
Sovet paytidan qolgan chirkin bir tushuncha bor – davlat puli deyishadi. Yo‘q, davlat puli degan narsa yo‘q. Xalq puli bor! Xalq to‘lagan soliqlardan to‘plangan, xalqqa tegishli yer osti va usti boyliklarini sotishdan tushgan va xalq mehnati asosida yig‘ilgan pullar xalq puli deyiladi, davlat puli emas!
Ana shu xalq pulini davlatga, amaldorlarga ishonib topshirar ekanmiz, ulardan hisobot talab qilishimizga haqqimiz bor. Qanday qilib sarflanayotgani ustidan nazorat o‘rnatishga, xalq pulini sarflash vakolatiga ega tashkilotlar faoliyatining shaffofligiga erishishga haqlimiz va shunday bo‘lishi shart.
Aks holda bir tiyinga qimmat, O‘zbekiston uchun foydasi yo‘q “yeb-ichar – ertaga unutar” qabilidagi tadbirlar uyushtirib, mehmonlar uchun "100 ming so‘mlik somsa, 1 millionlik sharf olindi", deb ko‘zimizga “qum sepishadi”, xalq pulini tuya qilishda davom etishadi.
Biroq shu o‘rinda bir mulohaza tug‘iladi: agar shafoflikni talab qilsak, bunday ma’lumotlarni oshkor qilish xalq munozarasiga sabab bo‘lishini ko‘rgan ayrim rahbarchalar tanqiddan zada bo‘lib, yana o‘z qobig‘iga o‘ralib olmasmikan? Tanqid ularni cho‘chitib yubormaydimi? Bunday ma’lumotlarni e’lon qilmaslik kerak, degan xulosaga olib bormaydimi?
AzonTV ilmiy ma’rifiy onlayn telekanalida uzatilgan “Fikrat” tahliliy dasturining navbatdagi soni “O‘zbekistonda media, so‘z erkinligi va senzura” mavzusiga bag‘ishlandi. Unda O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi raisining G‘oyaviy mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Bobur Rasulev bilan shu masalalar yuzasidan fikr almashildi.
- Yo‘q, ularni cho‘chitib yubormaydi. Chunki davlat organlari faoliyatida shaffoflikka erishish - davlat strategiyasida belgilangan qadam, deydi Bobur Rasulev. - Ortga yo‘l yo‘q. Avvalo, davlat rahbari buni talab qilyapti. Ikkinchidan, hozir davlat idoralarida saytlar hamma ma’lumotlarni e’lon qilib borishga majbur.
Bundan 4 yil muqaddam, pandemiyadan oldin Qirg‘iziston Respublikasida Mo‘g‘uliston va AQSH bilan hamkorlikda, Transparantlik, ya’ni shaffoflik bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etgandim. O‘sha yerda ko‘p narsalarni o‘rgandik. Shulardan kelib chiqib aytishim mumkinki, har bir tashkilotda budjet masalasida, moliya masalasida ma’lumotlar berkitilsa, bu holatni jamoatchilik o‘rganib, bunga mutasaddi bo‘lgan davlat idoralariga tegishli tavsiyalar berishi kerak.
Shunda jamoatchilik nazorati, ya’ni jamoatchilik monitoringi shakllanadi. Davlat idoralari bunday ma’lumotlarni berishga majbur. Bu ma’lumotlardan kelib chiqqan holda jurnalistlar, blogerlar, deputatlar, jamoatchilik vakillari, oqsoqollar tegishli savollar berishadi. Ulardan javob olishadi.
Jinoyat alomatlari aniqlangan taqdirda, huquq-tartibot idoralari ular bilan shug‘ullanib, o‘rganishlar va ko‘rilgan choralar haqida xalqqa hisobot berishi kerak. Bunday tizim yaratilsa, davlat idoralaridagi mas’uliyatni kuchaytiradi. Pirovardida esa davlat manfaatlariga xizmat qiladi, deydi Bobur Rasulev.
Manba: Azon.uz
Xalq PuliDavlat PuliShaffoflikka ErishishO‘zbekiston Demokratik PartiyasiJamoatchilik NazoratiMoliyaviy Ma’lumotlar O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar