13:39 / 05.11.2022
2 131

O‘zbekistonda endi ish haqi kechiktirilgan har bir kun uchun kompensatsiya to‘lanadi

O‘zbekistonda endi ish haqi kechiktirilgan har bir kun uchun kompensatsiya to‘lanadi
O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida ish haqini kechiktirgan ish beruvchi javobgarlikka tortilishi belgilandi.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining hajmi amaldagisiga nisbatan deyarli 3 barobar katta bo‘lib, 581 moddani o‘z ichiga olgan (amaldagisi 294 moddadan iborat). Hujjatda bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqini himoya qilish, mehnat nizolarini ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi normalar qo‘shildi.

Yangi qo‘shilgan 253-moddada ish haqini to‘lash muddatlari belgilandi. Unga ko‘ra, xodimlarga ish haqi to‘lash muddatlari jamoa shartnomasida yoki ichki hujjatda, ular mavjud bo‘lmaganda esa mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan muddatlarda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emas.

Xodimlarga oylik ish haqi, qoida tariqasida, 16 kundan ko‘p bo‘lmagan tanaffus bilan ikki qismga bo‘lingan holda (bo‘nakda va qolgan qismi miqdorida) to‘lanadi.

Ish haqi to‘lanadigan kun dam olish kuniga yoki ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelib qolganda ish haqi ushbu kunlar arafasida to‘lanadi. Xodimga tegishli bo‘lgan ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi va miqdori boshqa to‘lovlarni amalga oshirishga hamda ularning navbatiga bog‘liq qilib qo‘yilmasligi kerak.

Ish beruvchi ish haqi to‘lash kechiktirilgani uchun xodim oldida ushbu kodeksga kiritilgan 333-moddaga ko‘ra moddiy javobgar bo‘ladi.

Ya’ni, ish beruvchi ish haqini, ta’til to‘lovlarini, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi to‘lovlarni va (yoki) xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlarni to‘lash muddatini buzgan taqdirda, ularni to‘lov muddatidan keyingi kundan e’tiboran to haqiqatda hisob-kitob qilingan kunni o‘z ichiga olgan muddatgacha har bir kechiktirilgan kun uchun Markaziy bankining o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda foizlar (pulli kompensatsiya) bilan birga to‘lashi shart.

Xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan pulli kompensatsiyaning miqdori Markaziy banki qayta moliyalash stavkasining o‘n foizi miqdorida belgilanadi. Uning miqdori jamoa shartnomasi, ichki hujjat yoki mehnat shartnomasi bilan oshirilishi mumkin.

Ish beruvchi oylik ish haqini yoki xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlarni to‘lashning kechiktirilishida aybi bor-yo‘qligidan qat’i nazar uni to‘lashga majbur bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, yangi tahrirdagi ushbu kodeks 2023 yilning 30 aprelidan boshlab kuchga kiradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda endi ish haqi kechiktirilgan har bir kun uchun kompensatsiya to‘lanadi