00:28 / 18.04.2023
422

Qadr kechasining alomatlari

Qadr kechasining alomatlari
Bugun tunda yurtimiz musulmonlari yaxshi niyatlar ila qadr kechasini kutishga tadorik ko‘rmoqda. Garchi hadislarda “Qadr kechasini Ramazonning  oxirgi 10 kunligidan izlanglar”, deyilgan bo‘lsada, 27-tunni ko‘pchilik ulamolar bil-ittifoq qadr kechasi, deya naql qilishgan.
 
Sovet davrida, kommunistlar dinni yulib olish uchun harakat qilgan va Islomni turli afsona, irim va yolg‘on gaplarga burkab ko‘rsatishgan, xalq qalbidan islomi ilmlar ko‘tarilgan paytlarda Qadr kechasi haqida turli yolg‘on taxminlar ham mavjud bo‘lgan. Kimlardir “Laylatul-qadr - bu katta va chiroyli qush, shu kechada osmondan uchib o‘tadi, kim uni ko‘rib qolib,  yaxshi tilak bildirsa, amalga oshadi, agar biror narsani ushlasa oltinga aylanadi” deya e’tiqod qilishgan va shu tunda uxlamasdan o‘sha afsonaviy qush uchib o‘tishini kutishgan. Shukrki, botil tuzum ag‘darilib, yana o‘zligimizga qaytdik, qalblarimizga yana chin e’tiqod indi.
 
Ulamolar tunning Qadr kechasi ekanligini anglatuvchi bir necha alomatlarni keltirishgan. Jumladan, Qadr kechasi tongida quyosh ko‘z qamashtirmaydigan darajada yoqimli nur taratib chiqadi. Bu haqda Hasan ibn Ali roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallamning shunday so‘zlarini rivoyat qiladi: «Qadr kechasi oydin va yoqimli bo‘lib, na issiq, na sovuq bo‘ladi. U kecha tongida quyosh nurlari ko‘z qamashtirmas darajada chiqadi».
 
Nega Qadr kechasining aynan qaysi tunligi haqida ochiq xabarlar kelmagan? Bu tun yashirin ekanligining bir qancha hikmatlari bor:
 
1. Alloh taolo ba’zi narsalar qatorida Qadr kechasini ham yashirin qoldirdi. Bandalari barcha ibodatlarga rag‘bat qilishlari uchun Rizosini ibodatlarda, gunoh bo‘lgan barcha ishlardan saqlanishlari uchun g‘azabini ma’siyatlarda yashirdi. Insonlar tavbada bardavom bo‘lishlari uchun tavba qabulini pinhon tutgani, hamisha tayyor turishlari uchun o‘lim vaqtini bildirmaganidek, Ramazonning barcha kechalarini g‘animat bilsinlar, deya ushbu kechani yashirin qoldirdi.
 
2. Banda Qadr kechasining vaqtini aniq bilmagani uchun umid bilan Ramazonning barcha kechalarida bedor bo‘lishga g‘ayrat qiladi. Alloh taolo bunday bandalari bilan farishtalariga maqtanadi: «Sizlar, bandalarimni yer yuzida fasod qilib, qon to‘kishadi, der edingiz. Ammo, yashirilgan kecha uchun qanday g‘ayrat qilayotganliklarini ko‘ring! Agar men ularga Qadr kechasini aniq bildirganimda, ularning g‘ayratlari qay holatda bo‘lar edi?!» Bu holatda Baqara surasi 30-oyatidagi «Men sizlar bilmagan narsani bilaman», jumlasining hikmati  namoyon bo‘ladi.
 
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: «Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir» (Qadr, 3). Ming oy esa sakson uch yilga yaqin muddat. Bu vaqtni bir inson umri deyilsa, demak, yuqoridagi oyatni shunday tushunish mumkin: «Qadr kechasi bir umrdan yaxshiroq!» Mazkur o‘rinda aytish lozimki, Qadr kechasining qadrini 30 ming marta oshirgan manba Qur’oni karim va uning nozil bo‘la boshlaganidir.
 
Buning izohi esa shunday: «Ey inson! O‘zi nozil bo‘la boshlagan tunni 30 ming marta qimmatli etgan ushbu Kitob, oddiy inson Muhammad ibn Abdullohni olamlarga rahmat sifatida yuborilgan elchi qilgan, odatiy joylardan biri bo‘lgan Makkani muborak va qutlug‘ shaharga aylantirgan mazkur vahiy yuragingga, ongingga, turmushingga kirsa, zehningga singib borsa, bir kechasining barokati butun umrga yetgulik hayot baxsh etadi senga!»
 
Shu muborak kunlarda va Qadr kechasida qilayotgan duo va iltijolarimizni Alloh qabul aylansin!

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat