date
views 1 750

Gitler Stalinni hamkasbi deb bilardi

Gitler Stalinni hamkasbi deb bilardichya
Davlat tuzumidagi o‘xshashliklar mafkuralarda ham ko‘zga tashlangan edi. Sovet Ittifoqida qirg‘in va zulm «sinfiy kurash qonunlari» bilan oqlansa, Olmoniyada qonxo‘rliklarga «irqiy kurash» g‘oyaviy bahona bo‘lgandi. Fashistlar xalqning «irodasini susaytiruvchi» sanab, nasroniylik konfessiyalariga qarshi ashaddiy kurashgan bo‘lsa, kommunistlarning «din – af’yundir», degan shior bilan ateistik qatag‘on o‘tkazgani ma’lum. Adabiyotda va san’atda ham shunday hol edi: SSSRda hayotni siyosatga muvofiq tarzda bejab tasvirlashni talab qilgan «sotsialistik realizm» hukmron bo‘lsa, Uchinchi reyxda «qon va tuproq» nazariyasi hurfikrlikni jilovlagandi.

Gitler va Stalin zimdan bir-biriga havas qilishardi. Albert Shpeyer shunday eslaydi: «Bilmadim, hazil qilibmi-jiddiymi, gohida Gitler Rossiyani yengganimizdan keyin bu mamlakatdagi boshqaruvni, albatta, olmonlarning rahnamoligi ostida, Stalinga ishonib topshirsak bo‘ladi, derdi. Uning fikricha, Stalin o‘rislarni qanday boshqarish kerakligini hammadan yaxshi biladi. Gitler, aytish mumkinki, Stalinni dushman emas, o‘z hamkasbi deb bilardi». Ikki odamxo‘r, qassob va kazzob hamkasblar!

Gitler Stalinni «daho» deb ta’riflagani ko‘plab manbalarda tasdiqlanadi. Stalinning Gitlerga munosabati haqida ma’lumotlar kam, chunki umuman sovet rahbarlarining harakatlari, fikrlari sirligicha qolgandi, Kompartiya rahbarlari «partiya dasturi»dan chiqib biror narsa demasdilar, kommunistlar yashirin faoliyat yuritib, hokimiyatga kelgan, hokimiyatga kelgach ham ko‘p narsani yashirin bitirish odatini tark etmagandilar. Qiziqarlisi shundaki, Stalinning Gitlerga munosabatida ham nemis manbaalarida ayrim ma’lumotlar bor.

Alfred Rozenbergning kundaligida 1939 yil 5 oktabrda yozilgan bir qaydni o‘qish mumkin: «Ribbentrop Leyning huzurida Darrega o‘zining Moskov taassurotlarini (Olmoniya tashqi ishlar ministri Ribbentropning SSSR bilan urush oldidan Sharqiy Ovro‘po, Boltiqbo‘yi, o‘arbiy Ukraina va Belorussiya hamda Bessarabiyani xalqlar va davlatlardan so‘ramasdan bo‘lib olish haqidagi qabihona «Molotov-Ribbentrop pakti»ni imzolash uchun 1939 yil 23 avgustda Moskovga safari nazarda tutilmoqda. – K.B.) aytib berdi: o‘rislar, uning so‘zlariga qaraganda, juda qadrdon kishilar ekan, u o‘zini ular orasida ko‘hna natsional-sotsialistlar orasida o‘tirgandek his qilibdi… Aytganday, Stalin nafaqat Gitlerning sharafiga, shuningdek Germaniyadagi tartibning (qon evaziga fashistlar o‘rnatgan «tartib» Stalinga qanchalar yoqadi. – K.B.) kafolati sifatidagi Gimlerning sharafiga ham qadah ko‘tardi. Gimler Olmoniyada kommunistlarni, ya’ni Stalinning izdoshlarini qirib tashlagan odam, Stalin bo‘lsa dab-durustdan o‘z izdoshlarining qotili uchun qadah ko‘taradi. Buyuk odam, Ribbentrop va uning to‘dasi shunday deyishmoqda».

Eng dahshatlisi, Stalin ko‘p vaqt o‘tmay «tartib kafolati» bo‘lgan Gimler bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun 1933 yilda Gitler hokimiyatga kelganida panoh izlab kelib, kommunistlar yurtida - Sovet Ittifoqida emigratsiyada yashayotgan nemis kommunistlarini fashistlar gestaposiga – qotillarning qo‘liga topshiradi. Mana, Stalinning «kommunist»ligi, «antifashist»ligi! Gitler jinoyatkorona g‘oyalari va yovuz tamoyillariga qanchalik telbalarcha sodiq bo‘lsa, Stalin shunchalar hokimiyatparastlikdan o‘zga istagi, tayin bir g‘oyasiz va tamoyilsiz shaxs edi.

Hayratlanarlisi, garchand G‘afur G‘ulom: «Shuhrat qoldirmoqqa Gerostratdek Diana ma’budin yoqmoq shart emas», - deya ta’kidlagan bo‘lsa-da, yovuzlik bilan ham tarixda qolish mumkinligi ayon va yovuzlarni ham xo‘rsinib eslab turadiganlar topilib turadi. Hatto yoshligidayoq qamalgan, keyin Sibirga surgun qilingan, surgundan so‘ng 1936 yildan to urush boshlangan 1941 yilgacha daydib qochib umri o‘tgan yozuvchi Anatoliy Ribakov ham bir suhbatida Stalinning «inqilob go‘rkovi» bo‘lganini ta’kidlay turib: «U mamlakatni industriallashtirish uchun ko‘p narsalarni qilganiga ham ko‘z yummaslik kerak. Stalin qoloq mamlakatni ancha tez suratda ilg‘or mamlakatga aylantirdi», - deya shirin xayolga beriladi. Bu industriallashtirishning qanday amalga oshirilganini, xalqning millionlab farzandlari juvonmarg bo‘lganini ham eslash lozim, albatta.

Qolaversa, industriallashtirish ham, mamlakat qo‘lga kiritgan boshqa harbiy, iqtisodiy, ilmiy, badiiy yutuqlar huquqsiz mehnatkash xalqning zahmatlari evaziga qo‘lga kiritilgan, bu yutuqlarni Kremlda tamaki chekib rohat surgan Stalinga nisbat berish noto‘g‘ri bo‘lar edi. Qolaversa, yuksak taraqqiyotga boshqa mamlakatlarda ham erishilgan edi va u mamlakatlarda taraqqiy etish uchun Stalin ham, bu qadar adadsiz jabr-zulm ham kerak bo‘lgan emasdi.

(davomi bor)
Karim Bahriyev

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Gitler Stalinni hamkasbi deb bilardi