
O‘zbekistondagi avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida metan narxi keskin oshgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqalmoqda. Ta’kidlanishicha, metanning bir kub metri uchun narx 5200 so‘mgacha ko‘tarilgan va bu holat haydovchilar orasida jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.
Bu narx oshishining asosiy sababi sifatida 1 maydan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun yangi tariflarning joriy qilingani ko‘rsatilmoqda. Xususan, gaz to‘ldirish stansiyalari uchun tabiiy gaz narxi bir kub metrga 1800 so‘mdan 2500 so‘mgacha (38,9 foizga) oshirilgan.

Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan elektr va gaz tariflari o‘zgarishini bir oyga kechiktirish topshirig‘i berilgan edi. Unga ko‘ra, narxlar rejalashtirilgan 1 apreldan emas, balki 1 maydan oshirildi. Ushbu qaror aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingani aytilgandi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil sentyabr oyidagi hukumat qarori bilan 6 oy davomida metanning bir kub metri uchun maksimal narx 3250 so‘mdan oshib ketmasligi belgilangan edi. Ushbu muddat tugashi munosabati bilan 2024 yilning 1 aprelidan metanning yuqori chegara narxi 3350 so‘m etib belgilandi va imtiyozli davr yana ikki oyga uzaytirildi. 1 iyundan boshlab esa narxning eng yuqori chegarasi 3750 so‘m qilib belgilanib, uning amal qilish muddati 31 iyulgacha etib belgilangan edi.
Biroq amalda, respublika hududlarida metan gazi shu kungacha 3950-4250 so‘m oralig‘ida sotilayotgandi. Yangi tariflar esa narxlarning bundan ham yuqoriroq ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi.
Shu bilan birga, so‘nggi kunlarda propan narxi ham sezilarli darajada qimmatlashgan. Jumladan, birja savdolarida 18 aprel kuni propanning bir tonnasi 5 mln 244 ming so‘mdan sotilgan bo‘lsa, 29 aprel kuni bu ko‘rsatkich 6 mln 14 ming so‘mga yoki 14,7 foizga oshgani qayd etilmoqda.
Mazkur o‘zgarishlar fuqarolar va tadbirkorlarda turli savollar va e’tirozlar tug‘dirmoqda. Ayrim iqtisodchilarning fikricha, tariflarning keskin oshirilishi aholining kundalik hayotiga hamda mahsulot va xizmatlar narxiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu borada rasmiylar tomonidan aniq tushuntirish va qulayroq shart-sharoitlar yaratish talab qilinmoqda.
Metan NarxiGaz To‘ldirishElektr TariflariAholi Qo‘llabTadbirkorlar Qo‘llabIjtimoiy Tarmoqlar O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar