06:25 / 11.04.2023
1 848

Turkiyada Amir Temurni nega yomon ko‘rishadi?

Turkiyada Amir Temurni nega yomon ko‘rishadi?
1402 yilgi Anqara jangida ikki turk sultoni bir biriga yengish uchun maydonga tushadi. Shundan beri turkiyalik qardoshlarimiz Sohibqiron bobomizga nisbatan ozmi-ko‘pmi o‘pkalanib qolgan. Ammo ayrim tarixchilar borki, Amir Temurga nisbatan nafratining cheki chegarasi yo‘qday. Masalan, turklarning eng mashhur tarixchilaridan biri rahmatli Qodir Misro‘g‘li Sohibqironni kufrda ayblashgacha borgan.
 
Biroq bu hamma turklarning shunday fikrda degan ma’noga bormaydi. Amir Temur bobomizni buyuk turk davlat tuzuvchisi va mohir sarkarda sifatida tan olib, uning murakkab hayot yo‘lini ilmiy izlanishlar orqali hijjalab o‘rgangan va bu bo‘yicha alohida kitob yozgan tarixchilar ham oz emas. Shulardan biri Istanbul shahridagi Marmara universiteti professori Ahmad Shimshirgildir. U vaqtida o‘ziga ustozi qatori sanaladigan Qodir Misro‘g‘lining Sohibqiron haqidagi salbiy fikrlariga munosib raddiya ham bera olgan. Quyida professor Ahmad Shimshirgilning Amir Temur haqidagi maqolasini o‘qib, “Turkiyada Sohibqironga qarash”lar borasida yana ham yaxshiroq tushunchaga ega bo‘lishingiz mumkin.
***
1989 yil. Erzirum Otaturk universiteti Adabiyot fakultetining tarix bo‘limida birinchi kursda o‘qirdim. Taniqli tarixchilarimizdan biri Mehmet Oltoy Ko‘yman bizga dars berish uchun Anqaradan Arzirumga kelardi. Bir oylik darsni bizga bir haftada tushuntirib, yana ortiga qaytib ketardi. Ilk darsida aytgan bir gapi xotiramga abadiy muhrlanib qolgan.
 
“Allohdan faqatgina bir narsani so‘raydigan bo‘lsam, Temurning jannat yuzini ko‘rmasligini tilardim!”
 
Bu qanaqa niyat? Bu o‘ziga yomonlikni tilash emasmi? Tushunish judayam qiyin edi. Ammo o‘shanda maktablarimizda ongimizga “Cho‘loq Temur”, “Temurlang”, “Oqsoq Temur” degan tushunchalar nima sababdan singdirilganini anglab yetdim.
 
Ha, Sulton Boyazid Yildirim bilan bo‘lib o‘tgan Anqara jangi tufayli Amir Temur usmoniy tarixchilari tomonidan nohaq qoralangan va tanqidlar qilingan. Xayriyatki, Xoja Sa’duddin Afandi kabi keyingi davr tarixchilari uning shaxsiyatiga adolat bilan yondoshib, asl haqiqatlarni yuzaga chiqardilar.
 
Nima uchun asrlar davomida bizga Amir Temur haqida noto‘g‘ri ma’lumotlar berildi?
 
Aslini olganda, bizning avlodga noxolis tanishtirilgan faqatgina Amir Temur emasdi. Usmoniylarning tarixi haqqoniy o‘rgatilarmidi? Fotih Sulton Muhammad, Yovuz Sulton Salim, Sulton Sulaymon Qonuniy va Abdulhamidxon II kabi sultonlar ham tuhmatlar nishonidan qochib qutulolmadi.
 
Afsuski, Amir Temurga dushmanlik birgina Turkiyada emasdi. Barcha turk jumhuriyatlarida, hatto butun dunyoda uning shaxsiyatiga, tarixiga nisbatan yanglish va dushmancha munosabatda bo‘linmoqda edi.
 
Chor Rossiyaning bosqini va zulmi ostidagi turkiy davlatlarda Amir Temur vahshiy, qonxo‘r bir kishi sifatida talqin etildi. Rus tarixchilari va yozuvchilari o‘zlarining kitoblarida Amir Temurni yovuz va g‘addor deb tanishtirar, rus rassomlari ham chizgan portretlarida ataylab shunday siymoni tasvirlashga qattiq harakat qilardi.
 
1941 yili Stalinning buyrug‘i bilan Amir Temurga nisbatan judayam katta hurmatsizlik qilindi. O‘zbek xalqining yolvorishiga va ko‘z yoshlariga qaramay, uning qabri ochilib, suyaklari o‘rganish bahonasida Moskvaga olib ketildi. Bosh suyagi chanog‘i ustida antropologlar tadqiqot olib borar, boshqa tarafdan taxminiy qiyofasi tamsil etilayotgandi. Rassom va haykaltaroshlar uning tashqi ko‘rinishini qo‘rqinchli, vahshiy va yovvoyi ko‘rinishda talqin qildi. Taassuflar bo‘lsinkim, Turkiyada chop etilgan bir qancha tarixiy asarlar, romanlar va ensiklopediyalarda ham ayni shu rasmlardan foydalanildi. O‘sha davrlarda bunga o‘xshash pastkash munosabat buyuk turk arxitektori Me’mor Sinonga nisbatan ham sodir etildi va, ming afsuski, uning bosh chanog‘i haligacha topilgani yo‘q.
 
Sovetlarning bosqini faqat jismoniy emas, balki ruhiyatlarni, zehniyatlarni ham qamrab olgan, shu sababli buyuk turk jahongiri Sohibqiron Amir Temur hatto o‘z vatanida ham yetarlicha o‘rganilmadi. Uni o‘zbeklarning tarixi, madaniyati va an’analaridan uzoqlashtirishga harakat qilindi. Faqat 1991 yili, O‘zbekiston davlati mustaqillikka erishgandan keyingina Amir Temurning nomi, boy merosi, xotirasi va tarixiy shaxsiyatiga yangicha qarash boshlandi.
 
Albatta, oxirgi yuz yillarda taniqli va buyuk turk farzandlariga nisbatan qilingan dushmanliklarning oshkora va pinhona sabablari bor. Ammo hozir bu borada to‘xtalish mavridi emas. Zero, ushbu kitobni mutolaa qilgan kishi Amir Temurga nima sababdan bunchalar tuhmatlar bo‘lganini osonlikcha anglab oladi.
 
Tarixning ko‘z yumib bo‘lmas bir haqiqati borki, u ham bo‘lsa, Amir Temur dunyoning eng buyuk to‘rt jahongirlaridan biri ekanligidir. U hech bir jangida yengilmagan qo‘mondon edi.
 
Temur mo‘g‘ullar yakson etgan Turkiston dunyosini yangidan kuchli va farog‘atli o‘lkaga aylantirdi. Kultepaga aylantirilgan O‘rta Osiyo shaharlarini; Keshdan Samarqandga qadar, Buxorodan Termizgacha, bebaho obidalar bilan bezadi, sayqalladi. Borgan joyini madrasalar, masjidlar, ko‘priklar, karvonsaroylar, kanallar bilan obod qildi.
 
Sohibqiron bir davlat va bir millatning faqat ilm ahllari va kuchli avlodlar bilangina gullab-yashnashini yaxshi anglardi. Shuning uchun eng avvalo sayyidlarga, darveshlarga, olimlarga, shoirlarga alohida e’tibor qaratdi. Uning idorasidagi mamlakatni “ilm va hikmat yurti” desa, to‘g‘ri bo‘lardi.
 
Amir Kulol, Shamsiddin Kulol, Abu Bakr Toyobodiy, Mir Sayyid Baraka kabi shayxlar, Taftazoniy, Sayyid Sharif Jurjoniy, Qozizoda Rumiy kabi olimlar Amir Temur tuzgan buyuk mamlakatda yetuk avlodlar shakllanishiga sababchi bo‘ldilar.
 
Sohibqironning jang san’ati sir-sinoatlarini chuqur o‘zlashtirgan bir qancha nomdor qo‘mondonlari bor edi.
 
U o‘zidan solih avlodlar ham qoldirdi. Farzandi Shohruh Mirzo islomiyatga juda katta xizmat qildi. Hirotni poytaxt qilib, dunyoning markazlaridan biriga aylantirdi. Nabirasi Mirzo Ulug‘bek esa otasidan ham o‘tib, yulduzlarning harakatini o‘rgangan olim bo‘lib yetishdi.
 
Ne ajabkim, Amir Temur shakllantirgan oltin avlod davomchilari o‘laroq Ali Qushchi, Alisher Navoiy, Husayn Boyqaro va Bobur kabi kuchli olimlar, davlat arboblari, shoirlar, adiblar yetishib chiqdi. Ular o‘z navbatida islomning yuksalishiga, naqliy ilmlarning rivojlanishiga, turk tilining yanada jonlanishiga sabab bo‘ldi.
 
