
Taniqli xonanda Dilfuza Ismoilova firibgarlik ortidan katta miqdorda zarar ko‘rgani haqida avvalroq xabar bergan edik. Ushbu noxush voqea yuzasidan ochilgan sud jarayoni o‘z nihoyasiga yetdi va aybdorga nisbatan sud hukmi o‘qildi.
Toshkent shahar sudlarining «Daryo» nashriga ma’lum qilishicha, sudlanuvchi M.J.dan xonanda Dilfuza Ismoilova foydasiga yetkazilgan zarar miqdori to‘liq undiriladigan bo‘ldi. Sud hukmiga ko‘ra, u xonandaga yetkazgan zarar sifatida 80 ming AQSH dollarini (hukm chiqarilgan kungi kurs bo‘yicha 1 milliard 35 million 848 ming so‘m) qoplab beradi.
Aniqlanishicha, sudlanuvchi nafaqat xonanda, balki boshqa bir nechta fuqarolarga ham firibgarlik orqali zarar yetkazgan. Ismoilovaning advokati Zebo Komilovaning ta’kidlashicha, aybdor avval boshda xonandaning tashkil qilgan “gap”ida ishtirok etgan va shunday yo‘l bilan uning ishonchiga kirgan.
Keyinroq u o‘zini xorijdan sitrus mevalarini olib kelib sotish bilan shug‘ullanuvchi muvaffaqiyatli tadbirkor sifatida tanishtirgan. U xonandaga har bir yuk mashinasidan 25-30 ming dollar atrofida foyda olayotganini aytgan. Bu gaplarga ishongan Dilfuza Ismoilova: “Men ham shu biznes bilan shug‘ullanmoqchiman, sarmoya qo‘yishga tayyorman”, deb uning taklifiga rozilik bergan va ular foydani teng bo‘lishga kelishgan. Ammo natijada xonanda firibgarning tuzog‘iga ilinib, katta zararga uchragan.
Ayblanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) hamda 228-moddasi 2-qismi “b” bandi (hujjatlarni qalbakilashtirish) bo‘yicha aybdor deb topildi va unga 6 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, shu kunlarda mashhur qiziqchi Shukrullo Isroilovning mashinasini olib qochgan shaxsga nisbatan ham sud hukmi o‘qildi. Qiziqchining o‘g‘li aybdorga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligini bildirgan bo‘lsa-da, sud uni 2 yil muddatga qamoq jazosiga hukm qildi.
O'zbekiston yangiliklari DilfuzaIsmoilovaToshkentShahriFiribgarlikZarariSudJarayoniO‘zbekistonRespublikasiZeboKomilova Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar