Rossiyaning 2016-yildagi AQSH prezidentlik saylovlariga aralashuvini o‘rgangan tergov jarayonining asosiy figuranti hisoblangan Federal tergov byurosining sobiq rahbari Jeyms Komi yangidan sudga tortilishi mumkin. Unga nisbatan yolg‘on guvohlik berish va adolatni to‘sish kabi jiddiy ayblovlar qo‘yildi. Bu haqda 26-sentyabr kuni Amerikaning nufuzli ABC News telekanali xabar tarqatdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHning Virjiniya shtati Sharqiy okrugi federal prokuraturasi Komini 2020-yilda Senatning sud qo‘mitasi oldidagi chiqishida FTBning Donald Tramp saylovoldi shtabi bilan Rossiya o‘rtasidagi ehtimoliy aloqalarga doir tergov haqida asossiz va yolg‘on ma’lumot berganlikda ayblamoqda. Ayblovning barcha tafsilotlari oshkor qilinmagan bo‘lsa-da, huquqshunoslar sobiq amaldor besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.
Komining o‘zi esa o‘zini mutlaq aybsiz deb hisoblab, bu holatni siyosiy intiqom deb baholadi. Uning ta’kidlashicha, ayblovlar ortida prezident Donald Trampning shaxsiy qasosi yotibdi. «Men va oilam Trampga qarshi pozitsiyada turishning har doim narxi bo‘lishini bilamiz. Biroq biz tiz cho‘kib yashashni hech qachon qabul qilmaymiz. Hech kim ham bunday holatda yuksak qadr-qimmatini yo‘qotib yashashi shart emas», dedi Komi. Shu bilan birga, u federal sud tizimining xolis va adolatli qaror chiqaradi, degan umidini bildirdi.
E’tiborli jihati shundaki, Komiga qarshi ayblovlar Virjiniya prokuraturasidagi keskin o‘zgarishlardan so‘ng qo‘yildi. Tramp avvalroq federal prokuror Erik Sibertni lavozimidan ozod etgandi. Manbalarga ko‘ra, Sibert Senatdagi ko‘rsatmalardan kelib chiqib, Komiga jinoiy ish qo‘zg‘atish uchun yetarli asos topmagan. Shuningdek, uning o‘rniga Tramp Oq uydagi ishonchli yordamchisi va sobiq advokati Lindsi Halliganni tayinladi.
Mutasaddilar bu jarayon AQSH siyosiy sahnasida yana katta tortishuvlarga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashmoqda. Chunki Komi — faqatgina FTBning sobiq rahbari emas, balki Tramp ma’muriyati davridagi eng katta mojarolardan biri — Rossiya saylovga aralashuvi ishi bilan bog‘liq asosiy shaxslardan biri sifatida ham tarixda qolgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!