
Siyosatshunos va tarixchilar Kamoliddin Rabbimov, Hamid Sodiq, Bahrom Irzayev va Shuhrat Barlos mehmon bo‘lgan AzonTV dagi “Tahlil” dasturining navbatdagi sonida siyosatning tarixga ta’siri ko‘rib chiqildi. Jumladan, tarix siyosatga bo‘ysunadimi, degan savol o‘rtaga tashlandi. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bu savolga quyidagicha javob berdi:
“Odatda fuqarolik, vatandoshlik jamiyatlari rivojlangan demokratik, huquqiy davlatlarda tarixchilar alohida klaster hisoblanadi. Ularga siyosiy bosim o‘tkazish, fikrlash va so‘zlash erkinligidan mahrum qilish imkonsiz. Lekin hali bizda vatandoshlik jamiyati to‘laqonli shakllanib ulgurgani yo‘q. Bu jarayon endi boshlanyapti. 2016 yildan ikkinchi to‘lqinni boshlangan. Demak, bizda hali tarixchilarga, tarixga siyosiy bosim bor va mening nazarimda, bu yaqin orada to‘liq yo‘qolmaydi, afsuski. Chunki, geosiyosiy joylashuvimiz shundayki, shimolda bir qudratli agressiv davlat va sharqda ham dunyoning ikkinchi qudratli davlati mavjud.
Hozir Uyg‘uristondagi bitta masalani ko‘taradigan bo‘lsangiz, shu zahoti Xitoy elchixonasi o‘zining ta’sir kanallari bilan bu masalani yopishga harakat qiladi. Ya’ni biz tarixni shu qadar kuchli bilishimiz va millatni siyosiylashuvinng zamirida tarixiy xotira turishi kerakki, keyin uyg‘urlarning ahvoliga tushib qolmasligimiz kerak. Hozir Xitoy Xalq Respublikasi shakllantirgan davlat bu - texnologik totalitar davlatdir. Ya’ni raqamli, informatsion, totaritar davlat.
Tarix shunday narsaki, uni avtoritar yoki totaritar davlatlar to‘laqonli monopoliya qilib olishga va bu orqali jamiyatni, xalqni va odamlarni to‘laqonli manipulyatsiya qilishga harakat qiladi. Dushman o‘zini do‘sti deb ko‘rsatadi va o‘sha xalqning, millatning haqiqiy aka-uka birodarlarini dushman sifatida ko‘rsatadi. Tarixning manipulyatsiya qilish maqsadi ham xuddi shu va bu orqali butun bir resurslaringizni, kelajagingizni xohlagancha o‘marish, o‘g‘irlash oddiy, oson bo‘lib qoladi, deydi Kamoliddin Rabbimov.
- Lekin yolg‘on tarix yaratib, qolganlarni laqillatmoqchi bo‘lgan xalqning o‘zi qiynalib qolishi mumkin, deya qo‘shimcha qildi tarixchi Shuhrat Barlos. - Chunki odamlarning ongi egallanganidan keyin uni boshqarish qulay. Biroq hozir tarixni yolg‘on qilib, miyasiga singdirsa, keyin anqovlar paydo bo‘ladi. Anqovlarni esa boshqarish oson. Biroq bu anqovlar ertaga o‘sha yolg‘on tarizga ishonib o‘z rahbarlari oldiga bajarilishi imkonsiz talablar qo‘ya boshlaydi.
Mana hozirgi Armaniston parokanda bo‘lmoqda. Nimaning evaziga? Yolg‘on tarix evaziga! Chunki qaysi armanni ko‘rsangiz, u dengizdan bu dengizgacha amranlarning yeri”, deb Dashnaksutyunning yolg‘on g‘oyasi, ya’ni “Buyuk Armaniston” g‘oyasi bilan yashaydi. Lekin butun dunyo - Yevropada ham, Amerikada ham u yerga armanlar ko‘chirib olib borilganini biladi. Ularga yer berildi, lekin tarix soxtalashtirilgandan keyin g‘azab, tashvish, alam, g‘am ichida to‘lgan, kin adovat bilan yashayotgan insonlar olomoni yaratildi. Bu ularning o‘ziga zarar qildi. Mana hozir ularning talablari katta. Rahbariyat esa bu talablar va real vaziyat o‘rtasida ovora, dedi tarixchi Shuhrat Barlos.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar