
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida qonun ustuvorligi va nazoratni kuchaytirish bo‘yicha olib borilgan ishlar natijalari ma’lum qilindi. Inspeksiyaning 9 oylik faoliyati yakunlariga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 3 mingdan ortiq qurilish obyekti talab va me’yorlarga javob bermagani uchun buzdirildi.
Hozirda respublika bo‘yicha 28 mingdan ziyod qurilish obyekti davlat nazorati ostida turibdi. Inspeksiya xodimlari tomonidan joriy yil davomida 317 mingga yaqin tekshiruv va nazorat tadbirlari o‘tkazilgan. Ularning natijasida qurilishdagi qoidabuzarliklarni bartaraf etish uchun 154 mingdan ortiq yozma ko‘rsatmalar berilgan, 7 ming holatda esa mas’ul shaxslarga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.
Tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, ba’zi loyihalarda qurilish talablari to‘liq bajarilmagan. Natijada 3 mingdan ortiq obyektda buzdirish choralari amalga oshirilgan. Bu choralar qurilish sifatini oshirish va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ko‘rilmoqda.
Shuningdek, 9 oy davomida 18 ming 965 ta ko‘p qavatli uyning texnik holati o‘rganilgan. Natijada 5 mingdan ortiq qonunbuzilish holatlari aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilgan. Hozirda bu ko‘rsatmalarning ijrosi doimiy nazoratda.
Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimlarida o‘tkazilgan tekshiruvlar ham jiddiy kamchiliklarni ko‘rsatdi. Bu sohada 4 ming 600 dan ziyod qoidabuzarlik holati aniqlandi va ularga nisbatan belgilangan tartibda jarimalar qo‘llanildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!