date
views 131

Xitoyda kutilmagan kuchli shamol sayyohlarning qayiqlarini ag‘darib yubordi: o‘n kishi halok bo‘ldi

Xitoyda kutilmagan kuchli shamol sayyohlarning qayiqlarini ag‘darib yubordi: o‘n kishi halok bo‘ldi
Xitoyning janubi-g‘arbidagi Guychjou provinsiyasida kutilmaganda paydo bo‘lgan kuchli shamol oqibatida daryo bo‘ylab sayr qilayotgan bir nechta sayyohlik qayiqlari ag‘darilib ketdi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar tarqatdi.

Ma’lum qilinishicha, 4 may kuni sodir bo‘lgan noxush voqea natijasida jami to‘rtta sayyohlik kemasi shamol zarbasiga dosh berolmay ag‘darilgan. Halokat vaqtida qayiqlarda 84 nafar sayyoh bo‘lgan va ularning barchasi suvga tushib ketgan.

Hodisa sababli, ayni paytgacha 10 kishi halok bo‘lganligi ma’lum qilindi. Oxirgi halok bo‘lgan sayyohning jasadi 5 may kuni qutqaruvchilar tomonidan suvdan chiqarib olingan. Qolgan sayyohlar esa favqulodda vaziyatlar bo‘yicha xizmat xodimlarining tezkor harakatlari natijasida xavfsiz holda qirg‘oqqa chiqarilgan.

Rasmiy manbalarning xabar qilishicha, suvdan chiqarilgan 70 nafar odam tibbiy muassasalarga murojaat qilgan. Hozirgi vaqtda ularning sog‘lig‘i xavf ostida emasligi aytilmoqda, barchaning ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda.

Mazkur qutqaruv amaliyotiga 500 ga yaqin maxsus tayyorgarlikka ega bo‘lgan professional qutqaruvchilar jalb etilgan. Ular maxsus uskunalar va qayiqlar yordamida tunu kun ishlarini olib borgan.

Xitoy prezidenti Si Jinping mazkur holat bo‘yicha zudlik bilan Guychjou provinsiyasi rahbariyatiga favqulodda vaziyat oqibatlarini tezroq bartaraf etish hamda jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun "barcha imkoniyatlarni ishga solish" haqida topshiriq bergan.

Shuningdek, davlat rahbari aholi gavjum bo‘ladigan jamoat joylari va attraksionlarda xavfsizlik choralarini kuchaytirish va bunday fojiali hodisalarning oldini olish maqsadida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasini belgilagan.

Ayni paytda, Guychjou provinsiyasi ma’muriyati hodisa bo‘yicha tekshiruv ishlarini boshlab yuborgan va fojia sabablarini aniqlash hamda mas’ullarni topish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Bu kabi fojialar kelgusida takrorlanmasligi uchun mutasaddilar tomonidan qo‘shimcha xavfsizlik choralari joriy etilishi ta’kidlandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoyda kutilmagan kuchli shamol sayyohlarning qayiqlarini ag‘darib yubordi: o‘n kishi halok bo‘ldi