14:11 / 19.03.2023
257

Depressiyadan qutulishning yana bir uslubi

Depressiyadan qutulishning yana bir uslubi
Inson depressiyaga, ya’ni tushkunlikka tushib qolsa, biror muammo yechimini topa olmay ruhan qiynalsa, o‘ziga dardkash va tayanch qidiradi. Dardini aytib, ko‘nglini bo‘shatgisi, yo‘l-yo‘riq olgisi keladi. Ayniqsa inson qariganida bunday odamlarga ehtiyoji ortadi. Chunki keksa inson avvalgidek hokimiyat va ta’sir kuchiga, chiroy, sog‘liq va kuch-quvvatga ega bo‘lmaydi, qo‘lidan ish kelmay qoladi. Zamon o‘zgarib boravergani bois, uning kasbiy tajribasiga ham hech kim ehtiyoj sezmaydi. Qo‘pol qilib aytganda, bunday odamning hech kimga keragi bo‘lmaydi, foydasi tegmaydi, hisob.
 
Agar insonning do‘st-birodari va qarindoshlari ko‘p bo‘lsa, ota-onasi tirik bo‘lsa, yoxud farzand-nabiralari bo‘lsa -  muammo yo‘q, dardkash topiladi. Millatimizda bu borada shikoyat yo‘q. Biroq boshqa millatlarda yoki G‘arb davlatlarida mentalitet hamda ijtimoiy tartib biroz boshqacharoq. Bunday sharoitda inson keksaygan sari yolg‘izlanib boraveradi. Bolalari ham alohida chiqib ketgan, imkoni bo‘lsa qariyalar uyiga joylashtirib qo‘ygan bo‘ladi. Bu kabi keksalarning nafaqa puli yetarli bo‘lsada, chiroyli va zamonaviy imkoniyatlarga ega qariyalar uyi yoki sanatoriylarda yashasada, ruhiy yolg‘izlikdan azob chekadi. Aytishlaricha, Janubiy Osiyodagi ayrim davlatlarda keksalar o‘rtasida xudkushlik ko‘p uchrar ekan. Yolg‘iz va nursiz hayot kechirishdan ko‘ra, mangu uyquga ketishni ma’qul ko‘rishar ekan.
 
Shuni hisobga olgan holda, avval G‘arb davlatlarida, sekin-asta bizning diyorlarda ham psixolog xizmatiga ehtiyoj ortib bormoqda. Bunday mutaxassislarni tayyorlash va tajriba hamda malakasini oshirish dolzarb bo‘lib bormoqda? Lekin O‘zbekistonda bu borada vaziyat qanday? Bunday xizmat va mutaxassislarga murojaat qilishi imkoniyati yetarlimi?
 
AzonTV jamoasi tayyorlayotgan «Fikrat» tahliliy dasturining galdagi sonida shunday muammolar ustida bahs qilindi. Xususan, ko‘rsatuv boshlovchisi G‘ayratxo‘ja Saydaliyev tushkunlikka tushgan insonga psixolog qanday yordam bera olishi bilan qiziqdi. Ko‘rsatuv eksperti, tibbiyot fanlari doktori, professor Zarifboy Ibodullayev bu savolga o‘z tajribasida uchragan bir voqea misolida javob berdi:
 
- Oldimga bir ayol keldi. O‘qituvchi ekan. O‘zim mustaqil depressiyadan chiqdim, dedi. Juda og‘ir depressiyaga tushgan ekan. Hatto o‘z joniga qasd qilish niyati paydo bo‘lgan. Tabiiyki, qanday qilib, deb so‘radim undan. Ayol turli psixologlarga ham uchragan, foydasi bo‘lmagan. Keyin Islomga yuzlanib, besh  mahal namoz o‘qiy boshlabdi. Hijobga kiribdi. Arab tilini o‘rganishni boshlabdi. Qur’on va hadislarni o‘qishga kirishibdi. Islom dini va tibbiyot o‘rtasidagi bog‘liqlik aks etgan kitoblarni ham o‘qib chiqibdi. Ulardan eng katta haqiqat - shukr qilish muhimligini o‘rganibdi. Shu tariqa darddan xalos bo‘libdi. Chunki psixologiyada avtosuggestika degan narsa bor. Ya’ni, inson o‘zini o‘zi ruhan davolay oladi. “Asab va ruhiyat” degan kitobimda shu haqda yozganman. Inson o‘zi o‘zi psixoterapevt bo‘lishi mumkinmi, degan savolga javob izlaganman.
 
Albatta biz din-diyonatli bo‘lishimiz kerak. Shu o‘rinda eslatib olmoqchiman, islom psixologiyasi bor, Islom akademiyasida Dinshunoslik fakultetida din-sotsial psixologiyasi yo‘nalishi mavjud. Bunday misollar ko‘p uchraydi. Ayrimlarga buvasi yoki buvisi ruhiy madad bo‘ladi. Ba’zan shunday voqealar bo‘ladiki, oilaviy nizolar markazda turadi. Masalan, ba’zi bemorlarning oilaning boshqa a’zolari bilan kelishmaydi. Ularning gapiga kirmaydi. O‘shanda “bu odam ishonadigan boshqa qarindoshlari, aytaylik, tog‘asi yoki ammasi bormi”, so‘rayman. “Borsin, shular bilan suhbatlashsin”, deyman. Mana shunday yaqin qarindoshlar psixoterapevtning eng yaqin yordamchilari bo‘ladi. Ota-ona tilini topa olmagan farzandni boshqa qarindoshi tushunishi mumkin. Psixoterapevt uchun muhim omil bo‘ladi.
 
Avval ota-onamiz bizni urushsa, xafa bo‘lib tomga yoki somonxonani ustiga  chiqib yotardik. Ota-onamiz e’tibor bermasdi ham, qorni ochsa o‘zi keladi, deb qo‘yishardi. Rostan ham bir ikki soat arazlab, keyin ovqat yeyish uchun pastga tushib kelardik. Hozir esa zamon va vaziyat o‘zgargan. Yoshlarning psixologik qarashlari bunday emas. Bugun “och qolsa, o‘zi tushib keladi”, deyishga qo‘rqasiz. Men ham psixolog sifatida bunday deyishni maslahat bermayman.
 
Hozirgi 14-16 yashar bolalar uyidan ketib qolsa indamay o‘tirmaslik kerak. Internet yoshlarni ancha o‘zgartirib yubordi. Xudo ko‘rsatmasin, uydan chiqib ketib qolib, o‘z joniga qasd qilishi mumkin. Yoki uydan aytmasdan chiqib ketgan bola, tuni bilan daydib, ertalab qaytib kelishi mumkin. Ungacha esa ota-onasi asab bo‘lib, qon bosimi oshib, biryoqli bo‘ladi. Shu bois bu masalalarda psixolog maslahati va tavsiyalari juda muhim, deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Zarifboy Ibodullayev.
 
Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat