
(birinchi qism)
Tilimizga yana bir so‘z – “imidj” so‘zi imi-jimida kirib keldi. Uning tilimizda muqobili, tarjimasi anchagina: yoqimlilik, joziba, jozibalilik, jozibadorlik, dilbarlik, ko‘rkamlik, istarasi issiqlik, qiyofa, kelbat, siymo, turq, ro‘y, aft kabi. Xofizlarni, raqqosalarni pardozlovchini ham “imidjmeyker” deyishardi. Har holda bu so‘z tilimizga o‘rnashdi. Endi hatto mamlakat jozibasi – “O‘zbekiston imidji” haqidagi iboralar hujjatlarga, dasturlarga kira boshladi.
Tashqi ishlar vazirligimiz “Xalqaro arenada O‘zbekiston Respublikasining ijobiy imidjini mustahkamlash Konseptsiyasi”ni ishlab chiqibdi. Ortidan Iqtisodiyot vazirligi mamlakatning sarmoyaviy jozibadorligini oshirishga xalaqit beradigan muammolar o‘rganilayotganini bildiribdi.
Britaniyada chiqadigan dunyoning eng nufuzli jurnallaridan biri bo‘lmish Economist muxbiri, Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchi Joanna Lillisga ko‘ra: “Prezident Mirziyoyev juda ko‘p narsalarni o‘zgartirdi. U ommaviy axborot vositalariga ko‘proq erkinlik berdi. Biz jamiyatda hali ham ayrim cheklovlar saqlanib qolayotganini ko‘rsak-da, Prezident Mirziyoyev O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan muammolarni ochiq muhokama qilishga yo‘l ochib berdi... Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lganidan keyin tashqi siyosat sohasida ham hamma narsani o‘zgartirdi. U qo‘shnilar bilan muloqot yo‘llarini izlash va munosabatlarni yaxshilashga ham faol kirishdi... Men Mirziyoyev O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi imidjini yaxshilab sarmoyalarni jalb qilishni xohlaydi, degan fikrdaman. Shuning uchun ham u O‘zbekistonning xalqaro imidjini yaxshilash chora-tadbirlarini ko‘rayapti. Buning ortidan qaysidir sohalarda yaxshilanish yuz berayapti”.
“Imidj” deganda xayolimga ko‘p narsalar keladi. Nafaqat mamlakat, hatto bir inson o‘laroq ham, odamning ham hammaga yaxshi ko‘ringisi keladi, albatta. Masalan, uy qursak, odamlarning ko‘ziga ko‘rinadigan ko‘cha tarafini yaltiratib suvoq qilamiz, marmar toshlar yoptiramiz, chiroyli ranglarga bo‘yaymiz, lekin ichkari tomoni loysuvoqligicha qolaveradi. Ayollar uyida sochidan qatiq hidi ufurgan holda g‘ijim kiyimda yuraveradi, ammo ko‘chaga chiqsa, sochlarini soatlab gajak qiladi, yuzlariga bo‘yoq beradi, ya’ni xuddi biz rahbar o‘tib qoladigan yo‘llarning chetidagi uylarni va tomlarni bo‘yaganimiz kabi “imidji”ni qiladi.
Buxoroning avvalgi davrdagi hokimi to aeroportdan shahar markazigacha uylarning hammasini mehmonlarning ko‘zi tushadigan ko‘cha tomondan ikki qavatli, plastik derazali qildirgandi, ichkariga kirsangiz labi uchgan qora o‘choqlarni, nuragan uylarni ko‘rardingiz. Toshkentdagi Samarqand darvozadan Oqtepaga chiroyli ikki tomonlama yo‘l o‘tkazildi, lekin yo‘lning ikki chetidagi pastqam, eski uylarning hammasi “imidj”ni saqlovchi chiroyli rasmlar tushirilgan bannerlar bilan yopib tashlangan, yashovchilar rasmning teshigidan kirib-chiqib yuradi.
Ota yurtim Urgutdan Toshkentga yozda yo kuzda qaytayotib, Bulung‘ur, Jomboydan o‘tayotganda yo‘lning ikki tomonida ipdan to‘qilgan, ichidagi mahsulot ko‘rinib turadigan qoplarga solingan kartoshka, piyoz sabzilarga ko‘z tushadi. Bolalarim qishloq joylarda arzon bo‘ladi degani uchun bir gal Jomboydan chiqaverishdagi shunday yo‘lbozordan bir qop piyoz, bir qop kartoshka oldim. Hamma yog‘i ochiq to‘rxaltada, shundoq ko‘rinib turibdi – sarxil, bir xil kattalikdagi silliq kartoshka, sabzi. Uyga olib kelib ochsam – ichiga maydalarini, yong‘oqdaylarini, chiqindilarini solgan ekan. To‘r qopga qay tarzda bunday terish mumkin deb qiziqsam, chambarakni qop o‘rtasiga qo‘yarkan, chetiga kattasini terarkan, o‘rtasiga tashlandig‘ini solarkan va sekin chambarakni yuqoriga ko‘tarib borarkan, ya’ni kartoshkaning tashqi “imidji”ni yaxshilarkan.
Bozorga borsang, peshtaxtaga chiroyli qilib mahsulotining sarasini terib qo‘yadi. “Torting qani”, - desang, pastdan mayda-chuydasini solib, ustiga uch-to‘rtta katta, sarxilini solib, uzatadi.
