date
views 810

Yer osti suvlaridan foydalanish tartibi o‘zgardi: quduq burg‘ilash va suv olish uchun yangi talablar belgilandi

Yer osti suvlaridan foydalanish tartibi o‘zgardi: quduq burg‘ilash va suv olish uchun yangi talablar belgilandi
O‘zbekistonda yer osti suv resurslaridan foydalanish masalasidagi qonunchilikda sezilarli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Qonun hujjatlariga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlarga ko‘ra, endi yer osti suvlarini qonunga zid tarzda burg‘ilash va ulardan noqonuniy foydalanish ma’muriy javobgarlikka tortilishga sabab bo‘ladi. Bu haqdagi o‘zgarishlar keng ko‘lamli huquqiy nazoratni o‘rnatishga qaratilgan.

Endilikda yer osti suvlaridan suv olish tartibi yanada qat’iylashtirilib, har bir foydalanuvchi qonun talablariga to‘liq rioya qilishi shart qilib qo‘yildi. Jumladan, yer osti suv resurslaridan quduq qazish uchun maxsus ruxsatnoma va tegishli vakolatli organlarning ijozatlari talab etiladi. Mazkur qoidalarga amal qilmagan holda o‘zboshimchalik bilan quduq burg‘ilash esa ma’muriy jazo choralariga sabab bo‘ladi.

Qonunchilikdagi yana bir muhim o‘zgarish yer uchastkalari uchun belgilangan to‘lov muddatlariga ham aloqadordir. Agar yer uchastkasini egallagan shaxslar belgilangan muddatlarda to‘lovlarni amalga oshirmasa, vakolatli idora tomonidan berilgan ogohlantirishdan so‘ng, 6 oy davomida qarzni bartaraf etishi kerak. Agar shu muddat davomida qarzdorlik bartaraf etilmasa, yer uchastkalariga bo‘lgan huquq bekor qilinadi va yer davlat fondiga qaytariladi.

Shuningdek, yerlarning kategoriyalari o‘zgartirilish tartibi ham qat’iylashtirildi. Sug‘oriladigan yerlarning boshqa toifalarga, jumladan sug‘orilmaydigan yerlarga yoki yer fondining boshqa kategoriyalariga o‘tkazilishiga aniq va qat’iy talablar o‘rnatildi. Bu yer resurslaridan samarali va tejamkorlik bilan foydalanishga qaratilgan muhim o‘zgarishdir.

Soliq kodeksiga kiritilgan qo‘shimcha talablar ham yer osti suvlaridan foydalanish tartibini nazorat qilishni yanada kuchaytirishi kutilmoqda. Endi yerosti suv manbalaridan suv sarfi nazorat va o‘lchash qurilmalarisiz olinsa, belgilangan soliq stavkalari 5 baravar oshirilgan miqdorda hisoblanadi.

Biroq mazkur qoidadan istisno holat ham belgilangan bo‘lib, jismoniy shaxslar shaxsiy ehtiyojlari va xo‘jalik maqsadlari uchun bir sutkada 5 kub metrdan ortiq bo‘lmagan suv olishida mazkur tartib tatbiq etilmaydi.

Mazkur o‘zgarishlar yer osti suvlaridan noqonuniy foydalanishni oldini olish, suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash, shuningdek, yer uchastkalaridan foydalanishda moliyaviy intizomni kuchaytirishga xizmat qiladi. Bu kabi chora-tadbirlar yer resurslari va suv manbalarini kelgusi avlodlarga sog‘lom holda yetkazib berishga xizmat qiladi, deb ta’kidlamoqda mutasaddilar.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Yer osti suvlaridan foydalanish tartibi o‘zgardi: quduq burg‘ilash va suv olish uchun yangi talablar belgilandi