date
views 175

Tibbiyotda inqilobiy yangilik: Tayvanlik jarrohlar donor yuragini urishdan to‘xtatmasdan ko‘chirdi

Tibbiyotda inqilobiy yangilik: Tayvanlik jarrohlar donor yuragini urishdan to‘xtatmasdan ko‘chirdi
Tayvan Milliy universiteti shifoxonasi (NTUH) dunyo tibbiyoti tarixida ilk bor donor yuragini bir soniyaga ham urishdan to‘xtatmagan holda ko‘chirib o‘tkazdi. Ushbu ulkan yutuq haqida Fox News telekanali xabar berdi.

Hozirgi kungacha donor yurak transplantatsiyasida asosan sovuqda saqlash usuli qo‘llanib kelinayotgan edi. Bu jarayonda donor organining qon aylanishi vaqtincha to‘xtatilib, yurak mushagiga kislorod yetib borishi qisqarib qoladi. Natijada a’zoning to‘qimalariga zarar yetish va organizm tomonidan rad etish xavfi oshadi.

Tayvanlik jarrohlar esa mazkur muammolarga butunlay barham beruvchi yangi innovatsion texnologiyani yaratishdi. Ularning ishlab chiqqan yangi tizimi portativ hayotni ta’minlash qurilmasi sifatida ishlaydi va donor yuragini kislorodga boy qon bilan uzluksiz ta’minlaydi. Bu tizim yurakni inson tanasidan tashqarida nasoslar, oksigenatorlar va maxsus rezervuarlar yordamida faol holda saqlab turadi.

Birinchi bunday operatsiya paytida donor yuragi, hali urishdan to‘xtamagan holda, maxsus jihozga ulangan ko‘yi operatsiya xonalari o‘rtasida ko‘chirildi. Yurakni qabul qilgan bemor 49 yoshli ayol bo‘lib, u dilatatsion kardiomiopatiya kasalligi bilan og‘rigan edi. Operatsiyadan keyin bemor tez orada sog‘ayishni boshladi va yurakning sog‘lig‘i uchun asosiy ko‘rsatkich hisoblangan fermentlar miqdori juda past darajani namoyon qildi. Bu esa operatsiyaning muvaffaqiyatli o‘tganidan dalolat beradi.

Avvalroq 2023 yilda AQSHdagi Stenford universiteti shu kabi transplantatsiyani amalga oshirgan bo‘lsa-da, ularning usulida yurak qisqa muddatga (10-30 daqiqa) ishemik holatga tushgan. Tayvanlik jarrohlarning usuli esa yurakning biror soniyaga ham urishdan to‘xtamasligini kafolatlaydi.

«Biz qo‘llagan usulda yurak nafaqat ko‘chirib o‘tkazishdan keyin, balki olinishidan oldin ham to‘xtovsiz urishda davom etdi. Umuman olganda, yurak hatto bir soniya ham to‘xtamadi», – deb ta’kidladi NTUH organ transplantatsiyasi bo‘limi rahbari doktor Chen Ix-Shurng.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, bu tibbiyot sohasida haqiqiy inqilob bo‘lib, endilikda yurak transplantatsiyasining xavfsizligi va samaradorligini sezilarli darajada oshirishi mumkin. Yangi texnologiya tibbiy dunyoda katta qiziqish uyg‘otib, donor organlarini ko‘chirish jarayonida ko‘plab inson hayotlarini saqlab qolish imkoniyatini yanada kengaytiradi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tibbiyotda inqilobiy yangilik: Tayvanlik jarrohlar donor yuragini urishdan to‘xtatmasdan ko‘chirdi