“Imidjmeyker” xalq bo‘lib qoldik
Boshliq dalani ko‘rgani keladigan bo‘lsa, magazinning paxtasini olib kelib ko‘sakka tiqib qo‘yuchilar, rahbar o‘tadigan yo‘lning ikki chetida polietilendan ichida ekini yo‘q “issiqxonalar” yasab qo‘yuvchilar, chet ellik mehmon keladigan xiyobondagi archalarga ohak va yashil bo‘yoq aralashtirib rang purkovchilar, suvi bor, yashasa bo‘ladigan yerlar qolib, katta trassaning bo‘yiga o‘tgan-qaytgan rahbarning ko‘zi tushsin deb chala-chulpa, yerning nami ko‘pligidan yarmigacha sho‘rlagan, bir jiddiy shamolda tomi uchib, bir jiddiy qahratonda devori ko‘chgan “namunali uylar” quruvchilar...
Axir bularning bari mustahkam emas-ku, bir martalik, vaqtinchalik-ku. Men boshqa Bulung‘ur yo‘lida to‘xtab, sabzavot olmayman. Sotuvchi xaltasi tagiga chirigan mevani solib, ustiga “imidj” uchun yaxshisini terganini bilgan xaridor boshqa o‘sha rastani ko‘rsa, chetlab o‘tadi. Tashviqotga uchib kelgan xaridor, o‘z ko‘zi bilan ko‘rganidan keyin boshqa bu mahsulotdan olmaydi. Bunaqangi yasama “joziba”ning asosi yo‘q.
Ustoz Shukrulloning ziyoratlariga borsam, oynai jahonga qarab o‘tirgan ekanlar. “Nega televizor tinimsiz sportchilarni ko‘tar-ko‘tar qilyapti?!” – dedilar. “Ustoz, sport mamlakat va millatni dunyoga eng tez tanitadigan vosita emish, ular orqali O‘zbekiston nomi dunyoga tanilar ekan, imidji yuksalar emish”, - dedim. “Ha, yaxshi, - deb bir xo‘rsindilar-da, - xalqimiz avvallari aqli, ilmi, adabiyoti bilan dunyoga tanilgan edi”, - dedilar va jim bo‘lib qoldilar. Keyin xulosa qildilar: “Sport tanni chiniqtiradi, muskulni chayir qiladi, lekin qalb-chi?! Ma’naviyat-chi?! Aql-chi?! Bunga ham e’tibor kerak! Devday bo‘lsa-yu, miyasi ishlamasa, nima bo‘ladi!”
Bugun “O‘zbekiston imidjini yaxshilash” ustida ko‘plar bosh qotirmoqda. Yozuvchilar va jurnalistlar kitoblar, maqolalar yozmoqda, olimlar tahlil qilyapti, hatto bu mavzuda dissertatsiyalar ustida ishlayotganlar bor.
Afsuski, Shavkat Mirziyoyev “qo‘rquv davri” atagan chorak asr mobaynida tashqarida O‘zbekistonning avtoritar va totalitar tuzum sifatidagi qiyofasi qattiq o‘rnashdi. Shavkat Mirziyoyevning boshlagan islohotlari, so‘z erkinligi va ochiqlik siyosati, yurtga kirish-chiqish masalasidagi yengilliklar, valyuta islohoti, yurtning investititsiyaviy jozibardorlikni oshirishga qaratilgan harakatlar natijasida O‘zbekiston imidji bir qadar yaxshilandi. Lekin hali islohotlarning ortga qaytmasligiga, barcha sohalarni, jumladan ma’muriy-siyosiy sohani ham o‘z ichiga olishiga to‘la ishonch qaror topganicha yo‘q.
O‘zbekiston imidjining asosi avvalo dunyo ko‘z o‘ngidagi xalqimiz, millatimiz martabasi, ya’ni o‘zbek timsolidir.
O‘zbekistonning jozibadorligi va o‘zbekning timsoli
Inglizlar juda qiyin o‘zgaruvchi an’anaviy xalq, demokratiya kelsa ham qirollikni saqlab qolgan, shuning uchun uning konservativligi mashhur. Nemislar va’da qilingan yerga vaqtida keladi, bir daqiqa oldin ham, bir daqiqa keyin ham kelmaydi, nemisning ana shu punktualigi sifatlanadi. Faranglarning ko‘tarinkiligi, xayolparastligi, romantikligi, hammani moyil qila olishi afsonaga aylangan, shunaqalarni hatto bizda “ustasi farang” deyishadi.
Yaponlarning kashshofligi, texnologiyalar yaratish salohiyati e’tirof etiladi. Chinliklar har narsadan bir narsa yasay oladigan, ustomon xalq sifatida dunyoga tanilgan. Hindlarning jonivorlarga nisbatan shafiqligi, o‘z hayotiga toqatliligi o‘ziga xosdir. Yahudiylarni hamma omilkor, puxta-pishiq deb biladi. Albatta, bu hislatlar ham hamma ellarda u yo bu darajada mavjud. Ammo millatning bo‘rtib turadigan o‘ziga xosligi ham mavjud.
Xo‘sh, o‘zbek qanday xalq o‘zi?!
Bizda o‘zbek millatining serfarzandligi, mehmondo‘stligi ko‘p aytiladi, lekin dunyo fikratiga hali bu hislat bilan o‘rnashganimizcha yo‘q. Mehnatkashligimiz, xokisorligimiz, kattalarga itoatkorligimiz, sitamlarga toqatliligimiz ham bor.
Karim BAHRIYEV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar