi. Misol uchun, Northumbria universiteti doktori Anqi Shenning «Qalbaki tovarlar firibgarligi: uning moliyaviy menejmenti hisobi» maqolasida kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish katta darajadagi murakkablik yoki moliya va resurslarni boshqarishni talab qilmaydigan parchalangan biznes ekanligini aniqlagan.

Bahodir Umirshayxov iste’molchilardan xarid qilayotgan mahsulotlariga nisbatan e’tiborli bo‘lishlari lozimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoatchilik nazorati o‘rnatilmas ekan, kontrafakt mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini qisqartirish murakkablashib boraveradi. Odatda, mahsulotning tarkibi, yaroqlilik muddati, brend nomining to‘g‘ri yozilganligi va boshqa kerakli ma’lumotlariga qarab sotib olinishi maqsadga muvofiqdir. Qachonki, iste’molchilarning o‘zi tovarlarni soxtasidan haqiqiysini ajrata olish darajasiga yetsa va natijada kontrafakt tovarlarning sotib olinish hajmi qisqarsa, bu kabi mahsulotlarni ishlab chiqarish o‘z-o‘zidan kamayadi. Bozorlarimizda kontrafakt tovarlarga ehtiyoj bo‘lyaptiki, bu turdagi tovarlar ishlab chiqarilyapti. Aynan shu kabi ehtiyojlarning yuzaga kelishiga asosiy sabab esa yurtdoshlarimizning soxta tovarlar farqiga bormay, ularni xarid qilishda davom etayotganliklari sanaladi.

Ta’kidlash joizki, ichki bozorda kontrafakt mahsulotlarining paydo bo‘lishiga o‘nlab idoralar vakillari birdek javobgardirlar. Iste’molchilar huquqlari ishonchli himoyalanishida hamma birdek harakat qilishi lozimdir.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bahodir Umirshayxov: Jamoatchilik nazorati o‘rnatilmas ekan, kontrafakt mahsulotlar soni kamaymaydi