18:14 / 21.08.2022
1 038

“Fundamental huquqlarning Konstitutsiyada ifodalanishi fuqarolar foydasiga xizmat qiladi” — Rasul Kusherbayev

“Fundamental huquqlarning Konstitutsiyada ifodalanishi fuqarolar foydasiga xizmat qiladi” — Rasul Kusherbayev
Sud qarorisiz uy-joydan mahrum etilishga yo‘l qo‘yilmasligi har bir o‘zbekistonlikning konstitutsiyaviy, ya’ni eng oliy huquqiga aylanishi kutilmoqda. Deputat Rasul Kusherbayevning aytishicha, kutilayotgan bu yangilik va avvalroq Konstitutsiyaviy sud chiqargan kutilmagan qaror mulki olib qo‘yilgan fuqarolarning sudlarga yoppasiga arz qilishi to‘lqinini keltirib chiqarishi mumkin va shunday bo‘lishi ham kerak.

— Rasul aka, O‘zbekiiston bosh qonuniga kiritish taklif etilayotgan snoslar va xususiy mulk daxlsizligiga oid o‘zgartirishlarni bungacha ham yoritgandik. Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatar ekanmiz, ayrim yurtdoshlarimiz istehzo bilan yillar davomida ishlamay kelayotgan narsa Konstitutsiyaga kiritilsa, birdan ishlab ketarmikan deb yozishayotganiga ko‘zim tushdi. Siz bu fikrlarga qo‘shilasizmi?
— Har kim fikr bildirish huquqiga ega. Ularda ham qandaydir asos borki, shunga tayanib aytishayotgandir. Bu fikr qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanini vaqt ko‘rsatadi.

Lekin bir narsani aytish kerak. Mulk huquqiga oid fundamental qoidalarning aynan Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilishi bu – ijobiy holat. Uzoq vaqtdan beri ishlamagan Konstitutsiya o‘zgartirishlar kiritilgandan so‘ng ishlab ketadimi degan masala o‘rtaga chiqyapti. Hechdan ko‘ra kech, degan gap bor. Amaldagi Konstitutsiyaning 53-moddasida mulkdor faqat qonunda belgilangan tartibdagina mulkidan mahrum qilinishi mumkinligi haqidagi qoida belgilangan bo‘lsa-da, lekin Uy-joy kodeksi va boshqa bir qator qonunlar hamda qonunosti hujjatlarida Konstitutsiyaga zid normalar bo‘lgani hisobiga mulk daxlsizligi ta’minlanmay kelayotgandi. Afsuski, bu masalaga uzoq vaqt davomida ko‘z yumib kelindi.

Ushbu muammo fuqarolarning yoki qaysidir bir tomonning xatosi deb hisoblamayman. Bu yerda eng katta xato – qonunlarning bir xilda ijro etilishini nazorat qiluvchi organlar, xususan, Konstitutsiyaviy sudning jur’atsizligi hamda masalaga bir tomonlama yondashuv bilan bog‘liq deb hisoblayman.

Quvonarlisi, shu yilning 31 may kuni Konstitutsiyaviy sud o‘z tarixidagi katta qadamlardan birini tashladi. Qaysidir ma’noda uyg‘ondi va uyg‘onishi ham aynan mulk daxlsizligi masalasi bilan bog‘liq bo‘ldi. Konstitutsiyaviy sud 31 maydagi qarori bilan Fuqarolik kodeksi, bir qator qonunlardagi normalar mamlakat bosh qonunining 53-moddasiga muvofiq emasligini rasman tan oldi va boshqa hujjatlardagi konstitutsiyaga zid qoidalar asosida fuqarolarning uy-joylari “snos” qilinishi, mulkdan mahrum etilishi noqonuniy deb topildi. Bu juda katta ish aslida.

Demak, “snos” masalasini, ya’ni xususiy mulk daxlsizligini mustahkamlashni Konstitutsiyaga kiritadigan bo‘lsak, u bir kuni baribir haqiqat qaror topishiga asos bo‘lib xizmat qiladi.

— Konstitutsiyaviy sudning qarori fuqarolarning individual murojaatiga asosan chiqarilgan-ku. Ushbu hujjat faqat qaysidir fuqarolarga daxldormi yoki ushbu keysdan barcha o‘zbekistonliklar foydalana olishlari mumkinmi?
— To‘g‘ri, Konstitutsiyaviy sudning qaroriga fuqaroning individual murojaati turtki bo‘lgan. Lekin murojaatda ko‘tarilgan masalani tahlil qilish natijasida amaldagi qonunchilik tahlil qilib chiqilgan va barcha uchun majburiy bo‘lgan qaror qabul qilingan. Ya’ni kodekslarimiz, qonunlarimiz, qonunosti hujjatlaridagi fuqaro xususiy mulkidan mahrum etilishi mumkin ekanini ko‘zda tutuvchi tartib-taomillar Konstitutsiyaga zid ekani qayd etildi.

Endi nima bo‘ladi, degan savol tug‘iladi. Fuqarolar mol-mulkidan faqat qonunda belgilangan tartibda mahrum qilinadi degan fundamental huquqning bir vaqtlar Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgani tufayli, amalda u uzoq vaqt davomida ishlamay kelayotgan bo‘lsa ham bugunga kelib tan olinayotgani mana shu davrgacha Konstitutsiyaga zid qonunlarni qo‘llab, fuqarolarning mulkidan mahrum qilib, joyini “snos” qilib kelgan nimaiki harakat bo‘lsa, ularning bekor bo‘lishiga olib keladi.

Fuqarolarda endi huquq paydo bo‘ladiki, ular mening mulk huquqimdan Konstitutsiyaga xilof tarzda mahrum qilgan ekansizlar, mulkimni qaytarib beringlar, deb aytishlari mumkin.

— Oradan bir necha yil o‘tgan bo‘lsa ham mana shu hujjatga asoslanib, ular sudga da’vo arizasi kiritishlari mumkinmi?
— Albatta, chunki Konstitutsiyaviy sud tan olyapti buni. Shu paytgacha agar mahalliy hokimliklar, hukumat yoki boshqa idoralarning davlat manfaatlarini ko‘zlab fuqarolarni xususiy mulkidan mahrum etishga oid, ya’ni “snos”ga doir qarorlari bularning hammasini zudlik bilan bekor qilish talab etilishiga olib keladi.

Afsuski, bizda asosiy muammo Konstitutsiyaga munosabat, mamlakat bosh qonunida belgilangan qoidalarning ijro etilmayotgani bilan bog‘liq. Konstitutsiyaviy sudning qanday organligi, uning qarorlari hamma uchun majburiyligi Konstitutsiya va qonunlarda belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, mahalliy hokimliklar haligacha “snos”larga oid qarorlarini ko‘rib chiqib, bekor qilishayotgani yo‘q. Xalq deputatlari shahar, tuman kengashlari ham bunday qarorlarini bekor qilishmayapti.

Haliyam joylarda eski qarorlar asosida qabul qilingan qonunosti hujjatlari asosida odamlarning uylari buzilyapti, “snos” qilinyapti. Eng qizig‘i, sudlarimiz shunga oid ishlarni ko‘rib chiqyapti. Ya’ni eng kuchli yuristlar – qozikalonlarimiz o‘tirgan sud buning mohiyatini tushunib yetmasdan fuqarolarni mulk huquqidan mahrum qilish, yashab turgan uyidan ko‘chirish haqida ajrimlar, qarorlar qabul qilishda davom etmoqda. Aslida bizning asosiy fojiamiz – shu.

— Aslida Konstitutsiyaviy sudning qarori barcha uchun majburiy va bir xilda ijro etilishi kerak...
— Xuddi shunday va shu bilan birga 31 mayda qabul qilingan hujjat konstitutsiyaviy huquqi buzilgan har bir shaxsga huquqini tiklash uchun qo‘shimcha asos, ya’ni yangi ochilgan holat bo‘lmoqda. Konstitutsiyaviy sudning shu qaroriga ko‘ra, xususiy mulkidan mosuvo bo‘lgan, uy-joyi noqonuniy “snos” qilingan yoki unga yetarli darajada kompensatsiya to‘lab berilmagan fuqarolarning ishlari sudlar tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi kerak.

Konstitutsiyaviy sud tomonidan bunday qarorning qabul qilingani shaxsan men uchun kutilmagan hol bo‘ldi, to‘g‘risi. Kech qolib bo‘lsa ham buning tan olinishi katta voqea, kimlar bu ishga hissa qo‘shgan, bilmadim, shunga qaramay ularning barchasiga minnatdorlik bildiraman.

Konstitutsiyaga kiritilishi taklif etilayotgan yangi normalarning muhimligi ham shunda. Fundamental huquqlarning mamlakat bosh qonunida ifodalanishi vaqti kelib fuqarolar foydasiga xizmat qiladi.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Fundamental huquqlarning Konstitutsiyada ifodalanishi fuqarolar foydasiga xizmat qiladi” — Rasul Kusherbayev