Amir Temurning eng hayratlanarli tamoyili barmog‘idagi uzugiga naqsh etilgandi. “Rosti rusti – kuch adolatdadir”, degan ibora bu buyuk turk jahongirining har bir ishda adolatli bo‘lishni shior qilib olganini, mana shu haqiqatga mos harakat qilganini va shuning uchun ham jumla-jahonni qo‘lga ola bilganini isbotlaydigan guvohnoma edi go‘yo. Farzandlariga ham doimo “Adolatli bo‘linglar!” deb nasihat qilardi.
 
Turkiylarning olamshumul mafkurasini ilgari surib, xuddi O‘g‘uzxon singari, “Alloh bir bo‘lgani kabi dunyoda ham bitta sulton bo‘lishi kerak! Dunyo ikki hukmdorga yetadigan darajada keng emas!” deya, butun insoniyat tarixi davomidagi eng katta turk davlatini barpo etishga muvaffaq bo‘ldi.
 
Xulosa shuki, Amir Temur o‘z mamlakatini qorong‘i jarlikdan chiqardi, zulmning qonli iskanjasidan xalos etdi. U o‘zaro bo‘linishning, hududiy tarqoqlikning mamlakatni qanday ko‘ylarga solishini yaxshi bilardi. Bu boradagi hayotiy tajribalarini “Temur tuzuklari” nomli bebaho asarida judayam mukammal tarzda ifoda etgan. Bu asar misolida Amir Temur kelajak avlodlarga, barcha davlat va jamoat rahbarlariga dars va dasturil amal bo‘lajak kitob yozib qoldirgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu asarni xalqaro aloqalar va siyosat ilmi maktablarida darslik sifatida o‘qitilishiga ham katta ehtiyoj bor aslida. Kitobning ayrim boblarini litseylarda yosh avlod ongiga singdira olsak, oltinga teng nasihat va o‘git bergan bo‘lamiz.
 
Rahmatli Boshbug‘ Alparslon Turkesh 1996 yili “Turkiy davlat va jamiyatlari do‘stlik, qardoshlik va hamkorlik vaqfi” tomonidan tashkil etilgan “Turkiston amiri Temurning turk va dunyo tarixidagi o‘rni” mavzusidagi konferensiyada Sohibqironning benazir yo‘lboshchi ekanligi haqida so‘z yuritib, jumladan, shunday degandi:
 
Amir Temur kabi buyuk jahongirni yetishtirib bergan millatga mansub ekanligimizdan g‘ururlanib, bu bilan faxrlanishimiz kerak. Uning asarlarini tadqiq qilishimiz lozim. Barcha turk ziyolilariga “Temur tuzuklari”ni o‘qib chiqishni tavsiya etaman. Olimlarimiz Amir Temurning tarixiy shaxsiyati hamda “Temur tuzuklari”ning ustida tadqiqot o‘tkazsalar, bundan ko‘p xulosa va ibrat oladilar”.
 
Hurmatli prezidentimiz Rajab Toyyib Erdog‘an ham 2016 yil 18 noyabr kuni Amir Temurning qabrini ziyorat qilgach, o‘z hayajonini shunday ifoda etgandi:
 
Bugun turk va islom dunyosining turli-tuman muammolarini ko‘rgan odamlar Amir Temur amalga oshirgan ishlarning naqadar ahamiyatli ekanini juda yaxshi his qilmoqdalar. U turk-islom olamining birligi va barobarligi dardu tashvishida kechalari uxlamagan, har qanday qiyinchilik va mashaqqatlardan qochmagan va jihod yo‘lida jon bergan buyuk sohibqiron edi. Bugungi kunda uning dasturlariga, tamoyillariga rioya etish uchun har qachongidan ham ko‘ra ko‘proq ehtiyojimiz bor”.
 
Tarixdan xabarsiz millatlar bo‘yin egishga, birovlarning etagini o‘pishga mahkumdir. Tarixni bilmaslik odamni o‘z  ota-bobolarining emas, begonalarning avlodi bo‘lishday qullikka yetaklaydi.
 
Temurning hayotidan olinajak shunaqa ko‘p ibratlar borki...
 
Ahmad Shimshirgil,
professor, doktor
Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat