date
views 384

Surxondaryoda kuchli gaz otilishi yuz berdi: aholiga xavf yo‘qligi aytilmoqda (video)

Surxondaryoda kuchli gaz otilishi yuz berdi: aholiga xavf yo‘qligi aytilmoqda (video)
Bugun, 5 may kuni tonggi soat oltilarda Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida joylashgan «Mustaqillikning 25 yilligi» konida kuchli bosim ostida gaz favvorasining otilishi kuzatildi. Voqea joyidan internet orqali tarqalgan foto va videolavhalarda favvora shaklida otilgan gazning yuqori bosimda bir necha o‘n metrgacha ko‘tarilganini ko‘rish mumkin.

Ushbu favqulodda holat haqida dastlabki rasmiy axborot voqeadan qariyb 8 soat o‘tib – soat 13:57 da berildi. Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 202-quduqda sodir bo‘lgan va favvora shaklida otilib chiqayotgan gaz tarkibida vodorod sulfid moddasi juda yuqori bo‘lgan.

Vazirlik axborotida ta’kidlanishicha, xavfli gazning atrof muhitga keng tarqalishining oldini olish uchun oqim nazorat ostida yoqib yuborilgan. Mutasaddilar hozirgi vaqtda vaziyat to‘liq nazoratga olingani, aholi yashash hududlari uchun hech qanday xavf yo‘qligi haqida xabar bermoqda.

Ayni paytda favqulodda vaziyatni bartaraf etish maqsadida hodisa hududi O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi va Ochiq neft va gaz favvoralarining oldini olish hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston harbiylashtirilgan qismi mutaxassislari tomonidan nazorat qilinmoqda. Hudud tegishli xizmatlar tomonidan o‘rab olingan va xavfsizlik choralari kuchaytirilgan holda amalga oshirilyapti.

Qayd etish joizki, ushbu quduqda avval ham shu kabi holat sodir bo‘lgan edi. Jumladan, joriy yilning 27 mart kuni ham 202-quduqda gaz otilishi kuzatilgan va o‘shanda ham favvora nazorat ostida yoqib yuborilgan edi.

22 aprel kuni esa ushbu quduqning o‘q qismi g‘ovlanib tushgani va kolonnaning chiqib ketishi natijasida favvorali chiqish to‘xtatilgan, ammo shu bilan birga sust gaz oqimi (grifon) kuzatila boshlagan edi. Hozirgi vaqtda sodir bo‘lgan avariyaning sabablarini o‘rganish va uni bartaraf qilish uchun xorijdan ham malakali mutaxassislar jalb qilingan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, favqulodda vaziyatning barcha ehtimoliy xavf-xatarlari o‘rganilmoqda va vaziyat to‘liq nazorat ostida saqlanmoqda. Mazkur hodisa natijasida yaqin atrofdagi aholi punktlari va aholi salomatligiga hech qanday zarar yetishi mumkin emasligi qayta-qayta urg‘ulanmoqda.

Ayni paytda voqea joyida favqulodda holatlarni bartaraf etish, vaziyatni nazorat qilish va oqibatlarni to‘liq oldini olish uchun barcha zarur chora-tadbirlar olib borilmoqda. Hodisa haqida yanada batafsil ma’lumotlar qo‘shimcha tarzda berilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Surxondaryoda kuchli gaz otilishi yuz berdi: aholiga xavf yo‘qligi aytilmoqda (video)